Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida yashovchi 56 yoshli erkak Rossiyaga ishlash uchun borib, u erda moddiy manfaat evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan. U sud qarori bilan uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi.


Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyati Jomboy tumani sudida Ukrainadagi urushda qatnashgan Oʻzbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish koʻrib chiqildi. Bu haqda «Zamon» dasturida xabar berildi.

Hujjatlarda keltirilishicha, sudlanuvchi 2023 yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida Oʻzbekiston fuqarosi boʻla turib, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi boʻlmasdan, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollangan.

Shu vaqt davomida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat oʻrtasida boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etishi uchun harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan.

«Sizlarga (urushda qatnashganlarga — tahr.) pasport beryapti deyishdi. Keyin bemalol yurasiz, xohlagan ishingizni qilasiz deb aytildi. Bunday taklif kimga yoqmaydi? Hech qaerda taqiqlarga uchramasligimizni bildirib, Oʻzbekiston fuqaroligi qolgan holatda harbiy guvohnoma berishdi», — deya taʻʻkidladi sudlanuvchi.

2023 yil oktyabrʻ oyida sodir boʻlgan turli hujumlar oqibatida yaralangan shaxs Oʻzbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya qurolli kuchlari safiga ishga kirgani boʻyicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani boʻyicha maʻʻlumotnoma hamda RF fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Engilroq jazo tayinlash) qoʻllangan holda uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo umumiy tartibli koloniyada oʻtalishi belgilandi

Mavzuga aloqador