19.09.2024 15:49

Turkistonda TDT Milliy xavfsizlik kengashlari raislari yigʻildi



Qozogʻistonning Turkiston shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Milliy Xavfsizlik Kengashi raislarining III yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

TDT bergan bayonotga koʻra, Turk dunyosining maʻʻnaviy poytaxti hisoblangan Turkiston shahrida oʻtkazilgan yigʻilishda Ozarbayjon Xavfsizlik Kengashi kotibi Ramil Usubov, Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdauletov, Qirgʻiziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulov, Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Seyfullah Hajimuftuoʻgʻli, Oʻzbekiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov va TDT bosh kotib oʻrinbosari Oʻmer Kojaman boshchiligidagi TDT kotibiyati ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar TDT mintaqasi va dunyoda mavjud xavfsizlik holati va dolzarb voqealarni muhokama qilgani bildirildi.

TDT mamlakatlariga qaratilgan xavfsizlik tahdidlari va xatarlarini, shuningdek, ayrim mintaqaviy va global oʻzgarishlarning turkiy mintaqaga ehtimoliy taʻʻsiri baholandi. Tomonlar, shuningdek, transport xavfsizligini taʻʻminlash va Oʻrta koridor boʻylab transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro axborot xavfsizligini taʻʻminlash masalalariga eʻʻtibor qaratdilar. 

Uchrashuv ishtirokchilari terrorizm va ekstremizm, noqonuniy qurol-yarogʻ va narkotrafik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʻʻkidladilar.

Bundan tashqari, tomonlar xavfsizlik sohasida mavjud hamkorlikni aniq loyiha va dasturlar bilan rivojlantirish uchun TDT doirasida mexanizmlarni mustahkamlash masalasini atroflicha muhokama qildilar.

Mavzuga aloqador