13.11.2024 09:56
TikTok uygʻur huquqlari haqidagi videolarni oʻchirishni boshladi
TikTok foydalanuvchilari ilovadagi uygʻurlar huquqlari buzilishiga oid videolar ommaviy ravishda oʻchirilgani haqida xabar berishni boshladi.
Jumladan, uygʻur talaba Nafisa Oʻgʻuz yaqinda Xitoydagi uygʻur genotsidi mavzusini muhokama qilgan videoni yuklagan edi. Videoda u taniqli turk siyosatchisi Dogʻu Perinjik bilan munozarada ishtirok etgan, biroq ertasi kuni video “jamiyat qoidalarini buzgani” uchun oʻchirib tashlangan.
Bundan tashqari, Xitoy siyosatini tanqid qiluvchi kontentlar ham olib tashlanmoqda.
Oʻzini hukumatdan mustaqil deb daʻʻvo qilganiga qaramay, TikTok Xitoy rasmiylari manfaatlari yoʻlida tsenzurani qoʻllab-quvvatlayotgani haqida xabarlar paydo boʻlmoqda. Platforma algoritmlari muxolifat qarashlarini yoʻqotish bilan birga, Xitoy hukumatini qoʻllab-quvvatlovchi maʻʻlumotlarning keng tarqalishiga yordam bermoqda. Uygʻur faollari sahifalarining bloklanishi va videolarining oʻchirilishi bunga yorqin misol boʻla oladi.
TikTok va Xitoy hukumati tsenzurasi
TikTok'da uygʻurlar huquqlari masalasidagi tsenzura bilan bogʻliq bir qancha eʻʻtiborga molik voqealar sodir boʻlgan.
Xitoy tsenzurasini tanqid qiluvchi videolarni bloklash (2020-2021)
2021 yilda TikTok Xitoy hukumati tomonidan uygʻurlar huquqlarini poymol etilayotgani tanqid qilingan videolarni oʻchirishni boshlagani noroziliklarga sabab boʻldi. Qizigʻi shundaki, kompaniya buni "moderatsiya xatosi" bilan izohlab, kechirim soʻradi. Biroq koʻplab foydalanuvchilar buni Xitoy hukumati tomonidan uyushtirilgan tsenzura natijasi deb daʻʻvo qilishdi.
Uygʻurlarni qayta tarbiyalash lageri video bilan bogʻliq voqea (2020)
2020 yilda Shinjondagi uygʻurlar uchun qurilgan qayta tarbiyalash lagerlari mavjudligi muhokama qilingan bir qancha videolar TikTokdan olib tashlandi. Ushbu videolarda foydalanuvchilar lagerlardagi shafqatsizlik, qiynoqlar va odamlarni uylaridan majburan olib chiqish haqidagi hikoyalarni boʻlishdi. Bu, shuningdek, Xitoy rasmiylarining TikTok'ka Xitoy imidjiga salbiy taʻʻsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʻʻlumotlar tarqalishining oldini olish uchun qilgan bosimi natijasidir.
Inson huquqlari tashkilotlari hisoboti (2021)
2021 yilda Human Rights Watch va Amnesty International kabi inson huquqlari tashkilotlari TikTokni inson huquqlariga oid kontentni, ayniqsa Shinjondagi vaziyatni bostirish orqali algoritmik tsenzura bilan shugʻullanishda aybladi. Oʻshanda avtomat ravishda platformadan #Uighur, #UighurGenocide yoki #Xinjiang kabi heshteglarni oʻz ichiga olgan kontentlar cheklangan yoki olib tashlangan.