Solixon domla Ortiqxoʻjaev mayda bezorilik va IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. U uyiga IIO xodimlari kelganida «terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman» deb shovqin qilib, oʻtib ketayotgan fuqarolarning tinchligini buzgani aytilmoqda.

2024 yil 30 mart Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudida Solixon domla taxallusi bilan tanilgan Solixon Ortiqxoʻjaev ustidan sud boʻlib oʻtdi, deya xabar qilmoqda Gazeta.uz.

Qayd etilishicha, 2024 yil 30 mart kuni Sergeli tumani IIO FMB xodimlari va DXX xodimlari jinoyatda gumon qilinib, qidiruvda boʻlgan fuqaro boʻyicha qidiruv ishlari olib borish davomida, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorga asosan Solixon Ortiqhoʻjaevning uyiga borgan.

Aniqlanishicha, u xodimlarga nisbatan samimiy boʻlmagan munosabatda boʻlib, baqir-chaqir qilib, baland ovozda «terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman» deb shovqin qilib, shu erdan oʻtib ketayotgan fuqarolarning tinchiligini buzgan. Shuningdek, IIO xodimlari tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan telefon apparatini taqdim qilish soʻralganida, ularga telefon apparatini taqdim etmasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud majlisida Solixon Ortiqxoʻjaev huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, lekin baqir-chaqir qilmaganini aytib suddan unga nisbatan engillik berishni soʻradi.

Telegram messenjeri orqali soʻroq qilingan guvoh F. Yu. sudda haqiqatdan ham 30 mart kuni hududdan oʻtib ketayotganida, baqir-chaqir ovozi eshitilganini, borganida Solixon Ortiqxoʻjaev baland ovozda baqirib hammani oʻziga jalb qilgani, uning shovqinini hamma eshitganini aytgan.

Sud Solixon Ortiqxoʻjaevga nisbatan Maʻʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topib, unga 15 sutka maʻʻmuriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, yaʻʻni 340 000 soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, saqlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun maʻʻmuriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, yaʻʻni 765 000 soʻm undirilishi belgilangan.

Mavzuga aloqador