Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat avvalida Javdat Yilmaz davlat rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, faol muloqotlar barcha darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar koʻpaymoqda.

Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, konchilik, oziq-ovqat, toʻqimachilik va boshqa ustuvor tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining boʻlajak navbatdagi yigʻilishi kun tartibini tayyorlash, eng avvalo, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirishga alohida eʻʻtibor qaratildi.

Turkiya vitse-prezidenti Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narboeva bilan alohida muzokaralar oʻtkazdi.

Mavzuga aloqador