11.01.2025 08:46
Oʻzbekiston prezidenti rasmiy tashrif bilan BAAda boʻladi
Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklariga Rasmiy Tashrif Buyuradi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 2025 yil 13-16 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan BAAda boʻladi.
Tashrif davomida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida qator uchrashuvlar va tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Prezident Mirziyoev Amirliklar poytaxtida Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama muzokaralar olib boradi. Shuningdek, mamlakatning etakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi va davlat rahbari "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammitida ishtirok etadi.
Dubay shahrida esa Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri va Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokaralar oʻtkazishi kutilmoqda.
Tashrif kun tartibida ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan masalalar muhokama qilinadi. Investitsiyalar, "yashil" energetika, raqamlashtirish, sunʻʻiy intellekt, innovatsion rivojlanish, infratuzilma va turizm sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida urgʻu beriladi. Madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish ham ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻladi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ham koʻrib chiqiladi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida keng koʻlamli hamkorlikka qaratilgan muhim kelishuvlar toʻplamini imzolash kutilmoqda.