08.11.2024 09:03

Sharqiy Turkistonda Qurʻʻon oʻrgatgan ayol uzoq muddatga qamaldi


Sharqiy Turkistonda 2014 yilgi voqealar ortidan qoʻshnilariga Qurʻʻoni karimni oʻrgatgan ayol 10 yil muddatga qamalgandi. Jazo muddati tugaganidan soʻng ozodlikka chiqqan ayol yana ushlanib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Xitoy hukumati 2014 yilda Sharqiy Turkistonda uygʻur ayol Hayrinisa Mametni “yoshlarga Qurʻʻon oʻrgatish orqali Xitoyni boʻlishga urinish” aybi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Bu jazoni oʻtab boʻlgach, shu yilning oʻrtalarida unga yana 14 yil qamoq jazosi berildi, deya maʻʻlum qildi Altruist News Telegram-kanali.
Yoshi 40 dan oshgan Mamet 2014 yil 22 may kuni Urumchidagi hujumlardan soʻng ommaviy hibsga olishlar vaqtida ushlangan. Hujumga aloqasi boʻlmagan Mametning “aybi” qoʻshnilar iltimosiga koʻra Qurʻʻon oʻrgatgan.
Ozodlikka chiqqanidan keyin Mamet yana hibsga olindi va qoʻshimcha muddatga hukm qilindi. Uning qishlogʻidan yana ikki kishi ham ozodlikka chiqqanidan keyin yana hibsga olingan.
Xitoy milliondan ortiq uygʻur musulmonlarini qayta tarbiyalash lagerlarida saqlamoqda. Mintaqada repressiya va assimilyatsiya (boshqa xalqlar bilan aralashtirib, bir qilib yuborish – Azon Global) choralari kuchaymoqda. Musulmonlar lagerlarda qiynoqqa solinib, shafqatsiz munosabatga duch kelishmoqda. Tarixiy masjidlar va islomiy binolar vayron qilinmoqda, qolganlari esa Kommunistik partiyaning tashviqot markazlariga aylantirilmoqda.
Namoz oʻqish, roʻza tutish, hijob oʻrash, soqol qoʻyish, Qurʻʻon tilovat qilish kabi islomiy odatlar cheklangan va man etilgan. Islomiy turmush tarzini olib boradigan odamlar taʻʻqib qilinadi, hibsga olinadi va lagerlarga yuboriladi.
Qatagʻondan qochgan koʻplab uygʻurlar dunyoning turli mamlakatlarida Xitoyga deportatsiya qilinishidan qoʻrqib yashamoqda. Xitoy hukumati ularni ortga qaytarish uchun oilalarini hibsga olyapti.

Mavzuga aloqador