17.10.2024 13:08

Qozogʻistondagi YTHda 6 nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi



Qozogʻistonning Mangʻistau viloyatida 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan Jac mikroavtobusi chegaradan oʻtish uchun navbatda turgan yuk mashinasiga borib urildi. Oqibatda 6 kishi, jumladan , 2 bola halok boʻldi, 4 yoʻlovchi shifoxonaga yotqizildi. Ularning barchasi Xorazm viloyatidan boʻlgan.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi 16 oktyabrʻ kuni Qozogʻistonda olti nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan yoʻl-transport hodisasi tafsilotlarini maʻʻlum qildi.

Qayd etilishicha, 16 oktyabrʻ kuni soat 07:30 da Beyneu — Tajen yoʻlida ichida 10 kishi boʻlgan Jac avtomobili ishtirokida YTH sodir boʻlgan. Avtomobilʻ chegaradan oʻtish uchun navbatda turgan yuk mashinasiga kelib urilgan. Natijada 6 kishi halok boʻlgan, qolgan toʻrt nafar yoʻlovchi Beyneu tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. Jabrlanganlarning ahvoli oʻrtacha ogʻir deb baholanmoqda.

TIV maʻʻlumotlariga koʻra, halok boʻlgan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

«Aqtaudagi bosh konsullik xodimlarimiz ularning qarindoshlari bilan bogʻlanishdi. Bugun ular Qozogʻistonga kelishadi. Yaqin kunlarda jasadlar Oʻzbekistonga olib kelinadi. Shifoxonada yotgan toʻrt nafar fuqaromizning ahvoli yaxshi, deb baholanmoqda. Ular shifoxonadan chiqqanlaridan keyin Oʻzbekistonga qaytadi. Bosh konsullik xodimlari mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda, muammolar yoʻq», — deyiladi xabarda.

Halok boʻlganlarning barchasi — uch erkak, bir ayol va ikki nafar bola Xorazm viloyatidan boʻlgan. Bir erkak, bir ayol va ikki bola kasalxonada.

Mavzuga aloqador