Qozogʻiston hukumati Rossiya qonunchiligini buzgan yoki jarima toʻlamagan Oʻzbekiston fuqarolarini hibsga olishni boshladi. Avvalroq TIV Qozogʻiston va Rossiya maʻʻmuriy va jinoiy ishlar boʻyicha qarorlarni oʻzaro tan olish va ijro etishga kelishib olgani haqida ogohlantirgan edi.

 

 

Qozogʻistonda soʻnggi vaqtlarda Rossiyada qonunni buzgan Oʻzbekiston fuqarolarining hibsga olinishi holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

8 may kuni Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Oʻzbekiston-Qozogʻiston yoki Rossiya-Qozogʻiston chegarasini kesib oʻtishda nafaqat Qozogʻiston, balki Rossiya hududiga kirishda ham hech qanday toʻsiq yoʻqligiga oldindan ishonch hosil qilish zarurligi haqida ogohlantirgandi. Sababi Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida maʻʻmuriy va jinoiy ishlar boʻyicha qarorlarni oʻzaro tan olish va ijro etish toʻgʻrisidagi shartnomalar imzolangan.

Shu sababli Qozogʻiston vakolatli organlari Rossiyaning migratsion va boshqa qonunlari buzilishi yoki toʻlanmagan jarimalar mavjudligini tekshirmoqda.

Agar Rossiya Federatsiyasida boʻlish davridagi qonunbuzarliklar yoki toʻlanmagan jarima aniqlansa, Qozogʻiston hukumati Oʻzbekiston fuqarosining Qozogʻistonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.

Agentlik maʻʻlumotlariga koʻra, hibsga olingan shaxslar Rossiya tomoni mazkur huquqbuzarliklar boʻyicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida saqlanmoqda.

«Shu munosabat bilan Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etib, Oʻzbekistonga kelgan yurtdoshlarimizga Qozogʻistonga bormaslik tavsiya qilinadi», — deyiladi agentlik xabarida.

Oʻz navbatida, TIV fuqarolarga Rossiya IIV Migratsiya masalalari boʻyicha bosh boshqarmasi veb-saytidan ushbu mamlakatga kirishga taqiq bor yoki yoʻqligini tekshirishni tavsiya qildi («Xizmatlar» boʻlimi).

Mavzuga aloqador