08.04.2025 11:10
211

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga etdi

2025 yil mart oyi yakuniga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 47,85 milliard dollarga etdi. Bu — statistika yuritila boshlanganidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir, deb xabar berdi Markaziy bank.


Fevralь oyiga nisbatan zaxiralar 2,91 milliard dollarga (+6,5%) oʻsdi. Oʻsish asosan oltin narxining jahon bozorida qimmatlashi orqali taъminlandi. Zaxiralardagi oltin miqdori 379 tonnadan 367 tonnaga kamaygan boʻlsa-da, uning qiymati 36,88 milliard dollarga etdi. Shu bilan birga, valyuta zaxiralari ham 10,42 milliard dollarni tashkil etdi.


Oltin narxi mart oyida 9,2% ga, yil boshidan beri esa 17,8% ga oshdi. Qimmatbaho metall AQShning savdo siyosati va global moliyaviy beqarorlik fonida eng daromadli aktivlardan biriga aylandi.


Markaziy bank taъkidlashicha, oltin-valyuta zaxiralari milliy iqtisodiyot barqarorligini taъminlash, tashqi qarz majburiyatlarini qoplash va valyuta xavflaridan himoya maqsadida foydalaniladi.

Mavzuga aloqador