25.01.2024 05:48

Oʻzbekistonda Ukrainadagi urushda qatnashmoqchi boʻlgan “Vagner” jangarisi qamaldi

Oʻzbekistonda Ukrainadagi urushga ketishni rejalashtirgan “Vagner” hususiy harbiy kompaniyasi jangarisi Aleksey Xamatxanov “Yollanish” moddasi boʻyicha aybdor deb topilib, 5 yil muddatga qamaldi.

Oʻzbekistonda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) jangarisi oʻzbekistonlik Aleksey Xamatxanov Jinoyat kodeksining 154-moddasi (“yollanish”) boʻyicha aybdor deb topilib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda uning onasi Tatʻyana “Readovka” Telegram-kanaliga maʻʻlum qilgan.

Qayd etilishicha, Aleksey Xamatxanov 2023 yilning bahorida Toshkentdan Moskvaga uchib boradi va tez orada “Vagner” XHK bilan shartnoma imzolaydi. Kompaniya qayta tashkil etilganidan soʻng u Saxarovadagi migratsiya markaziga yuboriladi.

Markazdalik vaqtida Xamatxanov Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, “ukrainalik neonatsistlar” bilan jang qilishga tayyorligini bildiradi. Avvaliga unga ijobiy javob beriladi, biroq keyinroq Oʻzbekistonga deportatsiya qilinadi.

Oʻzbekistonda esa noyabrʻ oyida qoʻlga olinadi va oradan ikki oy oʻtib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning oktyabrʻ oyi oxirida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1985 yilda tugʻilgan fuqaro, “Ozodlik” maʻʻlumotlariga koʻra, Ilʻdar Xayrulin 2014−2015 yillarda Ukrainada oʻzini oʻzi mustaqil deb eʻʻlon qilgan DXR tomonida jang qilgani uchun besh yilga qamalgan edi.

Maʻʻlumot uchun, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga muvofiq, yollanish, yaʻʻni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni koʻzlab, oʻzga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli toʻqnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar 5 yildan 10 yilgacha muddatga qamalishi koʻzda tutilgan.

 

Mavzuga aloqador