22.09.2025 08:45
261

Oʻzbekistonda toʻy, maъraka va oilaviy tadbirlar qatъiy nazoratga olinadi



Oʻzbekistonda “Oqilona isteъmol” (Save food) dasturini amalga oshirish doirasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maъraka va marosimlar belgilangan tartibda oʻtkazilishi qatъiy nazoratga olinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 16 sentyabrdagi 589-son qarorida belgilandi (https://lex.uz/ru/pdfs/7730458).

Hujjatga koʻra, 2026—2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb eъlon qilinadi. Bunda aholi ehtiyojiga etarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari koʻriladi.

Qaror bilan “Oqilona isteъmol” dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda, jumladan toʻylar, oilaviy tantanalar, maъraka va marosimlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining va Senat kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan Toʻylar, oilaviy tantanalar, maъraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida oʻtkazilishi taъminlanadi.

Nizomda oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi mumkinligi belgilangandi. Qoʻshaloq toʻy-hashamlarda ham 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida esa 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkinligi belgilangan.

Milliy anъanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qoʻshimcha rasm-rusumlarni (“kuyov navkari”, “chorlar”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻliq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) oʻtkazish man etilgan.

Mavzuga aloqador