19.12.2024 09:35
Oʻzbekiston Afgʻonistonga 2025 yilda ham elektr energiyasi etkazib beradi
Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida elektr energiyasi etkazib berish boʻyicha kelishuv 2025 yilgacha uzaytirildi. Bu haqda Afghanistan Breshna Shirkat (DABS) kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu haftada Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻonistonga tashrif buyurib, DABS bosh direktori Abdul Bari Umar bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv yakunida «Oʻzenergosotish» va DABS kompaniyalari oʻrtasida 2025 yil uchun elektr energiyasini sotib olish shartnomasi imzolandi.
Shuningdek, 500 kV elektr uzatish liniyasini qurish boʻyicha texnik muhokamalar oʻtkazildi. Ushbu liniya Surxondan Puli-Xumrigacha, keyin esa Kobulga etib boradi.
Loyihaga koʻra, elektr uzatish tarmogʻi umumiy uzunligi 245,6 km.ni tashkil qiladi. Afgʻonistonga yiliga 6 milliard kVt/soat elektr energiyasi etkazib beriladi. Loyiha qiymati 100,1 million dollarga baholangan.
TOLO News maʻʻlumotiga koʻra, Afgʻoniston elektr energiyasining 80 foizini Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan import qiladi. Tolibon hukumati elektr energiyasi boʻyicha Turkmaniston va Tojikiston bilan ham shartnoma imzolagan.
Eslatib oʻtamiz, 2022 yil dekabrʻ oyida ham Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida 2024 yilgacha elektr energiyasi etkazib berish boʻyicha kelishuv tuzilgan edi.