02.07.2024 07:52
Ostona ShHT sammitiga tayyor. Unda davlat rahbarlari nimani muhokama qiladi?
Qozogʻistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik yakunlandi. Sammit 3-4 iyulʻ kunlari Ostona shahrida ShHT+ formatida 16 davlat rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtadi.
Sammitda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon ham qatnashadi. Bundan tashqari tadbirda Belarusʻ, Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Qatar, BAA va Turkmaniston rahbarlari ham kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.
Shuningdek, Ostonaga BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, KXShT, Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha Islom tashkiloti, MDH, Evrosiyo iqtisodiy komissiyasi kabi xalqaro tashkilot vakillari ham kelishi kutilmoqda.
“Koʻp tomonlama muloqotni mustahkamlash: barqaror tinchlik va taraqqiyotga intilish” shiori ostida oʻtadigan sammitning asosiy kun tartibi dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda ShHT rolini kuchaytirishdan iborat boʻladi.
Rahbarlar barqarorlikni taʻʻminlash uchun birinchi navbatda xalqaro savdo va iqtisodiyotga eʻʻtibor qaratish niyatida. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, infratuzilma, energetika, ekologiya, sogʻliqni saqlash, turizm, taʻʻlim, raqamlashtirish, transport va logistika masalalari ham muhokama qilinadi.
Sammit yakunlari boʻyicha turli sohalarga oid 20 dan ortiq hujjatlar, jumladan, ShHTning dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar boʻyicha pozitsiyasi va istiqbolli tadqiqotlari oʻz ifodasini topgan Ostona deklaratsiyasi, shuningdek, “2035 yilga qadar ShHTning rivojlanish strategiyasi” va “2030 yilgacha ShHTning energetika hamkorligini rivojlantirish strategiyasi” qabul qilinadi.
Sammit kun tartibidagi muhim mavzulardan biri ham terrorizmga qarshi kurash mavzusi boʻladi. Tadbirda “2025-2027 yillarga moʻljallangan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturi” va “ShHTning 2024-2029 yillarga moʻljallangan narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi” muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, yigʻilishda Belarusning ShHTga toʻlaqonli aʻʻzoligi boʻyicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu sammitdan soʻng ShHTga raislik Xitoyga oʻtadi.