07.03.2025 18:00
365

Oʻqituvchilari masjid oldida turgan Oʻzbekiston: yana muallimning vazifasi oʻzgardimi?


Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani xalq taъlimi boʻlimi (XTB) maъnaviyatchi metodisti Gulchehra Usmanova Hikmatullaevnaning oʻqituvchilarga bergan topshirigʻi audiosi tarqaldi. Unda metodist tumandagi maktablar direktori oʻrinbosarlariga masjidga chiqqan oʻquvchilarning rasmi va u oʻqiyotgan maktab raqamini tashlab berishini soʻragan. 

"... shunaqa tartibda soʻrashvotti. Hamma yuz foiz tashaberiyla", degan u oʻz murojaatida.

Bundan tashqari, XTB maъnaviyatchisi direktor oʻrinbosarlariga maktablardan ajratilgan "masъullar"ning masjidga borib, huquq tartibot idoralari xodimlariga uchrashishini, oʻsha erdagi faoliyatini "dumaloq video" shaklida yuborishini vazifa qilib bergan. Bunga ham metodist yuqoridagilarning unga tez-tez qoʻngʻiroq qilib, talab qilishayotganini sabab qilib keltirgan.         

Oldinroq vatandoshlarimiz oʻzlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida kuch ishlatar tizim vakillariga qoʻshilib, 50 ga yaqin oʻqituvchilar ham masjidlar oldida ixtiyoriy-majburiy ravishda postda turgani, ular Allohning baytiga kelayotgan oʻquvchilarni rasmga olib, ortiga qaytarayotgani haqida yozgandi. 

"Ramazon boshlanishidan ikki kun avval barcha maktablardagi bolalar orqali ota-onalarga xat joʻnatildi. Xatda "Bolalarni noqonuniy diniy taъlim olishi javobgarlikka sabab boʻlishi", aytilgan edi. 

Ikki kun oʻtib Ramazonni ilk kuni domlalar "bolalarni masjidga olib kelmang", deb vaъz oʻqiy boshladi. 18 yoshga toʻlmaganlarni masjidga qoʻymay, xat orqali ota-onalar ogohlantirilganini, bolalar masjidga kiritilmasligini aytdi. Hojat ushatib qoʻyadigan bolalargina emas, mukallaf boʻlgan, kap-katta 15-16 yoshli oʻsmirlar ham masjiddan quvildi", deb yozadi oʻzbekistonlik faollardan biri.

U hukumat ochiqchasiga din va dindorlar bilan kurashayotganini, koʻchalarda besamar yurgan, playsteyshnlarda, kompьyuterxonalarda yoki tungi klublarda hayotini oʻtkazayotganlar qolib, din va diyonatli yoshlarga qarshi kurash boshlandi deb yozganlar ham boʻldi. 

Jamshid Bobobekov ismli yurtdoshimiz esa feysbukdagi sahifasida oʻzi boshidan oʻtkazgan voqeani ulashdi. U Ramazonda namoz oʻqish uchun borgan masjidning barcha eshiklariga qulf osilgani asosiy darvoza oldida esa oʻnlab oʻqituvchilar tizib qoʻyilganini maъlum qilgan.

"Xullas, chalgʻib ketdim. Oʻttizga yaqin organ xodimi atrofda turibdi. Bolalarni kirgizmaslik bilan esa asosan oʻqituvchilar shugʻullanyapti. Koʻrsangiz juda kulguli va achinarli manzara. Muammo chiqsa keyin organ xodimlari aralashyapti", deb yozadi u oʻz sahifasida. 

"Organ xodimi bilan ham gaplashdim", deb yozadi vatandoshimiz. 

"Besh-olti yil qoʻyib berdik Hech qanday bosim qilmadik. Ishimiz boʻlmadi. Buyruq boʻlmasa, sovuqni kunida bizga ham zarurmi?", dedi u. 

Chindan achinarli manzara: otasiga qoʻshilib, Ramazon ayyomini oʻzgacha ruhda oʻtkazaman deb kelgan bolaning eъtiqod erkinligini organ xodimiga qoʻshilib millat tarbiyachisi boʻlgan muallimlar ham toptab oʻtirsa-ya. Hatto koʻplab gʻayridinlarning yurtida ham uchramaydigan holat, aholisining katta qismi musulmon boʻlgan davlatda yuqoridan kelgan buyruq asosida joriy etilsa. Bu qanday koʻrgulik boʻldi?

Davlat hokimiyatiga oʻrnashib olgan baъzi kattakonlarning bu harakati nafaqat musulmonchilikka, balki oʻzlari bosh boʻlib ishlab chiqqan qonunlarga ham ziddir.

Ayniqsa Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchilar paxta terishdan, koʻcha supirishdan ozod etildi deb koʻksimizga urib maqtanib tursak-da, bu yoqda XTB xodimlari vositasida muallimlarni masjiddan yoshlarni toʻsuvchi odamlarga aylantirib qoʻysak, buni qanday tushinish mumkin?! Aqlini tanigan qaysi oʻquvchi, ertaga oʻzini masjiddan quvgan ustozini hurmat qilib, uning pand-nasihatlarini olishi mumkin. Bu yogʻini oʻylab koʻryapmizmi? Yoki yana farzandlarimizni ongli ravishda ongsizlashtirish yoʻlidan borib, shundoq ham xasta boʻlgan taъlimni oʻldirishga chogʻlandikmi?

Mavzuga aloqador