20.12.2024 14:19

Namanganda xizmat xonasida qimor oʻyini tashkil qilgan maktab direktori ishdan olindi

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 8-maktab direktori oʻz xizmat xonasida qimor oʻyini tashkil qilgani uchun ishdan olindi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab taʻʻlimi boshqarmasi axborot xizmati maʻʻlum qildi.

Tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari oʻtkazgan reyd vaqtida maktab direktori xizmat xonasida sheriklari bilan qimor oʻynayotgan paytda qoʻlga tushgan.

Boshqarma xabarida taʻʻkidlanishicha, direktor tashkilotning ichki mehnat tartib qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan. Shu sababli, u bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bir tomonlama bekor qilingan.

Mazkur holat boʻyicha Chortoq tumani Ichki ishlar boʻlimi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, maktablarda taʻʻlim va tarbiya jarayoniga oid qoidalarni buzish holatlari jamoatchilik tomonidan qattiq nazorat qilinadi va bunday holatlar jiddiy choralar koʻrishga olib keladi.