18.08.2025 18:01
84
Namanganda ham bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotganlar ushlandi
DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Namanganning turli hududlarida noqonuniy diniy saboq berish bilan bogʻliq oltita holat aniqlangan.
Xususan, Namangan shahrining Baliqchi koʻchasida istiqomat qiluvchi 30 yoshli fuqaro koʻp qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq berib kelgan boʻlsa, "Maъrifat" mahallasida yashovchi 51 yoshli ayol oʻz xonadonida 14 nafar voyaga etmagan bolaga Qurъonni oʻrgatayotgani maъlum boʻlgan.
Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa 42 yoshli shaxs "Mehnatobod" mahallasidagi uyida 10 nafar voyaga etmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy taъlim berib kelgan.
Ayni shu kabi holat Uychi tumanining "Mashad" mahallasida ham kuzatilgan.
Taъkidlanishicha, bunday qonunbuzarliklar Toʻraqoʻrgʻon va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 50 va 44 yoshli 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda hamon 18 yoshdan kichik bolalarning diniy taъlim olishi uchun hech qanday qonuniy yoʻl mavjud emas.