03.10.2024 14:31

Gʻalla blokadasi: Rossiya va Qozogʻiston mojaro yoqasida

Rossiya fitosanitar sabablarga koʻra Qozogʻistondan don, pomidor, qalampir va kungaboqar urugʻlari tranziti va importini toʻxtatdi. Ayrim ekspertlarning fikricha, Rossiyaning Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importini taqiqlashi Qozogʻiston tomonidan rus gʻallasiga qoʻyilgan taqiqga javob boʻlishi mumkin.

Rossiya fitosanitariya qoidabuzarliklarini bahona qilib, 23 sentyabrdan boshlab Qozogʻiston gʻallasi va boshqa bir qator qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi va tranzitini amalda toʻsib qoʻydi, deya xabar bermoqda TRT.

Rosselxoznadzor bayonotida aytilishicha, uning tizimlari Qozogʻiston don, pomidor, qalampir va kungaboqar urugʻlari uchun fitosanitariya sertifikatlarini berishni avtomatik ravishda bloklay boshlagan. Ushbu sertifikatlar chegarani kesib oʻtish uchun talab qilinadi va ularning yoʻqligi etkazib berish imkonini yoʻqqa chiqaradi.

Rossiya tomoni oʻz qarorini Qozogʻiston mahsulotlarida zararkunandalar va patogen bakteriyalarni aniqlash holatlari koʻpayib borayotgani bilan izohladi. Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ermek Kenjexanuli Rosselxoznadzordan murojaat kelib tushganini tasdiqladi, biroq Qozogʻiston tomoni qonunbuzarliklar boʻyicha aniq dalillar olmaganini taʻʻkidladi.

Javob xatida Rosselxoznadzordan bizga aniqlangan qonunbuzarliklar haqida tasdiqlovchi faktlarni taqdim etishni soʻradik. Ushbu dalillar bizga qoidabuzarliklar haqiqatda sodir boʻlganiga ishonch hosil qilish uchun kerak. Aniqlangan laboratoriya tekshiruvlari va bu ishlar natijalari boʻyicha tegishli hisobotlarni soʻradik”, — dedi Kenjexanuli.

Rossiya qoʻygan taqiq muhokamalar toʻlqiniga sabab boʻldi, ayniqsa Qozogʻiston avvalroq, 21 avgustdan Rossiya bugʻdoyini olib kirishga toʻliq taqiq joriy etgani fonida. Joriy yilda Qozogʻiston gʻalladan rekord darajadagi 27,7 million tonna hosil olishni kutmoqda, shundan 9 million tonnaga yaqini eksportga moʻljallangan. Rossiya bugʻdoyini import qilish oʻtgan yilgi zaxiralar fonida ichki bozorni himoya qilish maqsadida taqiqlangan.

Ayrim ekspertlarning fikricha, Rossiyaning Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importini taqiqlashi Qozogʻiston tomonidan qoʻyilgan taqiqga javob boʻlishi mumkin.

Avvalroq Qozogʻiston don ishlab chiqaruvchilari rossiyalik eksportchilarni Qozogʻiston soliqlarini toʻlamay, keyinchalik Markaziy Osiyo va Afgʻonistonga qayta eksport qilish uchun Qozogʻistonga noqonuniy ravishda don etkazib berishda ayblagan edi. Rossiya donining noqonuniy etkazib berilishi, donni qayta ishlash sanoati vakillarining fikricha, Qozogʻiston iqtisodiyoti uchun jiddiy muammoga aylangan.