19.12.2024 11:41
Chexiya senati Qrim tatarlari koʻchirilishini genotsid deb tan oldi
Chexiya parlamentining yuqori palatasi, senat, 1944 yilda Qrim tatarlarining Sovet hukumati tomonidan deportatsiya qilinishi va oʻldirilishini genotsid sifatida tan oldi. Bu qaror Qrim tatarlarining tarixiy adolat uchun olib borayotgan koʻp yillik kurashida muhim qadam boʻldi.
1944 yil 11 mayda Iosif Stalin "Qrim tatarlarini Qrimdan koʻchirish toʻgʻrisida"gi farmonni imzolagandi. Qrim tatarlari "fashistlarning hamkorlari" sifatida tamgʻalanib, 18 may kuni ommaviy deportatsiya boshlandi. Uch kun davomida 200 mingga yaqin Qrim tatari oʻz vatanidagi uylaridan majburan koʻchirilib, Oʻrta Osiyo va Rossiyaning turli hududlariga joʻnatildi.
Qrim tatarlari milliy harakati maʻʻlumotlariga koʻra, koʻchirilganlarning 46,2 foizi yoʻlda, hamda borgan joylarida ochlik va kasalliklar sababli halok boʻldi. Musibatga duchor boʻlganlar orasida asosan ayollar, bolalar va qariyalar bor edi.
Chexiya senatidan oldin Ukraina, Latviya, Litva, Kanada, Polʻsha va Estoniya kabi davlatlar Qrim tatarlari deportatsiyasini genotsid sifatida tan olgan edilar. Bu qarorlar xalqaro miqyosda ushbu xalqning qatagʻonlardan aziyat chekkanini tan olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1989 yilda SSSR Oliy Kengashi Qrim tatarlarini deportatsiya qilish harakatini noqonuniy va jinoiy deb eʻʻlon qilgandi. Bunga qaramay, 2014 yilda Rossiya Qrim yarim orolini anneksiya qilganidan soʻng, Qrim tatarlariga nisbatan bosimlar yanada kuchaydi.
2024 yilning 18 may kuni Qrim tatarlarining deportatsiya qilinganiga 80 yil toʻldi. Bu sanani nishonlash uchun Germaniyada yirik xotira mitingi oʻtkazildi, u erda qrim-tatar faoli Elvis Cholpux Germaniyani majburiy koʻchirilishni genotsid sifatida rasman tan olishga chaqirdi.
Chexiya senatining qarorini boshqa davlatlar ham qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda. Bu harakat Qrim tatarlari uchun adolat oʻrnatish va ularning aziyatli tarixini dunyoga tanitish yoʻlida muhim qadam boʻlishi mumkin.