13.05.2025 10:23
64
Britaniya sobiq maxsus kuchlari Iroq va Afgʻonistondagi qotilliklaridan soʻz ochdi
Britaniyaning sobiq maxsus kuchlari xodimlari – SAS va SBS aъzolari ilk bor BBC bilan ochiq suhbatda Iroq va Afgʻonistondagi harbiy jinoyatlari toʻgʻrisida aytib berdi. Ularga koʻra, ingliz harbiylari ushbu mamlakatlarda tinch aholini, shu jumladan bolalarni otib oʻldirish, kishanlangan mahbuslarni muntazam qatl etish va odamlarni uxlayotgan joyida portlatib yuborish kabi vahshiyliklarga qoʻl urishgan.
Sobiq harbiylar bu qotilliklar ular uchun "odatiy ish"ga aylanganini, maxsus boʻlinmalar ichida esa "psixopatiya" hukm surganini tan olgan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, zobitlar ham bu jinoyatlardan xabardor boʻlgan va ularni yashirishga yordam bergan.
Britaniya Mudofaa vazirligi bu holat yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi, jamoatchilik tekshiruvi olib borilayotganini maъlum qildi. Nashr maъlumotlariga koʻra, Afgʻoniston hukumati tinch aholining britan maxsus kuchlari tomonidan ommaviy ravishda oʻldirilgani haqida sobiq bosh vazir Devid Kemeronni ogohlantirgan, ammo u hech qanday chora koʻrmagan.