14.12.2024 14:54
Boshqirdiston Ukrainadagi urushda eng koʻp yoʻqotishlarga uchragan hudud boʻldi
Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanganidan buyon Boshqirdiston eng katta yoʻqotishlarga duch keldi. BBC rus xizmati va "Mediazona" tomonidan ochiq manbalarga asoslanib oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, ushbu urushda jami 83 ming 338 nafar rossiyalik harbiy halok boʻlgan, shundan 3487 nafari boshqirdistonlikdir.
Boshqirdistonda halok boʻlganlarning katta qismi, yaʻʻni, 38 foizi frontga koʻngilli sifatida yoʻl olgan. Bu koʻrsatkich Rossiya boʻyicha oʻrtacha miqdordan (22%) qariyb ikki barobarga koʻproq. Ular orasida safarbar qilinganlar ulushi 14 foizni, mahbuslar esa 18 foizni tashkil etadi.
Oʻlganlar orasida koʻpchilik qishloq aholisi boʻlib, atigi 19 foizgina 100 mingdan ortiq aholiga ega shaharlarda yashagan. Birgina Itkulovo qishlogʻidan (aholisi 900 kishi) 27 kishi mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan.
Qurbonlar orasida eng yoshi 23 yoshli Aysuvak Xasanov boʻlsa, eng keksa ishtirokchi – 60 yoshli Rim Maxmutov – avgustdan beri bedarak ketgan.
Tahlilchilar fikricha, bunday katta yoʻqotishlar Boshqirdiston aholisining koʻpchiligi qishloqlarda istiqomat qilishi va iqtisodiy imkoniyatlari cheklanganligiga bogʻliq. Shu bois koʻpchilik armiyani oʻzining daromad manbai sifatida koʻrgan.
Ayni paytda respublikada koʻngillilarni urushga jalb qilish uchun kuchli targʻibot olib borilgan. Bu koʻrsatkichlar Rossiyada urushning ogʻir oqibatlari mintaqalarda qanday aks etganini koʻrsatadi.