02.11.2024 09:47

Avtobus salonini erkak va ayollar uchun ajratgan samarqandlik haydovchi jazolandi

Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar qismiga ajratgan haydovchi intizomiy jazoga tortildi. U «yoʻlovchilarning erkin harakatlanishini cheklagan»likda ayblangan.

Samarqandda avtobus saloniga «Ayollar oldinda, erkaklar orqada» degan yozuvni yopishtirib qoʻygan haydovchi A.R. intizomiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Samarqand viloyati transport boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 22-yoʻnalish avtobusida osilgan plakat «yoʻlovchilarning erkin harakatlanishini cheklagan». Tashkilot tomonidan chop etilgan fotosuratda plakat rasmiy shaxslar ishtirokida yirtilgani koʻrinadi.

Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yoʻnalishga xizmat koʻrsatuvchi «Dilshodtransservis» korxonasi haydovchilari bilan suhbat oʻtkazildi. Haydovchilarning vazifalari va ularga qoʻyiladigan talablar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Yoʻl harakati qoidalariga soʻzsiz rioya qilish, yoʻlovchilar hayoti uchun xavfli vaziyatlardan qochish, ular bilan xushmuomalalik bilan muloqot qilish va boshqalar shular jumlasidan.

Muhokama chogʻida koʻp yillik tajribaga ega haydovchilar yosh hamkasblariga oʻz maslahatlarini berdi, deyiladi boshqarma xabarida.

Haydovchi qanday jazoga tortilganiga aniqlik kiritilmagan.

Mavzuga aloqador