11.11.2024 12:03
«Aralashganimizda ishni oxiriga etkazardik». Ramzan Qodirov Oʻzbekistonga poʻpisa qilyaptimi?
2024 yil 26 oktyabrʻ kuni Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning mashinasi oʻqqa tutilgani haqidagi dastlabki xabarlar paydo boʻldi.
Bosh prokuratura Qibray tumanida “Range Rover” rusumli avtomashinaga bir necha marotaba oʻq uzilgani, hodisada hech kim jabrlanmaganini maʻʻlum qildi. Biroq ushbu xabarda Komil Allamjonovning nomi tilga olinmadi.
Oradan bir kun oʻtib, tarmoqlarda bir video paydo boʻldi.
"Ozodlik" oʻz manbalariga tayanib, videodagi oq koʻylakli yigitning Shohruh Ahmedov ekanini, u 2021 yilda Turkiyada Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tanqidchilariga qarshi uyushtirilgan shov-shuvli suiqasd rejasiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingani va etti oy qamoqda oʻtirganini maʻʻlum qildi. Qayd etilishicha, turk matbuotida “rus josuslari mojarosi” deb atalgan ushbu hodisada Ahmedov bilan birga etti nafar chechenlar ham ayblangan.
Ushbu maʻʻlumotlar sizib chiqishi barobarida tarmoqlarning oʻzbek segmentida “Qibraydagi suiqasdni Allamjonovning oʻzi qilgan”i haqidagi iddaolar tarqalayotgan edi. Kutilmaganda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning shaxsan oʻzi Allamjonovning mashinasi oʻqqa tutilishida "chechenlarning qoʻli yoʻqligi"ni aytib chiqdi.
"Oʻzbekistonda bir necha hafta oldin mamlakat prezidenti maʻʻmuriyatining sobiq xodimi ketayotgan mashinaga qarata oʻq uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq natijalarni kutmasdan, mamlakatdagi gʻarbparast va baʻʻzi muxolifat OAVlari "chechen izi" haqidagi versiyani chiqarib tashlashdi va keyin bu izni menga bogʻlashdi", deyiladi Qodirovning ijtimoiy tarmoqdagi postida.
Eʻʻtiborlisi, bunday provokatsion narsalarga javob bermasligini aytgan Qodirov "agar u haqiqatan ham biror narsani rejalashtirsa, ishini oxirigacha va 100% natija bilan qilishi"ni iddao ham qilgan.
Checheniston rahbarining "bunday ishlarga aralashmasligi, aralashgan taqdirda oxiri yomon boʻlishi" haqidagi tahdidli soʻzlari shundoq ham Oʻzbekiston ichki ishlariga aralashayotgan rossiyalik amaldorlar xatti-harakatining davomiga oʻxshab qoldi. Esingizda boʻlsa, oldinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova oʻzbekistonlik rus tili oʻqituvchisiga chora koʻrilishini talab qilib chiqqan edi. Endi boʻlsa oʻzini "Putinning xizmatkori" deb atagan Ramzan Qodirov oʻzbekistonliklarga poʻpisa qilyapti.
Oʻz soʻzlari orqali u mintaqada faol harakat qilishga tayyorligini yoki boshqa sabablarga koʻra, postsovet mamlakatlaridagi rasmiylarning qarorlarini shubha ostiga qoʻyishga tayyorligini namoyish qilmayaptimikin!? Tashqi tomondan, bu oʻz mavqeini mustahkamlash yoki boshqa mamlakatlardagi vaziyatga aralashish niyati sifatida qabul qilinishi ham mumkin. Bu esa Rossiya taʻʻsiri kuchli boʻlgan davlatlar hukumatining xavotiriga sabab boʻlishi kerak. Oʻz navbatida, rasmiylar Oʻzbekiston oʻzining ichki ishlarini oʻzi hal qila olishi, boshqalar oʻz maqsadlarini 100 foiz amalga oshira oladigan zaif mamlakat emasligi, uning suverenitetini buzishga hech kimning haqqi yoʻqligini eslatib, jiddiy munosabat bildirishi talab etiladi.