08.04.2025 07:32
147

Trampning Eron bilan xavfli oʻyini: ikki oʻrtada urush kelib chiqishi mumkinmi?

Trampning Eron bilan xavfli oʻyini: ikki oʻrtada urush kelib chiqishi mumkinmi?


Isroil Gʻazoda genotsidni avj oldirayotgan, Livan va Suriyaga mutlaqo asossiz hujumlar uyushtirayotgan va Gʻarbiy qirgʻoqda tajovuzkorligini tobora kuchaytirayotgan bir paytda, AQSh Eron bilan juda xavfli oʻyin olib bormoqda.


Soʻnggi haftalarda Qoʻshma Shtatlar Yaqin Sharqda harbiy kuchlarini kuchaytirmoqda, uning harbiy faolligi rekord darajaga etdi. Aftidan, katta miqdordagi harbiy texnika va qurol-aslahalar Qatar, Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Quvayt va Iordaniyadagi Amerika bazalariga oʻtkazilgan.


Yanada xavotirlisi, AQSh Hind okeanidagi Diego Garsiya orolida joylashgan bazasiga kamida oltita B-2 bombardimonchi samolyotini yuborgan. B-2 samolyoti "bunker parchalovchi" deb ataladigan bombalarning eng yangi versiyasini etkazib berish uchun ishlatiladi. Bu bombalar erga chuqur kirib borish orqali Eronning er osti yadro inshootlariga Isroil qodir boʻlmagan darajada tahdid solishga moʻljallangan.


Tramp hujumga tayyorlanayaptimi yoki shunchaki tahdid qilyaptimi?


Donalьd Tramp bu yangi joylashtirilgan kuchlardan Eronga tahdid qilish uchun foydalanayotgani aniq. Ammo u keng koʻlamli hujum uyushtirmoqchimi yoki Eronni qoʻrqitib, ularning yadro dasturi boʻyicha talablariga yon berishga majbur qilmoqchimi?


Tramp bilan doim boʻlganidek, bu erda qandaydir aniq reja boʻlmasligi mumkin va u yuborayotgan signallar ziddiyatli. 


Fors koʻrfazi arab davlatlari Eronga hujum qilish uchun oʻz havo hududidan foydalanishni mutlaqo rad etishlarini yana bir bor taъkidladilar. Bu Tramp uchun maъlum darajada toʻsiq boʻlib qolmoqda.


Biroq aynan shu rad etish sababli B-2 samolyotlari Diego Garsiyaga joylashtirilmoqda va bu xavotirlidir. Bu orol Hind okeanida, Erondan taxminan 2500 mil uzoqlikda joylashgan. Oʻsha bazadan uchirilgan samolyotlar Eronga etib borishi uchun hech bir arab davlati havo hududi ustidan uchishi shart emas.


Samolyotlar uzoq parvoz qilishiga toʻgʻri keladi, ammo B-2 bunga qodir. Parvoz, shuningdek, Eron havo hududida uzoqroq vaqt davomida boʻladi, ammo B-2 ilgʻor yashirin texnologiyalarga ega boʻlgani sababli Eron havo mudofaasi uchun uni aniqlash va nishonga olish ancha qiyin boʻladi.


Amerika aviabazalariga qoʻshimcha qoʻshin va texnikalarni joylashtirish, katta ehtimol bilan Eronning hujumga javobini kutish uchun amalga oshirilmoqda. Eron kuchlaridan uzoqda joylashgan Diego Garsiyaga hujum qilish ehtimoli kam.


Buning oʻrniga, Eron Fors koʻrfazidagi Amerika bazalariga hujum qilishi ehtimoli koʻproq. Bunday holatda arablarning oʻz hududidan hujum uyushtirishni taqiqlash qarori zaiflashishi mumkin. Agar Eron Fors koʻrfazi mamlakatlaridagi neft konlariga hujum qilish orqali javob qaytarishga qaror qilsa – bu javob Vashingtonga qoʻshinlarga hujumdan koʻra kuchliroq taъsir qiladi – Amerika ham shu zahoti javob yoʻllashi ehtimoli katta. Bundan tashqari, agar bunga cheklovlar boʻlgan taqdirda ham, Qoʻshma Shtatlar bunday cheklovlarga qarab oʻtirmaydi. 


Bularning barchasini inobatga olsak, Tramp maъmuriyati urushga tayyorlanayotganiga ishonish uchun barcha asoslar mavjudligini koʻramiz.


Tramp Eronni yon berishga majburlamoqchimi?


Tramp bularning barchasini Eronni oʻz talablariga boʻysundirishga majburlash uchun qilayotgan boʻlishi ham mumkin. U Eronga keng koʻlamli hujum uyushtirishni istamaydi va buning oʻz sabablari bor. 


Tramp oʻzini urushga qarshi prezident sifatida koʻrsatadi. Buni biz bemaъnilik deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki u Yamandagi himoyasiz odamlarni AQSh tomonidan bombardimon qilinishini faol maъqullagan. Lekin ichki bosim, yaъni Yaqin Sharq urushlarida amerikalik askarlarning jang qilishini va halok boʻlishini istamaydigan guruhlar ham borki, Tramp ularga yon bosishga majbur. 


Bu munosabat, yaъni, chet ellik tinch aholini oʻldirsa boʻlaveradi, faqat amerikalik qoni toʻkilmasa boʻlgani, deyish qanchalik qoʻrqoqlik boʻlmasin, Tramp uchun muhim ahamiyatga ega. 


Bu ulkan harbiy harakatlar avjiga minayotgan bir paytda Tramp may oyida Saudiya Arabistoni, BAA va Qatarga tashrif buyurishini eъlon qildi. Agar u Eronga hujum qilib, Fors koʻrfazini alanga ichida qoldirmoqchi boʻlsa, uning bu safari hech bir maъno anglatmaydi. 


Darhaqiqat, Tramp mart oʻrtalarida Eronning yadro salohiyatini yoʻq qilishga olib boruvchi ikki oylik muddat belgiladi. Biroq bu ogohlantirish noaniq edi; Tramp ikki oylik muddatning qachondan boshlanishini aniq aytmadi, shuningdek, yangi yadro kelishuvidan aynan nimani kutayotganini ham tushuntirmadi.


Eron hujum tahdidi ostida muzokaralarni va umuman Tramp maъmuriyati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni rad etdi. Biroq Tehron Vashington bilan bilvosita muzokaralar oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.


Tramp bilvosita muzokaralar haqida jiddiy oʻylayotgani aytilmoqda. Bu uning afzal koʻrgan usuli emas, chunki bu unga eъtibor markazida boʻlish imkoniyatini yoʻqqa chiqaradi. Trampni koʻproq natija qiziqtiradi.


Eron ham bu taktikani yaxshi tushunadi. Dushanba kuni Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning yuqori lavozimli maslahatchisi Ali Larijoniy Eron televideniesida Islom Respublikasi haddan tashqari kuchli tazyiqqa duch kelsa, yadro qurollari boʻyicha oʻz pozitsiyasini "qayta koʻrib chiqishi" mumkinligini aytdi. Bu oliy rahbarning yadro qurollariga nisbatan fatvosini bekor qilishni koʻrib chiqishi mumkinligini anglatadi.


Larijoniy nisbatan moʻъtadil rahbar boʻlib, u doimo pragmatik yondashuvni taklif qilgan va Eron hukumatidagi qattiqqoʻllar foydalanadigan keskin ritorikaga kamroq moyildir. Ushbu bayonotni aynan u tilga olgani koʻp narsadan dalolat beradi.


Larijoniy Eronda hozirda yadro qurollari dasturi yoʻqligini yana bir bor taъkidladi. Eng muhimi, Qoʻshma Shtatlarning oʻz razvedka hamjamiyati ham aynan shunday xulosaga kelgan. Bu keng ommaga eъlon qilinmagan boʻlsa-da, Trampning Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard 25 mart kuni Kongress oldidagi koʻrsatmasida shunday dedi: "Razvedka hamjamiyati Eron yadro qurolini yaratmayotgani va oliy rahbar Xomanaiy 2003 yilda toʻxtatilgan yadro qurollari dasturiga ruxsat bermaganini baholashda davom etmoqda".


Eron esa uranni 60 foizgacha boyitgan. Qurol-yarogʻ uchun moʻljallangan uran 90 foizgacha boyitiladi, ammo fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun 60 foizgacha boyitishning hojati yoʻq. Shuningdek, u Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikni toʻxtatgan. Bu ikki qadam ham Qoʻshma Shtatlarning 2015 yilgi yadroviy kelishuvni bir tomonlama bekor qilgani, keyinchalik Tramp va Jo Bayden davrida Eronga qoʻllanilgan "maksimal bosim" siyosatiga, jumladan, ogʻir sanktsiyalarga javoban qoʻyildi.


Larijoniyning Eron yadro qurolini koʻrib chiqishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishini, agar kelishuv bilan urushning oldi olinsa, Trampni yanada oqilona pozitsiyaga majburlash uchun zamin yaratish sifatida talqin qilish mumkin.


Xavfli oʻyin va echim yoʻlidagi kutilmagan turtki


Bunday oʻzaro pozitsiyalarning egallanishida yaqqol xavf koʻrinib turibdi. Notoʻgʻri qadam, tushunmovchilik yoki boshqa bir aktyorning vaziyatga moy sepishi shundoq ham qurol-yarogʻ va doʻq-poʻpisa bilan toʻlib toshgan muhitda yanada xavfli vaziyatni yuzaga keltiradi. Agar ziddiyat tasodifan boshlanib qolgan taqdirda, shuncha maqtanishlar naf bermay, vaziyat jiddiy tus olishi mumkin. 


Bunday keskin holatni yuzaga keltirishda bir nechta ehtimoliy aktyorlar ishtirok etayotgan boʻlishi mumkin. Ulardan eng koʻzga koʻringani Isroil boʻlib, uning bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qirq yildan beri Tehronga qarshi rejimni oʻzgartirish urushini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Qoʻshma Shtatlar va Eronga dushman sifatida qaraydigan boshqa nodavlat oʻyinchilar ham mojaroni qoʻzgʻatish yoʻllarini topishi mumkin.


Isroil bosh vaziri Trampni Eron yadro obъektlariga qattiq va tez zarba berishga ishontirish uchun qoʻlidan kelganini qiladi.


Qizigʻi shundaki, payshanba kuni Tramp maъmuriyatidagi Eronga harbiy javob berishni eng koʻp talab qilayotgan baъzi ovozlar gʻalati tarzda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jumladan, oʻta oʻngchi ekstremist Laura Lumer Donalьd Tramp bilan uchrashdi, unda milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Vals ham ishtirok etdi. Vals, albatta, "The Atlantic" jurnali bosh muharriri Jeffri Goldbergning Yamanga qilingan hujumni real vaqt rejimida muhokama qilayotgan "Signal" chat guruhiga qoʻshilganidan soʻng Tramp bilan ziddiyatga borib qolgan. 


Vals va uning Milliy xavfsizlik kengashi xodimlarining koʻpchiligi Eronga nisbatan qattiq pozitsiyani egallagan. Ular Trampning tashqi urushlardan qochish istagi bilan hamfikr emaslar. Lumer qay bir sababga koʻra, Trampga sodiqligini uning maъmuriyatidagi "neokonservatorlar"ni qoralab, ularni ishdan boʻshatishga chaqirish orqali koʻrsatmoqchi boʻldi.


Ertasi kuni Vals xodimlarining uch nufuzli aъzosi – Brayan Uolsh, Tomas Budri va mashhur neokonservator hamda Jorj Bush davrida mudofaa vaziri oʻrinbosari boʻlgan Duglas Feytning oʻgʻli Devid Feyt ishdan boʻshatildi. Uchalasi ham, Vals kabi, Eronga qarshi harbiy harakatlar tarafdori edi. Bu siyosat koʻplab "Amerika birinchi" tarafdorlariga yoqmasdi.


Bu ovozlarning oʻchirilishi va Vals obroʻsining pasayishi Trampga Eron bilan urushga borishga boʻlgan bosimni kamaytirsa-da, ushbu urushga tayyorgarlik va harbiy kuchlarni joylashtirish jarayonlarini toʻxtatmadi. Biroq hozircha Tramp Eronni keng koʻlamli hujumsiz oʻz talablariga boʻysundirishga urinayotgani haqidagi taassurotni kuchaytirmoqda. Netanyaxu, shubhasiz, Trampni bu yoʻldan qaytarish uchun qoʻlidan kelganini qiladi. 


Netanyaxu Trampni fikridan qaytara oladimi? Bu Trampning Eron ustidan gʻalabani qanday tasavvur qilishiga bogʻliq. Agar Tramp urushsiz oʻz maqsadiga erisha olsa, shu yoʻlni tanlashi mumkin. Biroq u Isroilga kichikroq miqyosdagi hujumda yordam berishga shay turishi ham ehtimoldan xoli emas. Muammo shundaki, Eronning aslida mavjud boʻlmagan yadro qurolini yaratishga intilishining oldini olishdan tashqari, Trampning Tehrondan yana nimani xohlayotgani nomaъlum. U Eronning butun yadro sektori, jumladan, fuqarolik obъektlarini ham toʻliq yoʻq qilishni istaydimi? 


Eron ichki energiya isteъmolining katta qismi yadro energiyasiga tayanadi va undan voz kechish juda katta iqtisodiy-ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Tehron esa bunga rozi boʻlmaydi. Tramp Erondan Yamandagi "Ansor Alloh"ni nazorat qilishni talab qiladimi? Eronning bunga qodir ekanligi ochiq savol. Tramp Eronning ballistik raketalar dasturi boʻyicha katta yon berishlarni talab qiladimi? AQSh va Isroilning bunday kuchli dushmanlik munosabatiga qaramay, Eronning oʻz anъanaviy qurollari salohiyatini pasaytirishi ehtimoldan uzoq. Ammo agar Tramp Eronning uran boyitish dasturini cheklash, MAGATE inspektorlariga yana toʻliq kirish huquqini berish, baъzi yuqori darajada boyitish obъektlarini yopish va qisqasi, Barak Obamadan koʻra yaxshiroq kelishuvga erishganini daъvo qilish imkonini beruvchi bir nechta qoʻshimcha tafsilotlar bilan eski yadro kelishuviga oʻxshash narsaga rozi boʻlsa, u buni urushsiz amalga oshirishi mumkin.


Doim boʻlgani kabi, bu Trampning nimani xohlashiga bogʻliq, uning istaklari esa har kuni oʻzgarib turadi.


Mitchel Plitnik, siyosiy sharhlovchi

Mavzuga aloqador