31.10.2024 17:35

Tahlil: Isroil Suriyani ham urushga tortyaptimi?

Isroilning Livan Hizbulloh”iga qarshi urushi yaqin orada Suriyaning ham ushbu mojaroga tortilish ehtimoli haqidagi qarashlarni yuzaga keltirmoqda. Uning Livan bilan geografik yaqinligi AQSh homiyligidagi yahudiy davlatining Shom diyoriga kuchliroq hujumni boshlashiga sabab boʻlishi mumkin.

Tarixga nazar solsak, Livan va Suriya umumiy chegara va madaniy aloqalari tufayli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan bir-biriga chambarchas bogʻliq boʻlgan. Bu nafaqat mahalliy kuchlar, balki mintaqaga Eron, AQSh va Rossiya kabi global oʻyinchilarning taʻʻsiri tufayli urushning Livan chegarasidan tashqariga yoyilishi toʻgʻrisidagi xavotirlarni paydo qiladi.

Suriya va Livandagi mojarolar koʻp hollarda bir-biriga koʻchib oʻtgan. Misol uchun, Suriyadagi fuqarolar urushi Livanga ham halokatli taʻʻsir koʻrsatib, jiddiy iqtisodiy inqiroz davrini boshlab bergan.

Shuningdek, soʻnggi oʻn yil ichida Livan deyarli 1,5 million suriyalik qochqinni qabul qilgan. Bu esa mamlakatning infratuzilmasi va davlat xizmatlariga katta bosimni vujudga keltirdi. Isroil bosqinchilari Livanni bombalayotgan bir paytda, mahalliy aholi Suriyaga qarab qochishi va shundoq ham beqaror boʻlgan mamlakatdagi vaziyatni butkul izdan chiqarishi mumkin.

Kuzatuvchilarning fikricha, Isroil va Hizbulloh urushi allaqachon Suriyaga sezilarli taʻʻsir koʻrsatmoqda. Xabarlarga koʻra, ayni paytda 250 mingdan ortiq livanlik Shomga qochib oʻtgan. Bu oqim avvalgi notinchliklardan soʻng oʻzini tiklab ulgurmagan Suriyadagi siyosiy-iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda. 

Bundan tashqari, Isroil bir necha bor mamlakat hududiga havo hujumini uyushtirib, Hizbulloh va Eron Islom inqilobiy gvardiyasi korpusiga aloqador deya iddao qilingan bino va inshootlarni nishonga oldi. Hozirgacha rasmiy Damashq ushbu zarbalarni faqat ogʻzaki qoralab, Isroilga javob qaytarishdan oʻzini tiymoqda. Biroq Isroilning Suriya havo hududidagi harbiy operatsiyalari davom etsa, bu oxir-oqibat kuchliroq reaktsiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Suriya rahbariyatiga koʻra, Livandagi mojaroga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashish uning strategik manfaatlariga mos kelmaydi. Hukumat hali ham oʻzining ichki muammolaridan ortmayapti: xususan uning baʻʻzi hududlardagi hokimiyati hamon munozarali. Suriyaning Isroil bilan toʻgʻridan-toʻgʻri urushga kirishi fuqarolar urushi tugaganidan beri erishilgan moʻrt yutuqlarni ham barbod qiladi. Bundan tashqari, urushning boshqa salbiy taʻʻsirlari ham mavjud. Yangi mojaro fuqarolar urushidan soʻng endigina iqtisodiy ahvolini yaxshilayotgan mamlakatning butkul sillasini quritishi tayin.

Ayniqsa, Suriya hukumati Isroilga qarshi urush ichki qoʻzgʻolonlarni avj oldirishidan choʻchiyapti. Baʻʻzi guruhlar bunday tartibsizliklardan foydalanib, qayta uyushishi va hukumat uchun jiddiy xavfga aylanishi mumkin.

Shu paytgacha ham Suriya Isroil va “Hizbulloh” oʻrtasidagi toʻqnashuvlardan oʻzini chetga olishga uringan. 2006 yilda “Hizbulloh” va Isroil oʻrtasidagi urushda Suriya shia harakatini diplomatik va logistik jihatdan qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, bevosita jangga kirmagan. Bu strategik betaraflik Suriyaga Isroil bilan toʻgʻridan-toʻgʻri urushning halokatli oqibatlaridan saqlanish imkonini beradi.

Biroq bugungi kunda minglab livanlik qochqinlar Suriya hududiga borishi oqibatida, mamlakatning cheklangan resurslari yanada zoʻriqyapti.

Aytish joizki, urushlar oʻz tabiatiga koʻra, bashorat qilib boʻlmaydigan hodisadir. Shu bois Livandagi urushning Shom diyoriga yoyilishi xavfi doimo mavjud, desak xato boʻlmaydi.

Bundan tashqari, Suriya Isroil va Eron oʻrtasidagi proksi mojarolar uchun jang maydoniga aylanishi mumkin. Fors davlati sionistlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvdan qochib, Suriya hududi orqali Isroilga zarba bersa, mamlakat oʻzi istamagan holda urushga aralashib qolishi mumkin.

Mavzuga aloqador