11.06.2025 14:07
52

Shaxsning jamiyat yuksalishidagi oʻrni qanday?



Jamiyat, bu tirik jism boʻlib, bir shaxs yoʻliqishi mumkin boʻlgan kasallik va illatlarga u ham yoʻliqadi. Hukumatlar shaxslarni, jamoalarni halok qiluvchi kasalliklardan, yomon illatlardan himoya qilishga harakat qilganlari kabi toza, insonparvar madaniyatlar va qonunlar ham jamiyatlarni ijtimoiy-xulqiy kasalliklardan himoyalashga harakat qiladi. Mana shu madaniyat va qonunlar yordamida millat oʻzaro zich va kuchli boʻladi va oʻz masъuliyatini qatъiyat bilan bajara oladi. Shu tariqa millat insonni halokatga etaklovchi omillarga qarshi sobit turadi. Hayoti mobaynida hurmatga, qudratga va ustun gʻoyaga ega boʻladi. Hurmatga loyiq xulq va eъtibor egasi boʻladi. Barchani sigʻdira oladigan omonlikning bagʻrida, butun insoniyatni qurshaydigan saodat ichida yashaydi. Bora-bora samodagi farishtalar misoli xavf-xatardan va xafagarchilikdan uzoqlashib, xotirjamlik va ruhiy barqarorlikka ega boʻladi.

Biz mana shunday ilgʻor turmush tarziga egi boʻla olmayapmiz. Buning sababi – jamiyatning kasallik va illatlari uchun rizq, boylik va turmush bilan bogʻliq boshqa masalalarga qaygʻurganimizdek qaygʻurmayotganimiz boʻlsa ajabmas. Qadimda ham, hozir ham ichimizdagi bir qancha insonlar “ilgʻor millatlarning turmush tarzidan joy olgan dabdaba va koʻngilxushliklar bizning ham odatlarimiz orasidan joy olmaguncha bizning fikrimiz hurmat qilinmaydi va oʻzimiz loyiq boʻlgan oʻringa ega boʻlolmaymiz” deb oʻylaydilar. Mana shular bilishmaydiki, aslida dabdaba va hashamat madaniyatni quruvchi omil emas, madaniyatning samarasi hisoblanadi. Ana oʻsha oʻzining ilmi, fani va qudrati bilan barchani hayratga solayotgan millatlar bizga oʻxshab madaniyatni shakllantiruvchi birlamchi omillarni zoe qilmagan edi. Bugun biz yuksalishimizning ilk bosqichidayoq eъtiborsizlik qilayotganimiz ijtimoiy illatlarga nisbatan ular beparvolik qilmagandi. Shu tariqa biz tushgan gʻaflatga tushib qolishmadi.

Jamiyat, bu shaxslarning oʻzaro hamjihatligidan tashkil topuvchi jamoa sanaladi. Qachonki shaxslar turli illatlardan xoli boʻlsa, jamiyatning shakllanishi ham sogʻlom boʻladi. Shuningdek, qachonki jamiyat kuchli va pokiza axloqqa ega boʻlsa, jamiyatning yoʻnalishi ham, maqsadi ham toʻgʻri boʻladi.

Islom dini – boshqa “dinlar” va qonunlardan farqli oʻlaroq jamiyatdagi turli kuchlar oʻrtasida muvozanat qurishga eng koʻp eъtibor qaratadigan din desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuningdek, Islom jamiyatning qurilishida zaiflik, boʻshliq va tartibsizlik yuzaga kelmasligiga ham katta eъtibor qaratadi. Masalan, uning insonlarning moddiy ehtiyojlarini qanday tartibga solishiga nazar tashlasang, bu tartibning boshqa iqtisodiy oqimlardan koʻra mukammalroq ekanini koʻrasan. Shuningdek, Islom, axloqiy masalalarga ham boshqa chaqiriq egalaridan koʻra koʻproq ahamiyat qaratadi. Islom, insonning ruhini va nafsini poklab barqarorlatirishda ham boshqa ruhoniy dinlardan koʻra samaradorroq sanaladi. Islom mana shu jihatlarning oʻrtasida oʻzaro izchillikni qurgan va buni mustahkamlagan. Shuning uchun ham chinakam musulmon kimsaga qaraganingda uning ruhiy jihatdan, xulqiy jihatdan, jismoniy jihatdan, umuman har tomonlama kuchli ekanini koʻrasan. Bejizga Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “kuchli moʻmin Allohga kuchsiz moʻmindan koʻra sevimliroqdir”, deb marhamat qilmaganlar.

Islohot qanday boshlanadi?

Shubha yoʻqki, biz mavjud turmush tarzimizda xatarli ijtimoiy illatlar bilan ogʻrimoqdamiz. Bu illatlar bor ekan, biz na yuksala olamiz va na odim ota olamiz. Bu narsa shaxsiy ishlarmizda, oilaviy va jamoaviy ishlarimizda turli koʻrinishlarda namoyon boʻlmoqda. Qolaversa, bu illatlar olim-u johilimiz, katta-yu kichigimiz, shaharlik-u qishloqligimizni, yaъni barchamizni qurshab olgan.

Shubhasiz, ijtimoiy axloqimizning muolajasi shaxsimizdan boshlanishi kerak. Chunki shaxs, jamiyatni barpo qiluvchi birinchi hujayra hisoblanadi. Shuning uchun ham islohot chaqiriqlari shaxsdan boshlanishi kerak, jamoadan emas. Bir mamlakatdagi oʻnta shaxsni toʻgʻrilik va yaxshilik yoʻlida peshqadamga aylantiradigan islohotlar olib borilishi kerak. Shu islohotlar mamlakat ishlarini toʻgʻri oʻzanga tushishiga va ijtimoiy hayotining toʻgʻirlanishiga olib keladi.

Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam Makkada oʻn uch yil qoldilar. U zot bu muddat davomida bor kuchlarini ummatning shaxslarini tarbiyalashga sarfladilar. Abu Bakr, Umar, Usmon, Aliy, Ibn Masъud kabi shaxslar paygʻambar alayhissalom qurgan moʻmin madaniyatning qalъalariga aylanishdi. Paygʻambar alayhissalom mana shu shaxslar bilan Makkaning turli joylarida, “Dorul Arqom”da, Kaъbaning hovlisida toʻplanib, ularning ruhiyati va nafsini chiniqtirib, axloqini sayqallar edilar. Keyinchalik paygʻambar alayhissalom vafot eganlaridan keyin u zot tarbiyalagan ushbu shaxslar tarixda katta iz qoldirib, insoniyatning hidoyat topishiga ulkan hissa qoʻshdilar.

Davlatlar barpo qilib, madaniyatlarga asos solgan, jaholat pardasini yirtib, ilmiy ufqni oralaganlar va tarixning sayrini oʻzgartirib, oʻz jamiyatlarining va insoniyatning hayotiga katta taъsir oʻtkazganlarning bari shaxslardir. Ular kuchli irodaga ega boʻlgan, axloqi sogʻaygan va turmush tarzini koʻplab psixologik va xulqiy ofatlardan tozalagan shaxslar boʻlgan.

Men bu gapim bilan jamoalarga koʻp ham ahamiyat qaratmaslik kerak demoqchimasman. Ularning islohotlardagi rolini ham inkor qilmoqchimasman. Chunki jamoalar barcha islohot harakatlarining tirgagi hisoblanadi. Lekin jamoalar doimo ularni oydinlatadigan aqlga va ularga fikr beradigan boshga muhtoj boʻlib qolaveradilar. Chunki jamoa, xuddi har bir parchasiga ehtiyoj seziladigan, lekin baribir haydovchisiz harakatlana olmaydigan avtoulovga oʻxshaydi.

Bundan kelib chiqadiki, jamiyatni isloh qilishga oʻz ideali va oʻz printsiplariga ega shaxslargina qodir boʻla oladilar. Jamoalarni ular oydinlatadi va shu tariqa jamoalar yaxshilik tomon oʻz yoʻlini chizib, oʻzining tarixiy masъuliyatini ijro eta oladilar.

Mavzuga aloqador