Ramazon hamdardlik demak – nega unda Gʻazo ahli och-nahor, yolgʻiz?
Musulmon dunyosi saharlik va iftorlik dasturxoni atrofida jamuljam bir paytda, Gʻazodagi falastinliklar bir amallab roʻza tutishmoqda – Isroil ularning oziq-ovqati, suvi va elektr taъminotini toʻxtatib qoʻygan. Hamdardlik oyida sukut saqlash ham aybdorlikka sheriklikdir.
Oʻn kundan beriki, ocharchilikka mahkum Gʻazo. Bundan oʻn kun burun yordam karvonlari chegarada toʻxtatib qoʻyildi, Isroil amaldorlari esa kameralar qarshisida iljayib, "qamal yanada kuchaytirilgani"ni aytdi. Oʻn kun davomida onalar roʻza ochish uchun barg qaynatmoqda, chaqaloqlar bir qatra sutga tashna, shifoxona javonlari ogʻriq qoldiruvchi dorilar, insulin va umiddan bebahra qolgan. Bu ham etmaganidek, dushman eng oxirgi zarbani yoʻlladi: elektr uzib qoʻyildi.
Isroil energetika vaziri Eli Koen buni ochiqchasiga va gʻurur bilan eъlon qildi: Gʻazoga endi elektr energiyasi berilmaydi. Oxirgi qolgan Kissufim liniyasi ham uzildi. UNICEF tomonidan moliyalashtirilgan, Dayr-al-Balah va Xon Yunusdagi 700 ming kishini suv bilan taъminlovchi ikkita chuchuklashtirish zavodi toʻxtatildi. Buning sababini nima deb koʻrsatishdi? "Garovga olinganlarni qaytarish uchun". Aslida esa, bu Gʻazoni vayron qilish, hayotni yoʻq qilish, bir vaqtning oʻzida bitta asosiy ehtiyojni, inson zotini yoʻq qilishdir.
Elektr yoʻqligi toza suv yoʻqligini anglatadi. Ishlayotgan shifoxonalar yoʻq. Sunъiy nafas oldirish uskunalari yoʻq. Hayot yoʻq.
Bu siyosat Isroil uchun yangilik emas. 7 oktyabrgacha Isroil Gʻazoni elektr energiyasining atigi yarmi - har biri xuddi qoʻlbola tasma kabi boʻlgan oʻnta elektr uzatish liniyasi bilan taъminlagan edi.
7 oktyabrdan keyin oʻnala liniya ham uzib tashlandi. 2024 yil oxiriga kelib, kuchli xalqaro bosim ostida bittasi, atigi bittasi norozilik bilan qayta ulandi. Mana endi, tugmachani bosish bilanoq, oʻsha hayot chizigʻi tagʻin uzildi.
Jamoaviy jazo - bu dunyo boshqa joylarda sodir boʻlganda ishlatadigan atama. Gʻazoda esa bu siyosatdir. Huquqiy tilda aytilganidek, bu "xalqning jismoniy yoʻq qilinishiga olib keladigan hayot sharoitlarini" yaratishga qaratilgan uslubiy harakatdir.
Xalqaro adolat sudi (XAS) bunga qarshi ochiq-oydin ogohlantirgan edi. Shunday boʻlsa-da, Isroil buni qasddan amalga oshirdi. Bu jinoyat – Netanyaxu yillar oldin ayblangan oʻsha jinoyat, Ursula fon der Lyaen Rossiya amalga oshirganda qoralagan oʻsha jinoyat. Faqat endi Isroilning bu jinoyati yanada fojiali oqibatlarga olib kelmoqda va butunlay jazosiz qolmoqda.
Shunday boʻlsa-da, dushman uchun qilmishi oldida hech qanday oqibatning oʻzi yoʻq. Jazolar qoʻllanilmaydi. Qurol embargosi joriy etilmaydi. Bu dahshatli voqealarning aybdorlari parlamentlar va matbuot xonalarida oʻtirib, boshqa joylardagi urush jinoyatlarini davomiy qoralagan holda, bu erdagilarni moliyalashtirishda davom etadilar.
Shu orada, zulmat va umidsizlik tobora tarqalmoqda…
Biroq qorongʻulik faqat Gʻazo bilan cheklanib qolmadi. U Nьyu-Yorkkacha etib bordi. U erda Kolumbiya universitetining falastinlik aspiranti va AQSh “yashil karta” egasi Mahmud Xalil Ichki xavfsizlik vazirligi xodimlari tomonidan oʻgʻirlab ketildi. Uni ordersiz qamoqqa oldilar. Qonuniy jarayon yoʻq. Hech qanday jinoyat sodir etilmagan, faqatgina u oʻz vatandoshlari – falastinliklarning ommaviy qirgʻiniga qarshi ovoz koʻtargani uchun jazolandi, xolos.
Advokati asosli sabab talab qilganda, agentlar dovdirab qolishdi. Biroq avval uning vizasini bekor qilishdi. Keyin uning “yashil karta”ga ega doimiy yashovchi ekanini bilgach, uni ham olib qoʻyishdi. Buni xuddi faylni notoʻgʻri joyga joylab qoʻyganday bemalol aytishdi. Sakkiz oylik homilador xotini uyda unga mushtoq holda, u hibsga olinib, mamlakatdan chiqarib yuborish bilan tahdid qilinmoqda.
Mahmudning advokati uning qaerdaligini bilmasliklarini aytdi. Ularga u Nьyu-Jersi shtatining Elizabet shahridagi ICE muassasasiga yuborilgani maъlum qilingan. Ammo xotini uni koʻrgani borganda, u erda yoʻqligini aytishgan.
Hammasi ana shunday sodir boʻladi. Avvalo, ular genotsidga qarshi gapirganlarni, keyin rejimga qarshi gapirganlarni va oxir-oqibat umuman biror soʻz gapirgan har bir kishini olib ketishadi. Musulmonlar buni payqagunlaricha, voqelikdan ogoh boʻlgunlaricha bu ishlar yana qancha davom etarkin? Ularni bu ishlar qachon qiziqtiradi? Navbatdagi qurbon ularning oʻzi boʻlishi mumkinligini ular qachon anglab etishadi?
Gʻazoda snayper oʻzi oʻldirgan har bir qurbonni xuddi oʻyindagi ochkolarni sanayotgandek sanaydi. "Ikki yuzdan keyin sanashni toʻxtatdim," deb tan oladi u. Yaqin atrofdagi qishloqdan kelgan boshqa askar: "Men toʻrt yuzda toʻxtadim," deydi. Bolalar haqida soʻralganda mum tishlashadi. Keyin xoʻrsinib qoʻyishadi. Soʻng esa muqarrar javob: "Ha, bolalar ham bor edi".
Bu toʻqima emas. Bu urush haqidagi filьm stsenariysi emas. Bu "Haaretz" gazetasining sobiq jurnalisti Nati Efet tomonidan eъlon qilingan iqror. Bu genotsidni ochiqdan-ochiq tan olishdir.
17 400 falastinlik bola halok boʻldi.
17 000 falastinlik bola etim qoldi.
Gʻazo hozirda dunyoda aholi soniga nisbatan eng koʻp qoʻl-oyoqsiz bolalar yashaydigan joyga aylandi.
Shunday boʻlsa-da, barcha azob-uqubatlarga, strategik shafqatsizliklarga, Isroil kimning yashashi va kimning oʻlishini tungi koʻrish moslamalari bilan aniq belgilashiga qaramay, dunyo uni jim kuzatishda davom etmoqda. Qurol-yarogʻ bitimlarini imzolaydigan qoʻllar inson huquqlari toʻgʻrisida quruq safsata bitadi. Darsliklarda genotsidni qoralaydigan ogʻizlar, u haqiqatda sodir boʻlayotgan bir paytda mum tishlaydi.
Gʻazo shimolidagi chodirda olti yoshli qizaloq sokin uyquda. Osmonda uchuvchisiz samolyot hech bir sababsiz aylanib yuribdi. Soat 23:00 da Isroil droni uning yuziga qarata oʻq uzadi. Oʻq qizaloqning bosh suyagini chavaqlab tashlaydi, miyasida qon ketishiga sabab boʻladi, chap koʻzi orqasidagi suyaklarni maydalab yuboradi. Bu hududda harbiy harakatlar boʻlmagan. Ogohlantirish ham, sabab ham aytilmagan. Shunchaki bolaning sovuqqonlik bilan qatl etilishi, xolos.
Uning oilasi u nima uchun hujumga uchraganini bilmaydi. Shifokor ham unga nima uchun hujum qilishganini tushunmaydi. Lekin biz bilamiz..
"Al Jazeera" muxbiri Hind Xudoriyning Gʻazo shahridan xabar berishicha, u erda doktor Kristofer Xolden bilan suhbatlashgan. Xolden Gʻazoda tibbiyot xodimlari uchun ish sharoitlari tobora yomonlashib borayotganini taъkidlagan.
Bu faqat Gʻazo haqida emas. Bu mutlaq jazosizlikni himoya qiladigan firibgar tuzum haqida. Bu nafaqat Rafah xarobalarida, balki Nьyu-York sinf xonalarida ham norozilikni bostiruvchi imperiya haqida. Bu ikkiyuzlamachilik sanъatini komil oʻzlashtirgan dunyo haqida.
Va hali ham savol berayotganlar, hali ham oʻzlarini goʻyo tushunmayotgandek tutayotganlar uchun - "nega oʻzi Isroil Gʻazoni elektr energiyasi bilan taъminlashi kerak?"
Isroil Gʻazoni elektr energiyasi bilan taъminlamaydi. Undan foydalanadi. Uni qurolga aylantiradi. U 2008 yilda Gʻazoning yagona elektr stantsiyasini bombardimon qilgan. Va yana 2014 yilda ham. Uni qayta tiklashga urinishlar boʻlganda, Isroil zarur materiallar hech qachon kirmasligini taъminlagan.
Masala Gʻazo nima uchun oʻz elektr energiyasini ishlab chiqarmasligida emas. Savol shundaki, nima uchun Isroil Gʻazo hech qachon buni qila olmasligiga ishonch hosil qilish uchun yillar davomida harakat qilgan.
Bu muqaddas Ramazon oyidir. Qohirada, Ar-Riyodda, Dubayda dasturxonlar ziyofat taomlari bilan bezalgan. Oltin hoshiyali likopchalar qoʻy goʻshti va zaъfaron guruch bilan toʻldirilgan, xurmolar shunchalik yirikki, qandil yorugʻida yaltirab, tovlanib turibdi. Oilalar toʻplanishgan, qoʻllarini duo uchun ochishgan, baland past ovozlarda, shukronalar aytishmoqda.
Ramazon – bu hamdardlik oyi, dunyoda emakka muhtoj yoʻqsillar ham borligini eslatadigan davr boʻlishi kerak. Undan murod sabr-toqat, intizom va saxiylikni oʻrgatishdir. Biroq, Gʻazo ochlikdan azob chekayotgan, chaqaloqlar ozib, eti ketib suyagi qolgan, qolgan-qutgan bir nechta novvoyxonalar ham bombalanib kulga aylanayotgan bir paytda, moʻl-koʻlchilik dunyosi beparvo qarab turibdi.
Bir million falastinlik saharliksiz roʻza tutmoqda. Ularda iftorlikda ogʻiz ochish uchun ham hech vaqo yoʻq. Ular ziyofat emas, omon qolish uchun axlat titmoqda. Ular xotirjamlikda emas, motamda ibodat qilmoqda. Koʻchalarini chiroqlar va yarim oylar bilan bezagan, Ramazonning muqaddasligi haqida gapirgan, xayr-ehson va mehr-shafqat bilan maqtanadigan oʻsha odamlar bugun Isroil Gʻazoni keyingi hayitga etkazmasligini taъminlayotganini loqayd kuzatib oʻtiribdi.
Bu yilgi Ramazonning sabogʻi nima? Taqvodorlikning asl maъno-mohiyatini unutib, uni shunchaki rasmiyatchilikka aylantirganimizmi? Namoz oʻqib, masjidlarni toʻldirib, ortiqcha pullarni xayr-ehson qilib, ammo genotsid oldida miq etmay oʻtirishimizmi?
Javob Gʻazo vayronalarida; ularning ostida koʻmilib yotgan jasadlarda; oxirgi uyqusidan uygʻonmaydigan goʻdaklardadir.
Ahmad Shihabiddin