19.07.2025 09:52
305

Quddusdagi yashirin assimilyatsiya: sanъat va festivallar ortidagi buzgʻunchilik


Ishgʻol ostidagi Quddus bugun nafaqat askarlar yoki temir toʻsiqlar, balki turli shoular, musiqa, "sanъat va madaniyat” niqobidagi buzgʻunchiliklar orqali ham bosib olinmoqda. Ishgʻolchi tuzum shaharning har bir qarichini, har bir yodgorligini, har bir qadimiy manzarasini oʻzgartirish uchun barcha vositalarini ishga solyapti. Ular Quddusning islomiy ruhini, ming yillik tarixini yoʻqotish, uning oʻrniga yahudiylik ramzlarini joylashtirish uchun turli koʻrinishdagi qurollaridan foydalanyapti.

 

Bu jarayon sekin, lekin muttasil davom etmoqda. Musulmon falastinliklar uchun esa kindik qoni tomgan vatanida biror tadbir oʻtkazishi mumkin emas. Hatto ularning intellektual va sanъat markazlari ham yopib tashlanmoqda. Kichik yigʻinlari esa zoʻrlik bilan tarqatilyapti. Ammo bu orada ishgʻolchi kuchlar oʻz “festival”lari orqali Quddus koʻchalarini oʻzlarining shaytoniy oʻyin-kulgusi va raqslariga  toʻldirib, muqaddas zaminning asliyatini oʻzgartirishga harakat qilyapti. Bu jarayon nafaqat koʻngilochar bazmlar, balki Quddusning asl tarixiy va diniy ruhiyatini ham soxtalashtirishga qaratilgan madaniy ishgʻoldir.

 

Masalan, Quddus xalqaro kinofestivalini olaylik: har yili iyulь oyida Sulaymon hovuzlari atrofida minglab yahudiy koʻchmanchilari yigʻilib, qadimiy Islom yodgorliklarini yahudiylik targʻiboti maydonchasiga aylantiradi. Bilasizmi, 2024 yilda Gʻazoda musulmonlar qirgʻin qilinayotgan bir paytda bu festivalga 70 mingdan ortiq yahudiy koʻchmanchilar jalb qilingan. Shu bilan birga, isroil madaniyat festivali turli raqslar, jazavani qoʻzgʻatuvchi kontsertlar va teatr namoyishlari orqali Quddusni “oʻz madaniyati poytaxti” sifatida koʻrsatishga intilmoqda.

 

Eng qaygʻuli misollardan biri chiroqlar festivali: Quddusning eski shahri, uning devorlari va Al-Aqso masjidi atrofi lazer shoulari uyushtiriladigan joyga va raqs maydonlariga aylantiriladi. Damashq darvozasi, Umaviylar saroyi havlisi, Sulaymon gʻori – bularning barchasi tarixiy yodgorlik boʻlishiga qaramay, shovqin-suronli tomoshalar markaziga aylantirilmoqda. Ular bu joylarda yahudiylik ramzlarini – yirik minorlarni oʻrnatishadi. Qadimiy musulmon qabristonlari ustida esa spirtli ichimliklar toʻlib-toshgan bazmgohlar tashkil qilinadi.

 

Al-Aqso masjidining janubiy hududlarida oʻtkaziladigan “Autofood” festivalida mayxoʻrlik, kontsertlar va bolalar uchun tadbirlar tashkil etiladi.

 

Bu tadbirlar faqat Quddusga xos emas. Ular boshqa musulmon mamlakatlarida ham sinovdan oʻtmoqda. Masalan, musulmonlar yashaydigan turli davlatlar poytaxtlarida oʻtkazilayotgan “xalqaro festivallar”ni kuzatganingizda ham shu holatga guvoh boʻlasiz. Saudiya, Misr, Marokash kabi mamlakatlarda ham bayramlar-u kontsertlar tarixiy masjidlar va madrasalar atrofida oʻtkazilmoqda. Bu holat bir qarashda “madaniy rivojlanish”dek koʻrinsa-da, aslida bu Islomdan yuz oʻgirish, uning taъsirini yoʻqotish hamda dinimizning qadrini tushirish strategiyasidir.

 

isroil oʻz rejalarini yashirmayapti. 2022 yilda Sulaymon hovuzlarini “isroildagi eng goʻzal kontsertlar va tungi hayot markazi”ga aylantirish uchun 100 million shekel (29 million dollardan ortiq) ajratilgan. Bu erda teatr, kafe, park va sunъiy choʻmilish havzalari barpo etilgan. Maqsad – sayyohlarni, yahudiy koʻchmanchilarni bu hududlarga jalb qilish, ularning mavjudligini mustahkamlashdir. Shu orqali islomiy merosning oʻrniga yahudiylikka xos ramzlar, obidalar va soxta tarixiy bitiklar tiqishtirilmoqda.

 

Ushbu “madaniyat orqali ishgʻol” kontseptsiyasi bir necha bosqichdan iborat: avval hududiy merosni oʻzlashtirish, soʻng u erda yahudiylikka oid tarixni yaratish, oxir-oqibat esa oʻsha hududni xalqaro miqyosda yangicha qiyofada tan oldirish. Ular bundan ham ichki targʻibot, ham tashqi imij (turistlar va Gʻarb uchun) vositasi sifatida foydalanmoqda. Musulmon dunyosi esa bu jarayonni tomoshabin sifatida kuzatayotgani achinarlidir.

 

Bu ishgʻol madaniyat, sanъat, taom va festival kabi goʻyoki “bezarar” vositalar orqali amalga oshirilayotgandek koʻrinadi. Ammo bu beparvolikning oqibati ogʻir boʻlishi aniq: Quddusning islomiy ruhi soʻndirilishi butun islom olami uchun katta magʻlubiyatdir. Bunday jozibador tadbirlar ortida Quddusni madaniy jihatdan bosib olish, uning tarixini oʻchirish va Falastinni yahudiylashtirish siyosati yotibdi.

Mavzuga aloqador