05.07.2025 13:48
188

Musulmonlar ilmda nega orqada qoldi?



Professor Akram Bugʻro Ekinji


XV asrgacha boʻlgan vaqt mobaynida Islom olamining ilm-fanga qoʻshgan hissasi eъtiborga loyiq. Bularni "al-jabr", "kimyo" atamalaridan ham anglash mumkin. Musulmonlarning nafaqat ilmda, balki sanъat, tijorat, siyosat kabi sohalarda ham inkor qilib boʻlmaydigan darajada mehnati singgan. Unda hozirga kelib nega Evropadan ilm borasida ortda qolyapmiz? Buning sabablari nimada?


Evropaliklar “Bu qoloqlikka Islom olimlarining mutaassiblarcha qarashlari sabab boʻlgan. Ashъoriy va Gʻazoliy kabi olimlar boʻlmaganda, Islom dunyosida ham kashflar va ixtirolar boʻlardi. Gʻarb, sxolastik falsafadan foydalana oldi, Sharq esa muvaffaq boʻlolmadi”, deydi. Aytmoqchi boʻlganlari Ashъoriyning mutaazilaga, Gʻazoliyning esa faylasuflarga qarshi kurashidir. Holbuki, Gʻazoliydan keyin ham ilmiy izlanishlar davom etgan. Din olimlari va faylasuflarning orasidagi munozaralar esa ratsional bilimlar ustida emas, dinning haqiqatini tushunish borasida edi.

Oʻn oltinchi asrdan keyin Islom olami va Gʻarb orasidagi fan yutuqlari boʻyicha tafovvutning ortganligi toʻgʻri. Lekin bunga musulmon olimlarining muxolifati sabab boʻlgan deyish asossiz. Bu bir talab va taklif masalasidir. Siyosiy va iqtisodiy jihatdan kuchsizlangan Islom olamida fan va texnologiyaga ehtiyoj sezilganida, avvalgi davrlar singari ratsional bilimlar rivojlanishda davom etardi. Koʻplab astronom, fizik, muhandis va boshqa bilim odamlari bu davrda jamiyat va davlatning ehtiyojlarini taъminlardi.

Gʻarb tanqid qilayotgan ikkinchi xusus “madrasalarning ilohiyot va huquq darslariga koʻproq eъtibor qaratishidir“. Holbuki islom olamida ratsional bilimlarning tahsili alohida berilardi. Astronomiya, bilan matematika kitoblar toʻla kutubxonalarda; observatoriyaga tegishli asbob-uskunalar davomli qoʻllaniladigan rasadxonalarda  va matematik, astronomlarning yonida  oʻrgatilardi. Tibbiyot esa, shifoxonalarda oʻrganilar edi. Shu sababli siyosiy va iqtisodiy inqiroz davrida, ehtiyojni taъminlaydigan darajada huquq va ilohiyot darslari davom etdi. Ratsional bilimlar rivojlanmadi. Hozirgi vaqtga kelib, Gʻarb bilan integratsiya majburiy boʻlgach bu bilimlar oʻtiladigan zamonaviy maktablar qurildi.

Ibn Haldun, buni siyosiy va iqtisodiy sabablarga bogʻlaydi va “Ilm, boy davlatlarda rivojlanadi” deydi. Bir mintaqa zaiflashsa, taъsirini yoʻqotsa va aholisi kamaysa, moddiy yordam berilmaguncha maslaklar yoʻq boʻlgudek kamayadi. Bagʻdod, Qurtuba, Kayruvon, Basra va Kufa singari Islomning ilk asrdagi gavjum, farovon shaharlari madaniyat va ilm markazlari edi. Aholisi ozayib farovonlik darajasi kamaygach, madaniyat va ilm yoʻqolib, Eron va Turkiston kabi boshqa mintaqalarga koʻchdi. Bilimning porlashi, iqtisodiy faoliyatlar va texnologiya rivojlangan vaqtlarga toʻgʻri keladi. Bilimning yoʻli tijorat va sanoatning, Misr va Mesopotamiyadan Yunonistonga, Andalusdan Renessans Italiyasiga, u erdan Gollandiyaga va keyin sanoat inqilobi Angliyaga yoʻnalgan yoʻl bilan birdir.  Jamiyat inqirozga uchragach, ilm rivojlanishi ham toʻxtaydi va yoʻqoladi. Ilm, farovonlik va xavfsizlikni talab kiladi.

XV asr oxirida ilm-fan  rivojlanishi juda qiyin, hatto imkonsiz xolatga keldi. Bu davrgacha na Islom, na oʻrta asr Evropasida jiddiy fan ixtirolarini koʻrish mumkin emasdi. Bunday rivojlanish uchun eski tizim qulashi kerak edi. Evropaning kashflar yoʻli bilan boyishi va aholisining ortishi buni taъminladi.

Inqirozning sabablari

1. Er maydonlarining xossasi: Islom mintaqalarining koʻp hududi yashashga yaroqsiz boʻlgan unumsiz yoki sugʻorilmaydigan lalmi maydonlardan, dasht va sahrolardan iborat edi. Umaviy va Abbosiylar sugʻorish inshootlariga katta ahamiyat berib, ziroat inqilobini amalga oshirdi. Markaziy hukumat zaiflagach, sugʻorish inshootlari ham yoʻq qilindi. Moʻgʻil istilosidan keyin ham ekin maydonlari choʻlga yoki botqoqlikka aylandi.

2. Koʻchmanchilar: Markaziy idora zaiflashganida, doimo koʻchmanchilar ustun kelib, tartibsizlik va anarxiyaga sabab boʻldilar. Sugʻorish inshootlarining vayron boʻlishi va sugʻoriladigan maydonlarning yaylov yoki botqoqlikka aylanishi bilan koʻchmanchilarning nazoratidagi hududlar kengaydi.  Oʻn uchinchi asrdan hozirgi vaqtgacha tinmay Iroq va Suriyadagi aholining kamayishiga sabab boʻldi.

3. Tabiiy ofatlar: Oʻrta asrda Islom mintaqalaridagi tabiiy ofatlar, ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarga sabab boʻldi. 968 yilda Nil daryosidagi suv sathining pasayib ketishi jiddiy qahatchilikka olib keldi. 600 ming inson oʻldi. Uning ortidan ocharchilik va vabo kasalliklari yuzaga keldi. Oʻrta asrning eng katta falokati “Qora oʻlim” (vabo) Evropadan ham koʻproq Islom olamini mahv qildi. Misr, Suriya va Iroq aholisining uchdan ikkisi nobud boʻldi. Ziroat va sanoat tanazzulga uchradi. Harbiy kuch ham bunga parallel  ravishda zaifladi.

4. Joʻgʻrofiy mavqe: Joʻgʻrofiy joylashuvi islom mintaqalarini salib yurishlaridan bugungi kungacha davomli tashqaridan tajovuz va hujumlarga nishon qildi. Gʻarb bilan Sharqning qoq oʻrtasida, bunga qoʻshimcha tekislikda joylashgan islom mamlakatlari, har jihatdan mudofaasiz edi. Yaponiya va Britaniya kabi orollar, shu jihatdan strategik imtiyozga ega.

5. Salib yurishlari: Qudus va muqaddas joylarni musulmonlardan olish maqsadida 1096-1291 yillari orasida Islom olamiga qarshi ettita salib yurishi uyushtirildi. Bosib olingan shaharlardagi musulmonlar qatliom qilindi. Boʻshagan shaharlarga ishgʻol qilishga kelgan qoʻshinlarning askarlari va ular bilan birga kelgan mojaroparastlar, tujjorlar va yoʻlovchilar joylashtirildi. Din niqobidagi hujumlar ortida iqtisodiy sabablar yotardi. Evropa aholisi mudom ortayotgan edi. Evropadagi 38,5 millionga muqobil musulmon mamlakatlardagi aholi 12,5 milliondan oshmasdi. Salib yurishlari imperializmning ilk tajribasi edi. Gʻarb Evropasidagi aholi va ishlab chiqarish ortdi. 

Daromadlardagi ortish, sarmoya toʻplashga sabab boʻldi. Salib yurishlari Venetsiya, Piza va Janova kabi Shimoliy Italiyaning yirik dengiz shaharlarining rivojlanishi uchun yaxshi zamin boʻldi. Bunga muqobil ikki asr davom etgan salib yurishlariga qarshilik koʻrsatish mahalliy iqtisodni kasodga uchratdi va arab shaharlari zaiflashdi.

6. Moʻgʻillar: Musulmon dunyosi salibchilar bilan ovora boʻlganida Sharqdan yana bir dahshatli xavf paydo boʻldi. Chingiz koʻchmanchi moʻgʻillarni birlashtirdi va Islom mamlakatlariga hujum qildi. 1220 yildan eъtiboran islom shaharlari vayron boʻldi. Bogʻdodning ishgʻol etilishi bilan Abbosiy xalifaligi tugatildi. Bu Islom madaniyatidagi oltin asrning yakun topganiga ishora edi. Ushbu istiloning eng qoʻrqinchli tarafi aholining kamayishi edi. Bogʻdodda qatl qilinganlarning soni 2 millionga yaqin edi. Aholining 90% qatl qilindi. Yuzminglab kitoblarga ega kutubxonalar ham bu falokatdan chetda qolmadi.

7. Tijorat yoʻllari: Kashflar sababli, Ipak yoʻli kabi tijoriy yoʻllar ahamiyatini yoʻqotdi. Evropa va Islom olami orasida daromad taqsimi jiddiy darajada oʻzgardi. Millatlararo tijorat markazi, Oqdengiz va Hindistondan, Boltiq boʻyi va Atlantikaga koʻchdi. Islom mamlakatlari mustamlaka, xomashyo etkazib beruvchi mintaqaga aylandi. Evropa mustamlakalari tufayli sanoat inqilobini amalga oshirdi.

8. Kapitulyatsiyalar: Mamluk va Usmoniy sultonlari, ajnabiylarga bergan imtiyozlari orqali iqtisodga foyda keltirishni oʻylagan edi. Siyosiy kuchning zaiflashi bilan, kapitulyatsiyalar aks taъsir koʻrsatdi. Xorijiy iqtisodiy hokimiyatga yoʻl ochdi. Arzonroq Evropa tovarlari bozorlarni egallab oldi. 

9. Harbiy toʻqnashuvlar: Musulmon hukumdorlarining islohot loyihalari Evropa davlatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ichki kelishmovchiliklar va tashqaridan harbiy hujumlarning ortishi bilan muvaffaqiyatsizlikka uchratildi.

10. Haddan tashqari yoyilish: Musulmonlar yuksak ideallar ortidan quvib, tarqalib ketishdi. Ammo buni ushlab turadigan aholi va moddiy kuchga ega emasdi. Aholi kuchi bilan nisbati teng boʻlgan XIX asrning oʻrtasida Usmoniy imperiyasi aholisi 17 million bulsa, Gʻarb aholisi 190 million edi. Rossiya va Sharqiy Evropa aholisi 274 million edi. Angliya 30, Frantsiya 37, Ispaniya-Portugaliya 20, Italiya 24, Germaniya 32, Avstriya 32 million edi.

Mavzuga aloqador