03.07.2025 16:11
481

Mulohaza: Prezident hijobni yoqtirmaydimi?

Chempion qizlarning hijobi prezident bilan uchrashuv uchun echtirildi. Avvalroq, prezident qatnashadigan futbol matchida futbolchilarning soqoli olingandi. 

Oʻtgan yili yozda oʻzbekistonlik Rayyona Ibrohimova Germaniyada Butunjahon olimpiadasida oltin medal sohibasi boʻlgandi. Nemis tili boʻyicha 62 davlatdan kelgan oʻquvchilar bilan bellashib gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik qizning tasvirlari mahalliy va xorij nashrlarida tarqaldi.  Ularda andijonlik Rayyona Ibrohimova muhofazakor oilaning farzandi, hijobda ekanligi maъlum boʻldi.

Koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati Rayyona Ibrohimovaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganini eъlon qildi.

Shu bilan Germaniyada til boʻyicha oltin medal olgan qiz haqidagi xabaru maqolalar tindi. Oradan bir yil oʻtib, bugun Rayyonaning suratlari yana ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda, u haqida postlar yozilmoqda. Bu gal Rayyona Ibrohimova prezident Shavkat Mirziyoevdan davlat mukofotini olganidan koʻra, uning tashqi koʻrinishi tillarga tushdi.

Hammaning muhofazakor tasavvuridagi Rayyona suratlarda hijobsiz, boshda doʻppi va biroz pardozli gʻarbcha klassik koʻrinishda edi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Rayyonaning hijobi prezident bilan uchrashuv uchun echtirilganini yozishmoqda. 

"Qizaloqning roʻmolli holida Prezidentimiz yonida turgan rasmini kutdim. Ammo koʻrib, uni topolmadim. Bilsam, roʻmolini echdirishibdi.
Rumolini echayotib uning ichida kechgan ziddiyatni chukur xis kildim”, deydi "Qodirova tahrirchi" Telegram-kanali muallifi.

"4 kunlik bu umr davomida Koinot Yaratuvchisiga karshi chiqqanlarning yakuni OʻTA yomon boʻlgani haqida xabarlar biram koʻp, biram koʻp", deya post qoldirdi  jurnalist Muhammad Shakur feysbukdagi sahifasida.

Tvitter foydalanuvchilaridan biri prezident bilan uchrashuv uchun hijob echiriligi voqeasi faqat Rayyona holatida emasligini bildirgan.

Taqdirlanganlar orasida parasportchi chempion Fotima Saipova ham prezident bilan uchrashuvda boshqa taqdirlanuvchi xotin qizlar qatori boshida doʻppi va gʻarbcha klassik kiyimda boʻlgan. Ijtimoiy tarmoqlarda chempionning hijobli ekanini isbotlovchi fotosuratlari tarqalmoqda.

Ham fan, ham sport olimpiadalari gʻoliblarining prezident bilan uchrashuv uchun hijobi echirilishi mamlakatda inson huquqlariga boʻlgan munosabatni savol ostiga oladi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu vaziyatni dindor boʻlmagan qatlamga anglatish uchun quyidagi savolni qoʻyishadi:

“Agar hijobsiz qizni hijoblanib chiqishga majburlashganida munosabatingiz qanday boʻlardi?” 

Oʻzbekistonda inson erki va huquqlari qonunlarda belgilangan. Jumladan, mamlakat bosh qomusining 13-moddasiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaъni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”.

60-moddasida esa, “Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, shaъni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”, deyilgan.

Shu maъnoda "Qodirova tahrirchi"  telegram-kanali muallifi qoʻyidagi fikrni bildiradi:
 
"Demokratik davlat deyilgach, roʻmollimi, roʻmolsizmi teng koʻrilishini, ularning tanlovi xurmat qilinishini talab qilaman! Boshidan roʻmoli majburan siltab olinayotgan vaqt, uning butun eъtiqodi, ishonchi, oʻzligiyu qatъiyati ham yuragidan sugʻurib olinayotgan boʻladi. Bu xuquqqa xam, qonunga xam, insoniylikka ham zid harakat..."

Bugun Oʻzbekistonda musulmonlarning haq va erklari har qachongidan-da, dolzarb masalaga aylangan.

Chunki, chempion qizlarni prezident bilan uchrashuv uchun roʻmolidan ayirganlar, musulmonlarning soqolini oldirayotganlar, azon ovozini pasaytirib, bolalarni masjidu namozlardan toʻsishga urinayotganlar javobgarlikka tortilish u yoqda tursin, bu harakatlar amaldagi qonunlarga xilofligiga koʻz yumilayapti.

Chempion qizlar prezidentga nega hijobini echtirib koʻrsatildi? Avvalroq, prezident qatnashadigan futbol matchida futbolchilarning soqoli olingandi.

Aholisi asosan islom diniga eъtiqod qiluvchilar boʻlgan mamlakatda hukumat vakillari erkaklarning soqol qoʻyishi, ayollarning tanasini yopishi aslida meъyoriy holat ekanini bilmaydimi? Yoki bu harakatlar prezident islomni yoqtirmasligiga ishorami?

Sohiba Hayot




Mavzuga aloqador