04.10.2025 14:47
27

Marokashda sogʻliq va taъlim inqirozi: raqamlar, noroziliklar va tahlillar


Soʻnggi kunlarda Marokashning turli shaharlarida – Rabot, Kasablanka, Tanja, Marrakesh, Fas, Tetuan, Ujda, Agʻodir va boshqa hududlarda yirik norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Yoshlar asosan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan «Genz 212» harakati chaqiriqlari asosida koʻchalarga chiqishdi. Ular “Sogʻliq birinchi, Jahon chempionati kerak emas”, “Na sogʻliq, na taъlim – bu Allohga tavakkal qilgan Marokash” kabi shiorlarni koʻtarib, hukumatdan sogʻliqni saqlash va taъlim tizimini tubdan isloh qilishni talab qilishdi.
Hukumat esa ruxsatsiz aktsiya sifatida baholab, politsiya kuchlari orqali namoyishlarni tarqatdi, bir qancha ishtirokchilar hibsga olindi, keyinroq ozod etildi. Bu holat bir nechta huquq tashkilotlari va siyosiy partiyalar tomonidan qoralandi.
Taъlim sohasi raqamlarda
Marokash byudjeti 2025 yil uchun taxminan 721 milliard dirham (72,1 mlrd dollar) boʻlib, uning 16,4% i – 118 milliard dirham (11,5 mlrd dollar) taъlim va sogʻliq sohalariga ajratilgan.
Taъlimga ajratilgan mablagʻ soʻnggi uch yilda ortib borgan: 2023 yilda 69 mlrd dirham, 2024 yilda 74 mlrd, 2025 yilda esa 86 mlrd dirham. Bu umumiy byudjetning 12% iga teng.
Davlat maktablarida 8,27 million oʻquvchi, ularga 299 ming oʻqituvchi toʻgʻri keladi (har 1000 oʻquvchiga 36 oʻqituvchi).
Sinflarda cheklov joriy qilingan boʻlsa-da (1-sinfda 30 nafar, qolganlarida 36 nafardan koʻp emas), hanuz qator maktablarda ortiqcha yuklama mavjud.
Oliy taъlimda 1,15 million talaba, 12 universitet tarkibidagi 162 oliygohda tahsil olmoqda. Ularda 17 ming professor-oʻqituvchi ishlaydi. Universitet bitiruvchilari soni – 135 ming, bu umumiy bitiruvchilarning 75% ini tashkil qiladi.
Xalqaro reytinglarda Marokash taъlim sifati jihatidan juda past oʻrinlarda: Davos forumi boʻyicha – 101-oʻrin, Jahon bilim indeksida – 98-oʻrin.
Sogʻliqni saqlash sohasi raqamlarda
Sogʻliqqa ajratilgan byudjet ham yil sayin oshgan: 2023 yilda 28 mlrd dirham, 2024 yilda 30 mlrd, 2025 yilda esa 32,6 mlrd dirham. Bu umumiy byudjetning faqat 4% i.
Davlat tizimida 6 universitet shifoxonasi va 3 078 tibbiyot muassasasi mavjud, shulardan 2 186 tasi qishloq hududlarda.
Shifokorlar soni – 15,6 ming, yaъni har 1000 kishi uchun 0,43 shifokor. Bu xalqaro oʻrtacha darajadan (1,72) toʻrt barobar kam.
Hamshiralar – 41,6 ming, yaъni har 1000 kishi uchun 1,1 hamshira. Jahon oʻrtachasi esa 3,86.
Nambeo xalqaro indeksida Marokash 99 davlat ichida 94-oʻrinda turibdi.
Ishsizlik va kambagʻallik
2025 yilning ikkinchi choragida ishsizlik darajasi 12,8% ga etdi.
Qashshoqlar soni 2014 yildagi 4 milliondan 2024 yilda 2,5 milliongacha kamaygan boʻlsa-da, asosan qishloqlarda toʻplangan.
1,25 million kishi majburiy qisman ish bilan band. Iqtisodiyotning uchdan ikki qismi norasmiy sektorga toʻgʻri keladi, bu esa ijtimoiy himoyasiz mehnat degani.
Oliy taъlim bitiruvchilaridan:
o 35% oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlaydi,
o 40% diplomiga aloqasi yoʻq sohalarda ishlaydi,
o 25% esa umuman ishsiz.
Tanqid va tahlillar
Taъlim sohasi boʻyicha ekspert, sobiq vazir Xolid Samadiyga koʻra, hukumat katta byudjet ajratganiga qaramay, strategik yoʻnalishga amal qilmay, sohani qisman boshqarmoqda. Uning fikricha, bu “tizimdagi izdan chiqish va yoʻnalish yoʻqotilishi”dan darak, va haqiqiy islohot uchun keng qamrovli, uzluksiz yondashuv zarur.
Afrika tadqiqotlari markazi rahbari Rashid Sariy esa hukumat va partiya rahbarlarining “eng yaxshi hukumatmiz” degan bayonotlari aholidagi qiyin ahvol bilan mutlaqo uygʻun emasligini aytib, “bu xalq uchun haqiqatdan koʻra koʻproq haqorat” ekanini taъkidladi. Uning fikricha, aholi ishsizlik, qimmatchilik va qoloq xizmatlardan aziyat chekayapti, shuning uchun ochiq ijtimoiy muloqot va islohot zarur.
Xulosa
Marokashda sogʻliqni saqlash va taъlim sohalari mamlakat kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ammo raqamlar va reytinglar koʻrsatadiki, katta mablagʻlar sarflansa-da, tizimda izchillik va samaradorlik etishmayapti. Yoshlar koʻchalarga chiqishi ham ana shu chuqur ijtimoiy muammolarning ifodasidir. Muttaxassislar fikriga koʻra, haqiqiy oʻzgarish uchun qisman emas, balki uzoq muddatli, tub va keng qamrovli islohotlar zarur.
Sano al-Qovaytiy, 
jurnalist

Mavzuga aloqador