27.06.2025 16:57
58

Haqiqatni aytishdan qoʻrqish kerakmi?!


27 iyunь – Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. 
Bu sohada ijod va mehnat qilayotgan “Azon Global”  2017 yildan buyon islom va musulmonlar dunyosining ovozi boʻlib kelmoqda. Va bu faoliyat uchun bosim va tsenzuraning turli koʻrinishlari ostida boʻlishiga qaramay, oʻz soʻzini aytishdan chekinmayapti.
Global miqyosda ham diniy nashrlar, etakchilar, haq yoʻlida qalam tebratayotgan ijodkorlar maъlum bir qatlam uchun “havfli”ga aylangan.
“Azon Global” jamoasi jurnalistikaning bugungi kuniga nazar tashlab, ushbu videolavhani taqdim etadi.

“Havfli” jurnalist


Men jurnalistman.
Men bugungi zamonda jurnalist sifatida oʻzimni xavfsiz his qilmayman...
Men haqiqatni tanladim. Bu yoʻl oson emasligini bilardim, ammo umrim qil ustida kechishini oʻylamagan ekanman. 
Bugun jurnalist uchun kalima — qurol, qarash — tahdid, savol — jinoyat deb qabul qilinayotgan zamon.
Men hayotni boricha koʻrsatayapman: Yashash uchun kurashayotgan xalq, goʻdaklar koʻz yoshi, ayolning dardi, erkak boʻynidagi zalvorli yuk, muhojirning kemtik yuragi, musulmonlarning boʻgʻzidagi faryodi — turfa insoniy hikoyalar. Ammo shu hikoyalarni koʻrsatish ham baъzan jazoga aylanib qoldi.
Men har gal mikrofonni yoqqanda, bu galgi kalomim qaysi eshikni yopib qoʻyishini bilmayman.
Men faktlar bilan ishlayman. Ammo baъzan haqiqatning oʻzi — xatar.
Baъzan sukutni tanlayman. Oʻzimdan soʻrayman:
“Buni aytsam nima boʻladi?”
“Aytmasam nima boʻladi?”
Javob yoʻq. Yoki ikkisi ham ogʻriqli.
Har bir bir muammoni yoritgan jurnalist ortida xavotirli farzandlar, yuragi bezovta ona, xavfni his qilgan yaqinlari bor. Ular doimo:
“Ehtiyot boʻl…” deydi.
Ammo “haqiqatni aytmaslik” — bu men uchun xavfsizlik emas, ojizlik.
Men hamisha shu haqiqatni qidirar ekanman, oʻzimni xavfsiz his qilishni xohlayman. 
Erkinlik bu — masъuliyat.  Men bu masъuliyatni qoʻrquv bilan emas, himoya bilan bajarishni istayman.
Haqiqat qorongʻuda qolmasligi uchun, men ham nur ichida yurishni, himoyalangan boʻlishni, odamlar orasida yashab, soʻzga boʻlgan ishonchni saqlab qolishni xohlayman.
Bir men emas, har inson hamisha oʻzini xavfsiz his qilishni xohlaydi. Oddiy fuqaroning kuchi etmagan joyda davlat yordam berishini, davlat himoya qilishini istaydi. 
Muhojirlar bilan necha yil ishlagan boʻlsam, biror marta biror musofir oʻzini mutlaqo himoya ostida deb his qilolmaganiga guvoh boʻlganman. 
Oddiy fuqarolarimiz ham, ziyoli qatlam ham oʻzini global dunyoga tashlab qoʻyilgan yolgʻiz, hech kim yoʻq kimsadek his qiladi. 
Boshqa davlat fuqarolariga oʻxshab, biror gap boʻlsa davlatim himoya qilib oladi, yoʻl koʻrsatadi, degan ishonch hech birimizda yoʻq. Lekin bir necha asr oldin aslida fuqarolik instituti, davlat mashinasi  aynan shu uchun oʻylab topilgan va shu uchun tashkil qilingan edi.
Qonunlarni oʻylab topish uchun kamida ikki yuz nafar deputatni millionlab insonlar bir kunlik yumushini tashlab, saylab keladi. 
Qonun ishlab chiqaradigan apparatni taъminlab turishga milliardlab pul sarflanadi. Keyin oʻsha qonunlarning ijrosini taъminlash uchun ijro apparatiga sarflanadi va bu xarajat davlat byudjetining eng katta xarajat ustuni boʻladi.  
Lekin shunda ham qonunlarning qiymati, ularning byudjetga, odamlarning choʻntagiga tushgan bahosi hurmatidan ham ularga rioya qilinmaydi. 
Kimdir qoʻlga olinsa, advokat berilmaydi, aybi ochiq-oydin aytilmaydi, yaqinlariga xabar berilmaydi, koʻrishtirilmaydi, telefonlashishga ruxsat berishmaydi, loaqal aniq maъlumot berishmaydi. 
Bir insonning taqdiri umuman nomaъlum hamda mavhum boʻlib qoladi — qaerda u, qay ahvolda, nega u erda, endi nima boʻladi, keyin nima qilish kerak — tushunarsiz. Hattoki ob-havoni oldindan prognoz qilib, shunga yarasha kiyimingni tayyorlash mumkin boʻlgan davrda nega qonun va tartiblarni aniq bilishni iloji yoʻq? 
Inson oʻzini xavfsiz his qilishi uchun, tinch yashab-ishlashi uchun nima qilishi kerak? 
Savollar koʻp, juda koʻp. Lekin javob beradigan mard yoʻq... 
Biz soʻz uchun qamalish, qiynoq, yoʻqotish, hatto oʻldirilishlar davrida yashayapmiz. 
Bu davr — haqiqiy jinoyatchilar emas, soʻzlaguvchilardan qoʻrqiladigan, haqiqiy xavf zoʻravonlik emas, haqiqat deb bilinadigan, kuch emas, kalom jazolanadigan davrdir.
Bu davrda:
Jinoyatni yoritgan jurnalist jinoyatchiga aylantiriladi.
Savol bergan muxbir ayblovchi qilinadi.
Fikr bildirgan inson dushman deb koʻrsatiladi.
Soʻz erkinligi haqida gapirgan kishi “targʻibotchi” deb ataladi.
Bu — adolatsizlikning yangi shakli.
Bu — “til” uchun toʻlangan narx.
Jamiyat jim.
Koʻpchilik: “Menga taalluqli emas” deb oʻylaydi. Ammo bir kun kelib, bu soʻzsizlik, bu sukut, hamma uchun xavfli oqibatga aylanadi.

Aslida haqiqatni aytishdan qoʻrqish kerakmi?! 
Hozirgi kunda, ha.  Chunki haqiqat baъzilar uchun xavfli. Ularga kerak boʻlgani — sukut. 
Ovozni esa oʻchirib boʻlmaydi. Qalb choʻgʻidan otash boʻlib chiqayotgan sadoni oʻchirish emas, eshitish kerak. 
Eshiting, qarashlaringizni oʻzgaring, dunyoni oʻzgartiring. 
Adolat istaysizmi?!
Jurnalistga haqiqatni gapirib, xavotirsiz yashash imkonini bering.
Erkinlik — qattiq gapirish emas, haqiqatni qoʻrqmasdan gapirish.
Jurnalist xavfli boʻlmasligini kerak. Jurnalistni xavfli qilish — jamiyatning ojizligidir.
Shuning uchun men bugun sizdan, jamiyatdan, bir-birimizni tushunishni soʻrayman.
Jurnalist — dushman emas. Uning mikrofoni — qurol emas. Uning qoʻlidagi qalamga koʻzgu deb qarang.
Haqiqatni yoritish — xavfli boʻlmasligi kerak. Bu mening haqim. Bu har bir soʻzlovchi insonning haqi.
Muallif Sohiba Hayot

Mavzuga aloqador