Gʻazo namoyishlari: aslida ichki vaziyat qanday?
Gʻazo namoyishlari: aslida ichki vaziyat qanday?
18 mart kuni Isroil harbiy samolyotlari Gʻazoni shafqatsizlarcha bombardimon qilishni davom ettirdi – bir necha kun ichida 800 dan ortiq falastinlik halok boʻldi. Toʻqqiz kunlik hujumdan soʻng Bayt-Lahiya shahridagi namoyishchilar koʻchalarga chiqdi. Ular orasida "Genotsid yoʻqolsin" degan yozuvli plakatlarni koʻtarib olganlar bor edi, baъzilari esa falastinlik qurolli guruhlarga, xususan HAMASga ayblov bilan chiqdi.
Isroil ommaviy axborot vositalarida bu kadrlar darhol tutilib, qayta talqin qilindi: Isroil kampaniyasi samarali ekanligini, aholi va qarshilik koʻrsatish guruhlari oʻrtasida ziddiyat paydo boʻlayotganini isbotlash uchun ishlatildi. Falastin noroziligining bu tasviri – goʻyoki tarqoq, umidsiz va noaniq pozitsiyani ifoda etardi – Isroil urush strategiyasining asosiga aylandi. U ikki xil qarashni ilgari suradi: harbiy hujum zarurligi va falastinliklar zoʻravonlikni oʻzlari yaratganini tan olishlari. Gʻazodagi urush endi faqat vayronagarchilik kampaniyasi emas, balki taslim boʻlish, falastinliklar oʻlimlari uchun javobgarlikni oʻzlarining zimmasiga olish tasvirini yaratishga qaratilgan psixologik operatsiyadir.
Bu tasvir yana bir vazifani ham bajaradi: Isroilning ichki hokimiyatni mustahkamlashini qonuniylashtiradi. Isroildagi sarlavhalar endi ikki tomonlama strategiya – institutsional tuzilmani qayta tartibga solish va abadiy urushni davom ettirish orqali oʻzini qayta shakllantirayotgan hukumat haqida gapirmoqda.
Bu maqsadlar bir-biridan farq qilmaydi, aksincha, biri ikkinchisini quvvatlaydi. Gʻazodagi genotsid kampaniyasi shunchaki harbiy mashgʻulot emas – u etnik tozalash imkoniyatini yaratadi, beqaror mintaqaviy vaziyatni taъminlaydi va Eron bilan toʻqnashuv uchun zamin hozirlaydi. Ichki jihatdan, oʻng qanot loyihasi – sud islohotlari va fuqarolik chegaralarini qayta belgilash – favqulodda vaziyatni saqlab qolishga asoslangan.
Urush, oʻz navbatida, milliy birdamlik zarurati, qamal ostida yaratilgan birdamlik gʻoyasi bilan oqlanadi va Falastinning taslim boʻlish belgilari faqat ushbu keng qamrovli oʻng qanot gʻoyasiga xizmat qiladi. Bu jarayonlar birgalikda yopiq zanjirni hosil qiladi: oʻz-oʻzini mustahkamlovchi va oʻzaro bogʻliqlik zanjiri.
Bugungi kunda Isroildagi asosiy yangiliklar: Shin Bet rahbari Ronen Barning ishdan boʻshatilishi (hali kuchga kirmagan), davlat bosh prokurorining ishdan boʻshatilishi (bu ham hali kuchga kirmagan) va Knessetda kuchga kirishi kerak boʻlgan sud islohotlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasining qabul qilinishi. Bularning barchasi Isroil goʻyoki Suriya va Livanga tomon kengayish urushida, Falastin masalasini hal qiluvchi jangda, oʻzini Yaqin Sharqdagi yagona gegemon deb eъlon qilish kurashida ishtirok etayotgan bir paytda sodir boʻlmoqda. Ichkarida toʻntarish, tashqarida esa bitmas urush.
Bu noroziliklar – zaif va siniq boʻlsa-da – Isroil tasavvuridagi begunohlik timsolini tiklay olmaydi. Bayt-Lahiyadagi urushni toʻxtatishga chaqiruvchi, genotsid va HAMASga qarshi qichqirgan namoyishchilar aybdorlik doirasidan tashqaridagi ovozlar, oʻlim tahdidisiz yashashga intilayotgan odamlar oʻlaroq qabul qilinmaydi.
Ularning paydo boʻlishi Isroil ushbu urush paytida diqqat bilan shakllantirgan Falastinning jamoaviy aybi haqidagi tasavvurni yanada mustahkamlaydi. Isroil nutqida ular qurbonlar emas, balki potentsial hamkorlar – oʻz xalqiga xiyonat qilishdagi, qarshilik koʻrsatishdagi xatoni tan olishga, hokimiyat oldida tiz choʻkishga tayyor falastinliklar oʻlaroq gavdalanadi.
Taslim boʻlish manzarasi aybdorlikning yakuniy daliliga aylanadi: kurashganlik aybi emas, balki boʻysunishdan butunlay bosh tortganlik aybi. Shu tariqa, hatto norozilik ham vositaga aylanadi. U urushni toʻxtatmaydi, balki uning mantigʻini yana bir bor tasdiqlaydi. U zoʻravonlikni nafaqat asosli, balki zarur qilib koʻrsatadi, taslim boʻlish mumkinligini, parchalanish haqiqat ekanligini va hukmronlikni hali ham takomillashtirish mumkinligini quvvatlaydi.
Falastin noroziligi
2007 yilda Gʻazodagi qurolli guruhlar oʻrtasida oʻzaro ziddiyatli vaziyat yuzaga kelgan edi. Oʻshandan beri Falastin jamiyati – Gʻazoda ham, Gʻarbiy Sohilda ham – mustamlakachilik sharoitiga nisbatan oʻziga xos pozitsiyani taklif etuvchi ikkita raqobatdosh siyosiy guruh mavjudligi tufayli chuqur ichki boʻlinishni boshdan kechirmoqda.
Mahmud Abbos va Falastin maъmuriyati boshchiligidagi birinchi guruh hamkorlik va moslashuvni qoʻllab-quvvatlaydi – bu strategiya muzokaralar, davlat qurilishi va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka asoslangan.
Ikkinchi guruh HAMAS va boshqa qarshilik koʻrsatish guruhlari timsolida qarama-qarshilik va boʻysunmaslikni gavdalantiradi, mustamlaka tuzilmasini parchalashni hayot-mamot kurashi sifatida koʻradi. Bu boʻlinish shunchaki institutsional emas; u Falastin siyosiy hayotining toʻqimalariga singib ketgan, hissiyot, nutq va norozilik, omon qolish va umid muzokaralari olib boriladigan sharoitlarni shakllantirgan.
Biroq bu jarayon faqatgina ichki voqealar mahsuli emas. U doimiy axborot va psixologik urushlar orqali, xususan, Isroilning genotsid kampaniyasi uchun javobgarlikni qarshilikning oʻziga yuklashga uringan arab ommaviy axborot vositalari (Koʻrfaz davlatlari tomonidan moliyalashtirilgan) orqali shakllantirilgan.
Bu boʻlinish Aqso toʻfoni voqeasidan soʻng Falastin siyosiy muhokamalarida ustun rol oʻynadi va asta-sekin uchta oʻzaro bogʻliq juftlik: gʻalaba va magʻlubiyat, masъuliyat va voz kechish, qarshilik koʻrsatish va omon qolish atrofidagi ziyoli va jamoatchilik munozaralarini qutblashtirdi. Bu talqinlarda "magʻlubiyat" shunchaki natija emas, balki doimiy holat – falastinliklar qurolsizlantirilgan, umidsiz va boʻysundirilgan holda oʻrnashishi kerak boʻlgan siyosiy istiqbol edi.
Ushbu sohada Gʻazodagi uyushgan muxolifat ovozlarini asosan uchta ijtimoiy va siyosiy toifaga ajratish mumkin:
Birinchisi, anъanaviy oilaviy tuzilmalar – qudratli urugʻlar boʻlib, ular urushni ichki nazoratni oʻrnatish, oʻz hukmronligini tiklash va kelayotgan yordam hamda qayta qurish ishlaridan moliyaviy foyda olish imkoniyati deb bildilar.
Ikkinchisi, Fath tarafdorlarining katta ijtimoiy bazasi, xususan, Mahmud Abbos yoki Muhammad Dahlan bilan hamfikr boʻlganlar. Ular vaziyatdan foydalanib, HAMASni zaiflashtirish uchun vayronagarchilik sharoitida qarshilik harakatini ayblovchi fikr va qarashlarni tarqatishga intildilar. Ularning maqsadi HAMASni siyosiy jihatdan kuchsizlantirish va urushdan keyingi vaziyatda oʻzlarini boshqaruvga olib kelishga tayyorlash edi.
Uchinchisi, HAMASning harakatlari timsolida koʻplab oddiy falastinliklar uchun umumiy boʻlgan genotsidning yakun topishi, zoʻravonlikning tugashi va Isroilning shafqatsiz harakatlariga toʻsqinlik qiladigan har qanday narsaga boʻlgan umidsiz istak edi.
Urushni zudlik bilan toʻxtatish xohishi koʻp jihatdan samarali psixologik kampaniyaning asosiy belgisiga aylandi. Bu kampaniyada Fath tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishchilari Isroilning axborot va psixologik urushi bilan ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz ravishda hamkorlik qilmoqda.
Bu saъy-harakatlar markazida aybni, masъuliyatni toʻgʻridan-toʻgʻri qarshilik koʻrsatuvchilar zimmasiga yuklaydigan muayyan oʻzini oʻzi qoralash nutqi turadi. Bu doirada genotsid aybdorning jinoyati emas, balki falastinliklarning boʻysunmasligi oqibatiga aylanadi. Bu tushuncha falastinliklardan boʻysundirilganligi uchun emas, balki unga qarshilik koʻrsatishga jurъat etganligi uchun oʻzlarini aybdor his etishlarini talab qiladi.
Biroq bunday nutqiy qurilma nafaqat uning tuzilishi, balki vaziyatning jiddiyligi – oʻziga qarata qurol oʻqtalib turilganda ham chidashga majburlik sabab samaralidir. Bu Gʻazoning umumiy ahvolini ifoda etadi: doimo omon qolish uchun kurashiladigan, soʻz aytishning bahosi oʻlim boʻlgan va begona bir yurt. Bular qamal, bombardimon va nafas olish uchun boʻysunishni talab qiladigan mustamlakachilik koʻlankasi ostida shakllanadi.
Qolaversa, Gʻazoni tinimsiz bombardimon qilish va uning qurilish muhitini batamom vayron etish butunlay yangi voqelikni yuzaga keltirdi. Bu yangi voqelik ikki tomonlamadir.
Birinchidan, u boshqaruv tuzilmalarining va Falastin hokimiyatining asosiy xizmatlarni koʻrsatish yoki jamiyatni boshqarish qobiliyati, ayniqsa jinoyatchilikni nazorat qilish va qasos olishni davom ettirish sohalarida jiddiy zaiflashuvni oʻz ichiga oladi.
Ikkinchidan, u siyosiy va maъmuriy boʻshliq hissini yaratdi. Bu holat Isroilning tinchlik kelishuvini buzganidan soʻng hukumat amaldorlarini qasddan oʻldirishi bilan yanada avj oldi. Institutsional mavjudlikning ham jismoniy, ham ramziy jihatdan yoʻqolishi nafaqat xizmat koʻrsatish inqirozini, balki tartib gʻoyasining buzilishini ham keltirib chiqardi. Bu hokimiyat tobora zaiflashib borayotgan va davlat tuzilmalari yoʻqligi sharoitida nazoratning muqobil shakllari hamda norasmiy kuchlar oʻzini namoyon etayotgan muhitga olib keldi.
Ikkinchisi, Gʻazoni HAMASga yoki umuman qarshilik harakatiga dushman boʻlgan kuchlar tomonidan sodiqlik va siyosiy ittifoqni sotib olish maydoniga aylantirish. Bu qisman odamlarning jamgʻarmalari, mol-mulki va tirikchilik vositalarining yoʻq qilinishi bilan bogʻliq. Biroq, eng muhimi, zoʻravonlik boshlanganidan beri yuz bergan demografik va hududiy oʻzgarishlar natijasida Gʻazo endi urushdan oldingi Gʻazo emas.
Aholining moliyaviy imkoniyatlari, koʻchib yurishi va hududiy tarkibidagi bu oʻzgarishlar Gʻazodagi mahalliy siyosatni endi avvalgidek koʻz bilan koʻrib boʻlmasligini anglatadi. Urush odamlarni nafaqat jismonan koʻchirdi, balki bir paytlar siyosiy hayotga asos boʻlgan ijtimoiy toʻqimalar va mahalla birdamlikni ham izdan chiqardi. Ilgari HAMAS, Fath yoki boshqa tuzilmalarga moyilligi bilan ajralib turadigan hududlar endi tarqalib ketgan, ularning aholisi bir necha martalab koʻchirilgani bois turli yoqlarga bosh olib ketgan. Bayt xanunlik oilalar hozir Rafahda, shujaъiyyaliklar esa Dayr al-Balodagi boshpanalarga aylantirilgan maktablarda kun kechirmoqda. Bunday sharoitda "mahalliy tayanch" tushunchasi oʻz maъno-mohiyatini butunlay yoʻqotadi.
Siyosiy mansubliklar omon qolish zaruriyati tufayli zaiflashadi, vakillik tizimi esa makonning oʻzi vayron boʻlgani sabab izdan chiqadi. Endi mahalliy siyosat haqida uning oʻtmishdagi shakli nuqtai nazaridan emas, balki muallaq holatda – qamal, qaygʻu va toliqish sharoitida siyosiy pozitsiyalarini qayta shakllantirishga majbur boʻlgan, koʻchib yurishga mahkum jamoalar nuqtai nazaridan gapirish mumkin. Bu nafaqat boshqaruv yoki qarshilik koʻrsatish, balki siyosatning ham oʻziga xos inqirozidir. Misol uchun, kichik namoyishlar boʻlib oʻtgan Bayt-Lahiya ilgari Fath yoki HAMASning tayanch markazi boʻlganini aytish har qanday tahlilchi uchun oʻrinli boʻlmaydi.
Ushbu holatda shuni taъkidlash joizki, oʻn etti oylik urushdan soʻng Falastin jamiyatining chuqur ichki birdamlikni namoyish etishda matonat bilan davom etayotgani hayratlanarli holdir. Vayronagarchilikning tasavvurga sigʻmas koʻlamiga, hududlarning parchalanishiga va institutsional boshqaruvning emirilishiga qaramay, odamlar hamon mavjud moddiy neъmatlarni oʻzaro boʻlishish, ayirboshlash hamda birgalikda yashash yoʻllarini topmoqdalar. Jamoa gʻoyasi yoʻq boʻlib ketmadi: u qatъiyat bilan saqlab kelinmoqda, hatto urush odamlarni shaxsiy yoki oilaviy najot izlashga tobora koʻproq undayotgan boʻlsa ham. Boʻlinib ketish, talon-toroj va shafqatsiz zoʻravonlik sharoitida jamoaviy hayotning davom etishi shunchaki oʻtmishdan qolgan anъana emas, aksincha, bu – qarshilik koʻrsatishning faol shakli boʻlib, urushning ijtimoiy tuzilmani butunlay parchalab tashlashiga yoʻl qoʻymaslik, Islomiy qarshilikning ayni oʻzidir.
Abduljavad Umar, falastinlik olim, yozuvchi