10.03.2025 18:13
455
DINIMIZGA XIZMAT QILIB OʻTDILAR
Bahor oyining izgʻirinli ilk kunlarida yashin tezligida tarqalgan shum xabardan yurtimiz larzaga keldi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari toʻsatdan vafot qilibdilar... Avvaliga koʻpchilik kabi men ham ishonmadim, darrov tanish-bilishlarga qoʻngʻiroq qilib, soʻrab-surishtirdim. Bu sovuq xabarning yolgʻon boʻlib chiqishini ich-ichimdan istardim. Ammo afsuski, Shayx hazratlarining umr daftarlari yopilishi haqida Ilohiy Dargohdan berilgan hukm ijro boʻlgan edi. Barcha kabi men ham karaxt ahvolda edim. Ha, oʻsha kuni Islomning zabardast ustunlaridan biri quladi, musulmonlar uchun katta yoʻqotish boʻldi.
Bir muxlis armoni: «Qani edi, imkoni boʻlsagʻyu, umrimdan yigirma yilini Shayx hazratlariga olib berilsa, ahli Islom yana yigirma yil ustozning ilm bulogʻidan saboq olsa!”
Ammo buning iloji yoʻq. Oʻlim haq, tirik jon borki, oʻlim sharbatini totadi. Boqiylik faqat Allohga xos. Ustoz bu va boshqa aqidaviy masalalarni har bir musulmon aqliga joylab olishi kerakligini doimo taъkidlar, buning uchun «Sunniy aqidalar», «Hadis va hayot» silsilasining 2-jildi va ›Aqidatut-Tahoviya» sharhining talxiysi kabi zarur va birlamchi manba, adabiyotlarni ham tayyorlab bergandilar.
Aqida Islomning poydevoridir. Shuning uchun ham ulugʻ olim bu masalani shior darajasiga koʻtargandilar: «Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida pok aqida va musaffo Islomga intilish...»
Ustoz bilan bogʻliq xotiralar koʻz oʻngimda bir-bir jonlana boshladi. Xayolim talabalik davrimga ketdi. Men Shayx hazratlaridan taъlim olgan baxtiyor shogirdlardan biriman. Islom universitetida tahsil olayotganimizda ustoz bizga aqida va usuli fiqh fanlaridan arab tilida saboq berganlar. U zot oʻzbek tilida qanday mohir notiq boʻlgan boʻlsalar, arab tilida ham shunchalik ravon, bir tekis va erkin maъruza oʻqirdilar. Bizga darsga kelishlari shunday shov-shuv boʻlgandiki, universitetga aloqasi boʻlmagan koʻpchilik kishilar darsdan bahramand boʻlish uchun ruxsat soʻrab, auditoriyaning orqa oʻrindiqlarida oʻtirishardi. Hatto Misrdan kelib dars oʻtayotgan arab domlalar ham qiziqish bilan Shayx hazratlarining maъruzalarini tinglayotganlariga guvoh boʻlganman.
Darslar ketma-ket ikki para davom etar, dars tugashiga oʻn-oʻn besh daqiqa qolganida ustoz mavzuni tugatardilar. Navbat oʻzbekcha savol-javobga kelardi. Bunda hamma oʻzini qiziqtirgan savollar bilan bevosita hazratga murojaat qilib, javob olish imkoniga ega edi. Auditoriya ana shunday paytlarda jonlanib ketar, hamma bu fursatdan imkon qadar koʻproq foydalanib qolishga shoshardi. Shunday kunlardan birida savollar berilib, javoblar olib boʻlingach, ustoz: «Endi men sizlardan soʻrayman: xabaringiz bor, gʻarblik bir badbaxt kimsa Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni masxaralab rasm (karikatura) chizdi. Bu barcha musulmon dunyosining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Baъzi mamlakatlarda gʻazablarini jilovlay olmagan kishilar har xil noravo ishlarga ham qoʻl urishdi. Yurtdoshlarimiz oʻzlarini qiynagan shunday savollar bilan menga murojaat qilishdi: «Xoʻsh, biz noroziligimizni qanday ifodalashimiz kerak?» Hamma jim edi. Biz, talabalar, butun musulmon dunyosini qiynab turgan muammo qolib, qayoqdagi shaxsiy masalalarimizni soʻrab, ustozning boshlarini qotirganimizdan xijolat boʻldik. Sinf xonasiga sukunat choʻkdi. Hazratning oʻzlari gap boshladilar: «Bunday paytlarda har bir musulmon oʻziga: «Men Paygʻambarimizni qay darajada taniyman? U Zotga muhabbatim qanchalik samimiy?» deb savol berishi kerak. Bunga qoniqarli javob topilganida esa oila aъzolariga u Zot(alayhissalom)ni tanitish, farzandlari qalbida muhabbatlarini uygʻotish, sodir etilgan johilona hurmatsizlikka eng toʻgʻri javob boʻladi!»
Paygʻambarimiz (alayhissalom)ni tanish, u Zotni yaxshi koʻrish uchun, avvalo, Qurъon va sunnatni qalbga jo qilish, Rasululloh (alayhissalom) siyratlarini yaxshilab oʻrganish lozim. Shayx hazratlari bu borada juda koʻp xayrli ishlarni qilgandilar: olti jildli «Tafsiri Hilol», koʻp jildli «Hadis va hayot», Paygʻambarimiz siyratlariga bagʻishlangan «Hazrat Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)» va yana koʻpgina asarlar, veb sahifalar... Ustozning shiorlaridagi ushbu satrlar yodga tushadi: «Qurъon va sunnatni oʻrganib amal qilish, islomiy maъrifat taratish, salafi solih – ulugʻ mujtahidlarga ergashish...»
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari diyorimizdagi ulugʻ ulamolardan biri sifatida musulmonlarning savollariga javob berardilar, buning uchun internetda maxsus sahifa tashkil etilgandi. Ushbu sahifaga har kuni yuzlab, minglab kishilar savollarini qoldirishar, ular orasida samimiy, bilmaganini oʻrganish uchun soʻraydiganlar ham, hazratning «ilmlarini oʻlchamoqchi» boʻlgan qitmirlar ham, oʻzi tutgan notoʻgʻri yoʻlidan boshqasini qabul qilmaydigan mutaassib johil kimsalar ham boʻlardi. Ustoz ularning barchasiga birdek qanoatlantiruvchi javoblar berardilar. Chunki shiorlari: «Kengbagʻirlik va birodarlik ruhini tarqatish, diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bidъat-xurofotlarni yoʻqotish» edi. Ustoz bu bilan cheklanmadilar. «Islom musaffoligi yoʻlida», «Shoyad, taqvodor boʻlsak», «Islom maъnaviy jinoyatlarga qarshi», «Ixtiloflar haqida», «Din nasihatdir», «Ijtimoiy odoblar», «Mazhablar – birlik ramzi», marhum shayx Muhammad Said Ramazon Butiyning «Mazhabsizlik – Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bidъatdir» nomli asarining oʻzbek tiliga tarjimasi kabi oʻnlab asarlar taъlif qildilar. Diniy adabiyotlarni nashr ettiribgina qolmay, internet tarmogʻida ham bir necha diniy-maъrifiy saytlar tashkil etib, ular orqali keng jamoatchilikka Islom ziyosi va maъrifatini tarqatib keldilar.
Keyingi paytlarda Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda yuzaga kelgan siyosiy inqiroz va beqarorliklar turli diniy ekstremistik kuchlarning bosh koʻtarishi, buning oqibatida yangidan-yangi terrorchi guruhlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Oʻzini «Iroq va Shom Islom davlati» deb atab olib, Islomdagi «hijrat», «jihod», «shahidlik» kabi muqaddas tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilayotgan terrorchi guruhni misol qilish mumkin.
Yaqinda Islom olamining koʻzga koʻringan 120 dan ortiq ulamolari tomonidan IShIDga rahbarlik qilayotgan, oʻzini Abu Bakr Bagʻdodiy deb nomlab olgan shaxsga ochiq xat yozilib, bu jinoyatchi guruhga nisbatan butun dunyo musulmonlari nomidan munosabat va asosli raddiyalar bildirildi. Mazkur ochiq xat mualliflaridan biri boʻlgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari oʻzining «Ochiq xat» nomli risolasida bugungi kunda koʻpgina musulmonlar yoʻliqqan ilmsizlik muammosi, vaziyatga qarab ish koʻrish hikmati, zararlarning oldini olish, voqelik fiqhi kabi qimmatli maъlumotlar, turli buzgʻunchi toifalarga, xususan, IShID ga asosli raddiyalar keltirilgan.
Shayx hazratlari doimo odobga, maъnaviy kamolotga katta eъtibor berardilar. Ustozning «Tasavvuf haqida tasavvur», «Islom maъnaviy jinoyatlarga qarshi», «Ijtimoiy odoblar», «Odoblar xazinasi» kabi asarlarida shaxs kamolotidan jamiyat kamolotigacha zarur boʻlgan barcha jihatlar keng yoritib berilgan.
Shayx hazratlarining vaqtlariga Alloh baraka bergan edi. Yaqin shogirdlaridan birining eslashicha, hazrat kun soatlarini taqsimlab olgan edilar. El-yurt ichidagi turli yigʻinlar, qabul soati, zikr-virdlar, turli keldi-ketdilar, jismoniy mashgʻulot uchun alohida vaqt belgilab olgan edilar. Kuniga 10 varaq yangi kitob yozish bilan birga 30 varaq yangi kitobdan mutolaa qilishni ham vazifa qilib olgandilar. Bu odatni biror kun tark qilmasdilar. Baъzan safarlar sababidan vazifa tark boʻlib qolsa, uyga qaytgach, oʻrnini toʻldirib qoʻyardilar. Hatto baъzan kuniga 30-40 varaqqacha taъlif qilgan paytlari ham boʻlgan.
Shayx hazratlari xalqaro hayotda ham faol edilar. Robita al-olam al-islomiyning taъsis majlisi, Butundunyo tasavvuf uyushmasi, Butundunyo musulmon xalqlar boshqaruvining Bosh kotibiyati, Butundunyo daъvat uyushmasi, Butundunyo ulamolari kengashi, Butundunyo Islom uyushmasi, Makka shahridagi Butundunyo mutafakkir ulamolari yigʻinining ijroiya qoʻmitasi, Butundunyo masjidlar uyushmasi, Iordaniyadagi Oli Bayt muassasasiga qarashli islomiy fikrlar akademiyasi kabi oʻnlab xalqaro tashkilotlarning aъzosi edilar.
Shayx hazratlari risoladagi musulmon, yaъni, haqiqiy moʻmin uchun zarur boʻlgan barcha xislatlarga ega edilar.
Parvardigor jannatmakon yurtimizga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridek etuk olimni neъmat qilib bergan edi, qaytarib oldi. Ulamolarning barchalari Paygʻambarimiz (alayhissalom) merosxoʻrlari, yoʻlchi yulduzlardir, ularsiz xalq toʻgʻri yoʻlni topa olmaydi. Duo qilaylik, Alloh taolo Oʻzining nazari tushgan tabarruk zaminimizni oʻnlab, yuzlab ana shunday ulamolar bilan siylasin!
Noʻъmon ABDULMAJID