09.02.2024 11:54

Hazrat Navoiyni tushunish sari – Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Odatda har bir mavzuning mavsumi boʻladi. Bizda mumtoz adabiyotimizning imomi boʻlgan hazrat Mir Alisher Navoiy rahmatullohi alayh va u kishining ijodlari haqida asosan u kishining tavallud kunlari atrofida soʻzlash odat tusiga kirib qolgan. Bu yil ham ushbu munosabat bilan anchadan beri koʻngilga tugib yurgan ayrim dil soʻzlarimni siz azizlar bilan oʻrtoqlashishni niyat qilib yurgan edim.

Navoiy sheʻʻriyati xususida gap ketganda bugungi oʻzbek jamiyati aʻʻzolarida turlicha munosabatlar koʻzga tashlanadi. Kimdir u kishini faqat shoir sifatida koʻrsa, kimdir shariat olimi oʻlaroq ham eʻʻtirof etadi. Boshqa birov u kishining ijodini tabiat goʻzalliklariga bogʻlashga urinsa, ilm ahllari unda ilohiy ishq navolarini koʻra biladilar va hokazo... 

Boshqacha qilib aytganda, hozirda jamiyatimizda mumtoz adabiyotimizga, jumladan, hazrat Navoiyning ijodiga nisbatan asosan ikki xil yondashuv bor. Bir guruh kishilar unga mehr qoʻyib, bu ulugʻ shoirning asarlarini qiziqib oʻrganadi, lekin islomiy ilmlardan bexabar boʻlganlari uchun bu muhtasham olamning goʻzalliklarini etarlicha koʻra olmaydilar, xush iforlarini tuya olmaydilar. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, bunday kishilarning siyratida buyuk adiblarimizning bebaho oʻgitlarining inʻʻikosini topish mushkul. Yanada aniq qilib aytsak, bu toifa odamlar mumtoz adabiyotimizda kuylangan islomiy eʻʻtiqod va axloqlarni oʻz shaxsiy hayotlarida etarlicha amalga oshira bilmaydilar. Bunga oʻtgan davrlarda qasddan dindan uzoqlashtirilganimiz, adabiyotimiz dinsizlashtirilgani, uni oʻrganish tartibi buzilgani, asl manbadan oʻrganmay qoʻyilgani, tasavvufiy adabiyot istilohlarini bilmaslik kabi omillar ham sabab ekanida shubha yoʻq.

Ikkinchi tarafda esa shariat ilmlarini oʻrgangan, diniy koʻrsatmalarga sidqidildan amal qiladigan, ammo adabiyotdan butkul bexabar, unga umuman qiziqmaydigan kishilar bor. Bundan ham oʻtib, mumtoz adabiyotga qiziqish, uni oʻrganish u yoqda tursin, ulugʻ adiblarimizning istilohlarini tushunmaydigan, faqatgina oʻz bilimi doirasiga cheklanib olib, boshqani inkor qiladigan, baʻʻzan odob chegarasidan chiqib, buyuk musulmon shoirlar shaʻʻniga oʻrinsiz gaplar aytishga jurʻʻat qiladiganlar ham topiladi. Koʻpchilik kishilar faqat zohir maʻʻnolarni koʻradi, majozu kinoyalarni anglay olmaydi.

Aytish joizki, mazkur holatlarning hech biri toʻgʻri yoʻnalish emas, ularda u yoki bu tomonga ogʻish bor. Har ishda boʻlganidek, mumtoz adabiyotga yondashuvda ham ilmiylik va moʻʻʻtadillikka asoslanish darkor. Omma xalqning, xususan, yosh avlodning mumtoz adabiyotdan, xususan, hazrat Navoiyning sheʻʻriyatidan tamoman bexabarligi esa juda ham afsuslanarli holdir, ogʻir kulfatdir.

Koʻpchilik dindor kishilarda Islomning adabiyotga munosabati, uning dinda tutgan oʻrni haqida notoʻgʻri tushuncha shakllanib qolgan. Hatto sheʻʻriyatdan tamoman uzoq, uni butkul yoqtirmaydigan ahli ilmlar ham topiladi. Ularning nazdida goʻyo sheʻʻriyat Islomda unchalik maqbul narsa emas, goʻyo arablar ham musulmon boʻlgach, adabiyotga eʻʻtibor bermay qoʻyishgan. Baʻʻzi bir kishilar Qurʻʻoni Karimda shoirlar tanqid qilingan oyatlarning mazmunini umumiylashtirib, sheʻʻriyatga oʻta past nazar bilan qarashadi. Bularning barchasi mavzuni yaxshi va xolis oʻrganmaganlikning oqibatidir.

Afuski, bugunga kelib Navoiyni tushunadigan ahli ilmlar juda ham kam, deyarli yoʻq boʻlib qoldi. Holbuki, u kishining ijodini oʻrganishga, targʻib qilishga eng haqli va masʻʻul kishilar aslida ahli ilmlardir. Zero, Qurʻʻon va hadisni oʻrganmay turib, Navoiyni yaxshi tushunib boʻlmaydi.

Islom ilmlaridan boxabar kishilarning mumtoz adabiyotimizdan uzoq boʻlishi, afsuski, ulugʻ shoirlarimizning sheʻʻrlari notoʻgʻri talqin qilinishiga, qadrsizlanishiga ham zamin yaratmoqda. Zotan, ahli ilmlarning ijtimoiy-ilmiy sohalarga beparvoligi ularning toʻgʻri yoʻldan ogʻishiga olib keladi.

Bir kuni yurtimizdagi Islom bilim yurtlaridan birida ochiq dars mobaynida adabiyot oʻqituvchisi bilan talabalar oʻrtasidagi ziddiyatli munozaraga guvoh boʻlib qoldim. Oʻqituvchi hazrat Navoiyning bir gʻazalini zohiriy shaklda talqin qilib qoldi. Tabiiyki, islomiy ilmlardan boxabar boʻlgan talabalar bunga keskin eʻʻtiroz bildirishdi. Ammo eʻʻtirozlar adabiyotdan, uning istilohlaridan tamoman bexabar kishilar tarafidan boʻlgani, dalilga asoslanmagani uchun bildirilayotgan fikrlar ravshanlashmadi va oʻqituvchini qoniqtira olmadi.  Buning ustiga, talabalarda adabiy zavq, sheʻʻriyat istilohlari borasida etarli bilim boʻlmagani bois, ular ham oʻqituvchining fikrlarini yaxshi tushunishmayotgan edi. Oʻqituvchi ham diniy ilmlardan uzoq boʻlganidan talabalarning maqsadini anglay olmadi. Natijada ikki tarafdan ham qoʻpollik, dilxiralik yuzaga keldi. Bir sinf ichida yuz bergan ushbu hodisa aslida butun jamiyatimizdagi mavjud holatning kichik bir inʻʻikosi edi.

Bir necha yil oldin arab olamida zohirparastligi, torfikrligi bilan tanilgan bir muallifning kitobida Robiʻʻa Adaviyaning: «Allohim! Men Senga jannatingni tilab ham, doʻzaxingdan qutulish uchun ibodat qilayotganim yoʻq. Bildimki, Sen ibodatga loyiq yagona Zotsan, shuning uchun ham Senga bandalik qilgum», degan gapi shakkoklik, kofirlikka yoʻyilganini koʻrib, shunchalar ham uquvsiz boʻladimi odam degan edim. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda oʻzbek tilidagi video va bitiklarda ham hazrat Navoiyning ayrim sheʻʻrlariga nisbatan xuddi shu qabildagi munosabatlarni uchratib qoldim. Bildimki, hatto ilm daʻʻvosida boʻlganlar ham mumtoz adabiyotimizdan juda olislab ketibmiz, ulugʻ ajdodlarning soʻzlarini butunlay tushunmaydigan boʻlib qolibmiz.

Bizning mumtoz adabiyotimiz Islom bulogʻidan sugʻorilgan boʻlib, Qurʻʻon va hadis maʻʻnolarini juda ham goʻzal uslubda, betakror adabiy boʻyoqlar bilan oʻzida aks ettirgan. Sheʻʻriyatimizda Islom aqiydasi, fiqhi, axloqi, madaniyati ajoyib rangda namoyon boʻladi. Ularni oʻrganish orqali biz buyuk shoirlarimiz Qurʻʻoni Karimdan va nabaviy sunnatdan qanday goʻzal maʻʻnolar kashf etganini oʻrgana bilamiz.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Alisher Navoiyning ijodini oʻrganish, mumtoz adabiyotimizni targʻib qilishga doimgidan ham koʻproq muhtojmiz. Bu borada amaliy chora sifatida quyidagilarni aytish mumkin:

1. Avvalo, adabiyotimizga uning asl ruhini qaytarish kerak. Dinsizlik tuzumi davrida qilingan bu zulmni bartaraf etib, asliga qaytarish payti kelganiga oʻttiz yildan ortdi. Ammo hanuz oʻsha mudhish etmish yillikning qora bulutlarini boshimizdan butkul yoʻqotib, quyosh nurlaridan bearmon foydalana olmayotirmiz. Shuni bilish lozimki, adabiyotimizga iymonu islomni qaytarmay turib, uni tiriltirib boʻlmaydi. U asrlar osha shu poydevor bilan yashab kelgan edi, bundan keyin ham faqat shu asosda yashay oladi, chunki u aynan ushbu ilohiy mayoq tufayli vujudga kelgan. Bundan boshqacha targʻibu tashviqlar ruhsiz suratdan nariga oʻtmaydi. Bu haqiqatni bir asrlik tajribada qayta-qayta koʻrdik, bu borada qayta-qayta kuydik. Endi tezroq oʻzimizga kelib, chin maʻʻnoda oʻzligimizga qaytishga tizimli ravishda intilishimiz darkor.

2. Adabiyotga qiziqish, undan bahramandlik avvalo oilada boʻlishi kerak. Uyda ota-ona va bobo-buvilardan hikmatli sheʻʻrlarni, zarofatli soʻzlarni eshitib ulgʻaygan bolalarda adabiy koʻnikma ona tili qatorida shakllanib, vujudga yaxshi singadi.

3. Bogʻcha-maktablarda va keyingi bosqichdagi bilim yurtlarida, shuningdek, diniy taʻʻlim muassasalarida ham mumtoz adabiyotni oʻrgatish koʻlamini kengaytirib, darslarning saviyasini oshirish  kerak. Buning uchun bu fanlardan maktabda ham soha mutaxassislari ‒ aynan adabiyotshunoslar dars berishi kerak. Hozirda adabiyot darsini koʻp joylarda oddiy oʻqituvchilar oʻtib qoʻya qoladi. Shuning uchun adabiyot darsi maktabdan mavjud boʻlsa-da, deyarli hech kim uni uqmaydi, oʻqimaydi, natijada oʻquvchilarning bekor vaqti ketgani qoladi, xolos. Qaysi fan boʻlmasin, agar bu darsni oʻz egasi oʻtsa, oʻquvchilarni oʻziga jalb qila oladi va oʻtilgan bilim ularning zehniga yaxshi oʻrnashadi.

4. Ayrim adabiy asarlarni tartib bilan oʻqitib, hatto yodlatib borish mumkin. Bu anʻʻana aslida bizda oldin juda faol boʻlgan. Masalan, bola Navoiyning «Arbaʻʻin» asarini hadislari bilan yodlasa, hadisi shariflar bilan birga qirqta ruboʻʻiyni ham oʻzlashtirish mumkin. Navoiyning «Sirojul muslimin», Boburning «Mubayyan» asarlarini oʻrgangan odam ayni paytda fiqhdan ham ancha masalani bilib oladi. Agar Soʻfi Ollohyorning «Sabotul-ojizin» kitobini sharhlari bilan puxta oʻrgansa, aqiyda, suluk borasida ham ancha bilimga ega boʻlib qoladi. Bunga oʻxshash adabiyotimizda asarlar talaygina.

5. Mumtoz adabiyotimizni haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib beruvchi asarlarni koʻpaytirish kerak. Ularni ommabop shaklda, bolalar uchun ham tushunarli shaklda nashr qilish darkor.

6. Har bir oʻzbek xonadonida adabiyotga doir kitoblar, adabiyot lugʻatlari boʻlishi kerak. Farzandlar ularni oz-moz varaqlaganda ham oʻzlari sezmagan holda ancha narsa bilib olishadi.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid, 2020 yil fevralʻ.

Maqolaning toʻliq shaklini Islom.uz saytidan oʻqishingiz mumkin