24.06.2025 08:30
122
Sovetcha mafkura va Islom toʻqnashuvi
Sovet davlati oʻzining ideologik poydevorini ateizm ustiga qurdi. Unga koʻra, din jamiyat hayotida oʻz oʻrnini yoʻqotishi, hatto butkul yoʻq boʻlib ketishi kerak edi. Bu yoʻlda siyosiy tizim oʻziga xos “yumshoq qoʻl” – yaъni, diniy fonni nazorat qilib turadigan maxsus komissiya ham tuzdi. Boshida P.G.Smidovich boshchilik qilgan ushbu komissiya ayrim holatlarda Islomga nisbatan ijobiy yondashishga harakat qilgan, diniy ziddiyatlarga echim topishga uringan edi.
Ammo bu urinishlar – baъzan xat yozish, baъzan rahbariyatga ogohlantirish berish, yaъni katta tizim oldida ojiz edi. Chunki Sovet tuzumi uchun asosiy mezon bu – mafkura talablariga mos kelish, yaъni Stalinning gʻoyalari bilan hisoblashish edi. Qonunlar ham aynan shu talablar asosida yaratilar yoki talqin qilinardi. Sovet hukumati dinni emas, mafkurani saqlab qolishni muhim sanardi.
Dindorlarning shikoyatlari – byurokratiya, oʻzboshimchalik, repressiyalar haqidagi arizalar – koʻpligidan komissiya ularga toʻlaqonli javob bera olmay qoldi. Biroq, baъzida bu organ ijobiy rolь ham oʻynagan. Masalan, 1931 yil 6 fevralda oʻtkazilgan yigʻilishda komissiya Tatariston rahbariyatining qaroriga qarshi chiqib, ettita diniy binoni dindorlarga qaytarib bergan.
Ammo bu singari qarorlar kamdan-kam hollarda amalga oshirilgan. Chunki yuqori rahbariyat diniy erkinlik berishni mutlaqo istamasdi. Aksincha, 1933 yil fevralida komissiya yana bir keskin qaror – “Diniy tashkilotlar holati toʻgʻrisida”gi qaror qabul qildi. Unda turli diniy oqimlar rahbarlarining oʻzaro birlashayotgani xavf sifatida taqdim etildi. Shuning uchun ularning xalq, ayniqsa ishchilar ustidan taъsirini kamaytirish zarur, deyildi. Bu hujjat ilgari chiqarilgan – diniy binolarni yopishni engillashtirish va masjidlarni keng va tarqoq hududlarga taqsimlab joylashtirishni koʻzda tutardi. Bu esa, aslida, dinni boʻgʻishning yangi bosqichi edi.
Shunday ogʻir muhitda, 1934 yil yanvarida P.G.Smidovich yangi taklif bilan chiqdi – u diniy masalalarni butun Ittifoq boʻylab boshqaradigan markaziy komissiya tuzishni taklif etdi. Shu asosda 7 may kuni yangi tuzilma – butun SSSR miqyosida faoliyat yurituvchi markaziy komissiya tashkil qilindi. Bu komissiyaga keng vakolatlar berildi: endi u faqat markazda emas, balki barcha respublika, viloyat va hatto tuman darajasidagi diniy komissiyalarga rahbarlik qiladigan yuqori organ boʻldi.
Ammo 1935 yilda Smidovich vafot etdi. Uning oʻrniga P.A.Krasikov keldi. U diniy masalalarda tartib oʻrnatishga urindi. 1936 yilgi hisobotida u dindorlarga nisbatan amalga oshirilayotgan adolatsizliklarni ochiq koʻtarib chiqdi. 1937 yilda esa, hatto, noqonuniy yopilgan diniy obъektlarni, jumladan musulmonlar yashaydigan hududlardagi masjidlarni ochishni taklif qildi.
Afsuski, bu urinishlar ham samarasiz boʻldi. Chunki Sovet hokimiyatini oddiy xalqning ruhiy ehtiyojlari yoki dardlari qiziqtirmasdi. Rahbariyat bu komissiyani tobora keraksiz, dekorativ organ sifatida koʻra boshladi.
1938 yil 16 aprelda komissiya butunlay tugatildi. Bu qaror SSSRning yangi oliy qonunchilik organi – konstitutsiya asosida tashkil etilgan oliy sovet faoliyati boshlanishi bilan birga keldi. Hukumat bu paytda dinni yoʻq qilish "deyarli yakuniga etdi", deb hisoblay boshlagan edi.
Izoh: Ushbu tarixiy voqealar islom va boshqa dinlarga nisbatan Sovet siyosatining murakkab va aksilinsoniy tabiatini ochib beradi.
Internetdagi manbalar asosida tayyorlandi