17.12.2024 15:41


Sakkizinchi fasl

Har kun erta tongda, soat 7:30 atrofida lagerning birinchi sinfdan to yuqori sinfgacha oʻquvchilari maktablariga qarab ketayotgan boʻlishardi. Bir gala qizlarning ortidan bir toʻda yigitlar, ularning orqasidan yana bir toʻp qizlar borar, oʻquvchilar oqimi aralashib ketmasdi. Oxir-oyibat yigit-qizlarda ishq-muhabbat girdobiga tushish boʻlmasdi. Sababi, lagerdagi yigitlarning qoʻshni qizlarga opa-singlisidek munosabatda boʻlishlari urf edi. Onam hamisha boshqa jins vakillari bilan munosabatda boʻlishimizdan ogohlantirib kelgan. Akalarimni qoʻshni qizlarga qiyo boqishdan, ular bilan muomala qilishdan koʻp ogohlantirganini yaxshi eslayman. Shuningdek, oʻzgalarning nomusiga tajovuz qilishimiz oʻzimizga tajovuz boʻlishining boshlanishi ekanligini koʻp uqtirardi. Shu narsa yoʻlaklarda oʻtirib olib, oydek boʻlib maktabga ketayotgan yo qaytayotgan qizlarga gap otadigan yigitlardek fikrlashimizdan toʻsardi. 

Ayrim yigitlar shunday, faqatgina bir marta nazar tashlash yoki: «Qaerga ketyapsiz, yaxshi qiz?» kabi shilqimlik bilan gap otish uchun oʻtirishardi, xolos. Baʻʻzi yigitlar chindan ham yoqtirib qolgan qizlarini uchratib qolarmikinman, deya yoʻl poylar, yurak tubidan yozgan maktubini olarmikanman, deb kutardi. Suyganini bir bora koʻrib qolsa, oʻsha kun uning uchun baxtga toʻla boʻlardi. Ha, lagerdagi insonlar ham qaro kunlari va baxtsiz kechalariga qaramay, xuddi boshqa erlardagi insonlar kabi sevadi, oshiq boʻladi, boshqa odamlardek yashaydi. 

Lekin, shubhasiz, urf-odatlarni mahkam tutish, qoʻni-qoʻshnilarning qizlariga nisbatan ishqiy munosabatlar borasida iffat pardalarini qalin tutardi. Shu bois aksar hissiyotlari jilovlangan boʻlardi. Ammo ayrim yigitlar bu urf-odatlarni chetlab oʻtishga jurʻʻat qilar, qizlar bilan oshiq-moshiq maktublari yozishardi. Gohida maktabdan qaytayotib uchrashib ham turishardi. Oʻzining yoʻlidan ketayotganday sevgilisining ortidan borar, yo oʻzini doʻstlari bilan gaplashib turganga solib, maktub oldi-berdi qilishardi. Ayrim qizlar sevgan yori uyining oldidan oʻtadigan vaqt derazasini ochib poylab turar, yigit sevgi maktubini derazadan uzatib oʻtib ketardi. Bunday ish qilgan qizlarning koʻpi sevgi maktubini oldi-berdi qilayotganida ota-onasi tomonidan qoʻlga tushib qolib, taʻʻzirini ham egan. Bu aytilgan sevgi qissalari urushdan keyingi lagerda boʻlgan oʻta nodir holatlardir. Kamdan-kam boʻlib turardi. 

Kattalarga kelsak, 1948 yilda ishgʻol qilingan shaharlarga borib ishlash asta-sekin oddiy holga aylanib qolgandi. U erga ishga qatnashlar soni ortishi bilan yangi-yangi holatlar ham koʻpayib borardi. Har erta tongda kishilarni ovqat solingan xaltasini koʻtarib ishga shoshayotganini koʻrish mumkin. Ishchilar uzoq masofani bosib oʻtib, bekatga borishadi. Bekatda esa avtobus, yuk mashinalaridan tortib, engil taksi haydovchilarigacha turardi. Unisi Yafaga, bunisi Usdudga, narigisi Tal-Abibga odam yigʻayotgan boʻladi. Har bir taksi haydovchisi oʻzi boradigan manzilni aytib, odam chaqirardi. Ishchilar qatorlashib moshinalarga oʻtirib, joʻnardilar. 

Ushbu bekatda nonushta uchun loviyali taom tayorlab sotadiganlarning bozori chaqqon boʻlardi. Ishchilar eguliklarini yoʻl-yoʻlakay oʻshalardan xarid qilib, yoʻl ustida tanovul qilib ketishardi. 

Bu ishchilar qurilish, dehqonchilik, tozalovchi kabi ishlarda yoki yahudlar qiyin va qora deb hisoblagan har qanday vazifalarni bajarishardi. Ishlarning egasi yahudiy boʻlib, u ishchilarga buyruqlar berar, nazorat qilib, kuzatib turadi. Soat oʻnda ularga yarim soatli tanaffus beriladi. Shu vaqt ichida egulik tanovul qilib, ulgusalar, choy damlab, ichib olishar, soʻng yana ishlariga qaytishardi. Soat kechgi uch-toʻrtlarda yana gʻazolik Gʻazoga, gʻarbiy sohillik Sohilga moshina axtarishga tushardi. Ikki-uch soat yoʻl bosib, toliqqan hollarida uylariga kirib borishardi. 

Yahudlar hafta oxiri shanba hisoblagani va bu kun uchun tayyorgarlik koʻrganlari uchun juma kuni soat oʻn ikkiga qadar ishlardilar, xolos. 

U erda ishlovchilarning baʻʻzilari mardikorlik qilardi. Kunlik ish haqi olishar yoki haftalik ishni kelishib, hafta oxirida haq olishardi. Ishni yakunlagach, ertasiga yana oʻsha mardikorlar turadigan maydonga borib turardi.

Kalta ishton kiygan yahudiy mashinasida kelsa, mardikorlar yopirilib borishadi, ularning ichidan ishiga munosib boʻlganini tanlab olardi. Kimlardir doimiy ish eri topib ishlardi va hakazo.

Ish beradigan yahudlar bilan arab ishchilarining aloqalari rivojlanib borarkan, yoʻl yurib xorib qolayotgan ishchilarga hafta boʻyi yashab turishlari uchun joy qilib berish boshlandi. Shunday qilib, yakshanba kuni ertalab ketib, juma kuni peshindan soʻng choʻntaklarini pul bilan toʻldirib, qoʻllarida Isroildan olgan sovgʻa-salomlari bilan uylariga kirib keladigan boʻlishdi. 

«Yoʻl azobi - goʻr azobi» 

Ayrim ishchilar yoʻl azobidan bezor boʻlib, Qalqaliya yo Toʻlkoʻrimdan uy ijaraga olishardi, qolaversa, yoʻlkirani ham shu tarzda tejashmoqchi boʻlishardi. Shunday qilib, falastinlik ishchilar oʻzlarining urf-odatlari, qadriyatlariga zid boʻlgan muhitda haftalab, oylab yashab ishlashardi. Koʻpchiligi u erdagi muhitga past nazarda boqardi. Ammo «guruch kurmaksiz boʻlmaganidek», ayrim engiltaklari darrov taʻʻsirlanib, oʻshalarning kepatasiga oʻtib olishardi. Yaʻʻni, aroq ichib, yomon ayollar fitnasiga uchib, kulublaru fahshxonalarga boradigan boʻlib qolardi. Nodir holatlardan yana biri - baʻʻzi yigitlar biror yahudiy qiz bilan tanishib, munosabatlari rivojlangach, oʻshalarning jamiyatiga monand ravishda yashashga oʻtib ketardi. 

Mehnat muhojirlarining oqimi koʻpayishi natijasida yana bir ish turkumiga ehtiyoj oshib borardi. Bu - ularni manzillariga eltuvchi kirakashlik ishi edi. Natijada ertalab uyidan bekatgacha piyoda yurib boradigan ishchilarni bekatgacha olib borib qoʻyadigan, qaytganlarida bekatdan uylariga eltib qoʻyadigan ish turi ham paydo boʻldi. Endi hududda odam tashuvchi mashinalarning ham soni oshgandi. 

Ishchilar hayotiga oid holatlardan yana biri uyiga yangi johozlar olgan yahudiy rahbari eskisidan qutilish uchun ularni ishchisiga berardi, u esa oʻzining uyiga olib keladi yo eski-tuskilar sotiladigan yoyma bozorga olib chiqib pullaydi.

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor

Mavzuga aloqador