22.11.2024 21:30
Oltinchi fasl
Fathiya xolam Xalil shahriga yaqin Surif qishlogʻida yashardi. U ham Falastin qishloqlaridan, ammo 1967 yildan soʻng bosqinchilar tasarrufiga oʻtgan. Bosib olishdan oldin aholini surgun qilib, koʻp joylarni yakson qilgan. 1948 yilgacha bosib olingan hududlar bilan to 1967 yili Surifni bosib olgunga qadar Iordaniya nazorati ostidagi erlarni ajratib turadigan chegara boʻlgan. Ishgʻol qilingach, bosqinchi harbiylar xuddi boshqa shahar-qishloqlardagi kabi bu erga ham suqilib kirishgan. Odamlar bu qishloqda toshdan bino qilingan, sodda va koʻrkam uylarda yashaydilar. Chor-atrofi zaytun, uzum, anjir va bodom daraxtlariga toʻla. Chorva hayvonlari va parrandalar boqib tirikchilik qilishadi. Insonlari yuzidan Allohning cheksiz neʻʻmatlariga boʻlgan shukronalik hissi ufurib turadi. Bu qishloqning erkaklari bagʻrikengliklari bilan birga, mard va jasur ekanliklari bilan ham ajralib turadi. Liboslari Falastin qishloqlariga oid milliy liboslar boʻlib, ularni koʻpincha qoʻlidagi hassasini oʻynatib, chorvasini tepaliklarga haydab borayotgan holatda koʻrasiz. Ayollari esa juda iffatli - aslo boshlaridan roʻmolini qoʻyib, xilqatini oʻzgalarga namoyon qilishmaydi.
Xolam Gʻazodan Surif qishlogʻiga kelin boʻlib borganida, katta farqni sezmagan. Qishloqning havosini hisobga olmaganda, urf-odatlar, odamlarning yurish-turishi bir xil edi. Faqat sezish mukin boʻlgan biroz farq u erning lahjasi biznikidan sal boshqacharoq, xolos. Shuning uchun ham xolam tez fursat ichida moslashib ketgandi. Xoʻjayini Abdulfattoh Surif qishlogʻida ham qolgan qishloqlar singari yuqori sinflar boʻlmaganligi sababli bu sinflarni Xalildagi maktabda tamomlagan. Shuning uchun har bir qishloq oʻquvchisi taʻʻlimini oxiriga etkazishni istasa, Xalilga koʻchib oʻtishga majbur boʻlardi. Abdulfattoh Xalilda tahsil olgani sababli turli shahar va qishloqlardan doʻstlar ham orttirgan edi. Qolaversa, Xalil shahrini yaxshi bilib olgandi. Undan tashqari, shaharda boʻlayotgan jarayonlardan boxabar boʻlib turish imkoniyati majdudligidan koʻp ishlardan xabardor edi. Ular oʻgʻil farzandli boʻlib, ismini Abrurrohiym qoʻyishdi. Onam Xalil shahriga kelolmasligi bois togʻamnikiga borib, tabriklab kelgandi. Xolam ham oilaviy sharoitimizni yaxshi biladi. Onam uchun Xalilgacha borib tabriklab kelish oson emasligini tushunardi.
Abdulfattoh Iordaniyadagi universitetlarning birida «Shariat» fakulʻtetida tahsil olmoqchi edi. Otasi xastalanibq olgani uchun bu orzusini ortga surgandi. Uzoq kasallikdan soʻng otaning vafoti oʻqishni davom ettirish fikridan batamom qaytarib, otasining ishlarini davom ettirishga majbur qilgandi. Mato olib kelib sotish, qoʻshimchasiga oilasiga qarashli erlar bilan shugʻullanishga qaror qildi. Oʻzi oʻqishini davom ettira olmagani evaziga hech boʻlmasa oʻninchi sinfda oʻqiyotgan Abdurahmon ukasining oʻqishiga homiy boʻlish haqida oʻylardi.
Koʻpincha Abdulfattoh tomga chiqib, xolamga qishloqning gʻarbiy tarafini ishora qilib, 1967 yil bosib olinguniga qadar «Muqaddas jihod» (1947 yili Falastin ikkiga boʻlinganligi eʻʻlon qilinganidan bir oy oʻtib tashkil topgan harbiy uyushma) kishilarining qarorgohi sanalgan joyni koʻrsatardi. U erning yashovchilari ularga qoʻllaridan kelganichi ehtiyojotlarida yordam qilardi.
Kunlarning birida Surif qishlogʻi aholisidan Abdulvahhob Al-Qoziy ismli shaxs Sonahiyn mintaqasida qoʻylarini oʻtlatib yurgan chogʻida Beyt Shemesh tomondan Gush-Etsion mintaqasi tomon ketayotgan bosqinchi harbiylar karvonini koʻrib qoladi. Bu koʻrganlarini mujohidlarga aytib berganida, ular ikki mintaqa oraligʻidagi «Zohrul-Hujja» degan erda mustahkam pistirma qoʻyib, kutib olishadi. Etib kelganlarda toʻsatdan hujum qilib, barchasini oʻldirishadi. Ularning soni zobitlar, harbiylar va tabiblari bilan qoʻshib hisoblaganda 35 kishini tashkil etgan. Bu ishdan soʻng yahudlarning Surif qishlogʻiga adovati ortgandi. 1967 yili bosib olinganida, pushkalar bilan koʻplab uylarni vayron qilishgan. Bu - oʻsha hodisa tufayli intiqom olish maqsadida qilingan ish edi.
Abdulfattoh Xalilda tijorat qilishi natijasida u erdagi tijoratchilar bilan aloqalari rivojlanib borardi. Tujjorlar bilan doʻkonlarning birida pechka atrofida jamlanib olishib, choyxoʻrlik qilishar, chor-atrofda boʻlayotgan masalalar haqida atroflicha suhbat qurishardi. Jumladan, bosqinchilar va ularga qarshi chiqayotgan jangarilarni muhokama qilishardi. Bu suhbatlardan qilinayotgan qarshiliklarga ishonchsizlik bildirilib, jangarilarning urinishlari foydasiz ekanligi, ularning foydasidan koʻra zarari koʻproq boʻlishi mumkinligi aks etardi. Koʻproq iqtisodiy jihatga eʻʻtibor qaratib, unib-oʻsishga intilish maʻʻqullanardi. Hatto arab dunyosining harbiylari Isroilga qarshi turishga yaramaganligi misol qilinib, qanday qilib qurollangan fidoyilar ijobiy natijaga erishishlari mumkin, deya qoralanardi. Abdulfattoh ularga raddiya berishga jurʻʻati etmasa-da, umumiy masalalarga mantiqan yondashib, munozaraga kirishardi. Bir soat yo bir necha soatga choʻzilgan suhbatdan soʻng choyxoʻrlik ham nihoyasiga etardi. Koʻpincha bunday suhbatlarga harflarni boshqa mintaqadan koʻra choʻzibroq aytadigan xalilcha lahjada aytilgan quyidagi jumla intiho yasardi:
«Qoʻyinglar, u bilan ham, bu bilan ham nima ishimiz bor? Xaloyiqni Xoliqiga qoʻyib bering. Oʻzi xayrlisini bersin!»
Abdulfattoh bunday majlislar ortidan ushbu masalada nimadir qilish lozimligiga ishonadigan bir inson bilan tanishdi. Uning tahallusi «Abu Aliy» edi. U bosqinchilarga qarshi kurashish orqali ulkan natija olmasak ham, hech boʻlmaganda imkonimiz boricha qarshilik qilish vojib deb hisoblardi.
Abdulfattoh Xolilga kelganida Abu Aliy bilan koʻchalarni aylanishar, yo Abu Aliy Surifga mehmonga kelganida bosqinchilar haqida, chora koʻrish zarurligi va ishni oʻz holicha tashlab qoʻymaslik kerakligi haqida suhbatlashishardi. Ular faqat tirikchilik bilan, uy-joy qurish bilangina mashgʻul boʻlib qolishni durust sanamas edilar. Fikrlari bir joydan chiqishi doʻstliklarini mustahkamlab borardi. Kunlarning birida Abu Aliy Abdulfattohga ortiq qoʻl qovushtirib oʻtirmasligini, qoʻlidan kelganicha nimadir qilishini ochiqladi. Abdulfattoh undan:
-Nima ham qilishing mumkin? Qurol-ku topib ham berdim, deylik. Keyin qidiruvga berilgan Abu Sharror va boshqa fidoyilar kabi bola-chaqangni olib, togʻlarga joʻnaysanmi? - dedi. Abu Aliy javob berdi:
-Yoʻq, mening rejam bundan kattaroq. Qurolli kuchlarni tartibga solishni oʻylab turibman. Avvaliga shunchaki koʻrinish, keyin oqim, keyin tartibli harbiy kuchga aylantirmoqchiman.
-Buni qanday amalga oshirmoqchisan?
-Iordaniyaga boraman. U erda «Fath» harakatidagilarni rejam bilan tanishtiraman. Yaxshi bilasan, «Karoma» gʻalabasidan soʻng «Fath» harakati oʻzini ancha tiklab olgan. Menga yordam berishlariga ishonaman.
Abdulfattoh bu fikrni maʻʻqulladi. Unga oʻta hushyor boʻlishni tayinlab, birovning nazariga tushmasligi uchun tijoriy mahsulotlaridan unga karvon tayorlab berishga kelishib olishdi.
-Meni bu yoʻlda tashlanadigan har bir qadamingda oʻzingga sherik deb bilishing mumkin, doʻstim.
Abdulfattoh Abu Aliyni shu tarzda kuzatib qoʻydi.
Iordaniya oʻsha payt «Karoma» gʻalabasidan soʻng jangchilarni oʻz ixtiyorlariga qoʻyib qoʻygandi. U erdagi lagerlarda gʻalabani nishonlash shukuhi hukmron edi. Hamma odamlar joʻrlashib hali nashida kuylashar, hali «Vatan ozodligi» fidoyilar haqqiga duolar qilardilar. Abu Aliydek insonga u erdagi qoʻmondonlar bilan darhol ittifoqdoshga aylanish qiyin emasdi. Gʻarbiy Sohilning hamma hududlarida harbiy uyushmalarni tashkillashtirish uchun qurol-aslaha va moddiy koʻmak olishga erisha olardi. Abu Aliy Iordaniyadagi ayrim yaqinlarini ziyorat qilgach, asosiy maqsadini bildirib qoʻymaslik uchun olib kelgan mahsulotlari savdosi bilan ham shugʻullandi.
Abu Aliy Gʻarbiy Sohilga qaytgach, turli shahar va qishloqdagi oʻzi yaxshi bilgan tanishlariga «Fath» harakati tarkibiga qoʻshilish taklifini bildirib, aloqa oʻrnata boshladi. Har bir ishonchli deb oʻylagan insoniga taklif qilardi. Qoʻshilishga rozi boʻlgan har yigitga oʻzi ishonchli deb bilgan, harbiy toʻqnashuvga layoqatli ikki-uch kishini yigʻishni tayinlardi. Shu tarzda Gʻarbiy Sohilning shimolidan to Xalilga qadar barcha ishonchli deb bilgan odamlari bilan aloqa oʻrnatib, qisqa vaqt ichida uyushgan harbiy boʻlinma tashkillashtirib ulgurdi.
Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor