04.11.2024 21:00

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, uchinchi qism)

Marhum qoʻmondon, Falastin ozodlik harakati etakchisi, mard jangchi, oʻz vatani va millatining sodiq oʻgʻloni Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda davom etamiz. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor.

1-qism

2-qism

***

Quyosh chiqqan har kunning erta tongida onamlar suv saqlanadigan koʻza va chelaklarni koʻtarib, navbat olish maqsadida xayriya jamgʻarmasi chiqarib bergan suv olish eriga borishardi. Bu erda kuniga ikki yo uch soat suv chiqar, kimning navbati kelib olishga ulgurib qolsa, idishlarini toʻldirib qolardi. Ulgurmaganlar boʻlsa, keyingi kunni kutishga majbur boʻlishar, qoʻshnilaridan qarzga suv olib turaishardi.

Baʻʻzida idishini navbatga qoʻyishdan gʻaflatda qolgan qoʻshnilarning biri avvalroqqa oʻtib ketib, oldinroq toʻldirib olishga harakat qilardi. Buni sezib qolishganidan keyin «Mening navbatim edi», «Yoʻq meniki», kabi gaplar bilan tortishuv boshlanib ketardi. Bora-bora avj olib, qoʻllari bilan bir-birini turtishar, haqoratli gap aytishar, sochlarini yulib, hatto baʻʻzan idishlarni sindirishgacha borishardi. Suv joʻmragining osti singan sopol idishlar bilan bir qat boʻlib qolgandi.

Akalarim va qoʻshnilarning farzandlari maktabdan qaytishganida, tushlikni qilib boʻlishgach «etti tosh» oʻynini oʻynagani chiqishardi. Qizlar boʻlsa «Katak-tosh» oʻyinini oʻynashardi. Alebastir yoki tosh boʻlagini olib, erga ketma-ket uchta toʻrtburchak katak chizishardi. Xar bir katakning uzunasi ham eni ham taxminan bir metr boʻlardi. Uchinchi katakning tepasiga yarim doira chizilardi. Oʻyinchi bir boʻlak toshni birinchi katakka tashlab, oʻzi ham sakrab kiradi. Bir oyoqda turishi kerak boʻladi. Oʻsha bir oyogʻida haligi toshni surib ikkinchi katakka oʻtkazishi va oʻzi ham shu holda oʻtishi kerak boʻladi. Keyin uchinchi katakka ham shu tarzda oʻtadi. Soʻng yarim doira ichiga oʻtkazib, oʻzi ham ichiga kiradi. Shundagina ikkinchi oyogʻini ham erga qoʻyishi mumkin. Soʻng xuddi shunday orqaga qaytadi. Agar ikkinchi oyogʻini qoʻyib olsa yoki chiziqni bossa, yutqazadi. Keyin raqibasi oʻynaydi. Baʻʻzida «arqonda irgʻish» oʻyinini ham oʻynab turishardi.

Oʻgʻil bolalar esa baʻʻzan «Yahud-Arab» oʻyinini oʻynardi. Ikki qismga boʻlinib, biri yahudlar, ikkinchisi arablar jamoasi boʻlardi. Har bir jamoa vakillari yogʻoch yo oʻtinni oʻziga miltiq qilib olardi. Miltiqlardan oʻq uzib, «Tegdi, men yiqitdim», desa, narigisi «Yoʻq, men birinchi tekkizdim, sen yiqilding», - deya baqirar, kim birinchi yiqilganini aniqlasholmay baʻʻzan tortishib ketishardi. Koʻp holatlarda arab jamoasi yahud jamoasini magʻlub qilishi lozim edi. Chunki jamoalarni odatda yoshi kattaroq boʻlgan, kuchli bolalar taqsimlardi. Ataydan arab jamoasiga kuchliroq tarkib qilardi-da.

Bobom bir oyda bir marta oʻzimiz va amakim oilasining kartalarini olib, markazga chiqib kelardilar. Peshindan keyin qaytib kelishardi. Qaytayotganlarida oldilarida eshak arava boʻlib, unda xaltaga solingan un, saryogʻ, yogʻ kabi mahsulotlar, yana bir nechta savatlarda noʻxot kabi mahsulotlar boʻlardi. Arava eshigimiz oldiga toʻxtar ekan, bolakaylar uni oʻrab olishar, chiqamiz deb aravaga sakrashardi. Aravakash boʻlsa, qamchisi bilan oʻqtalib, bolakaylarni aravadan nari qilishga urinardi. Bobom aravadan olib kelgan mayda-chuydalarni tushirtirar ekan, ichki choʻntagidagi xaltachadan bir qancha tangalar chiqarib, aravachiga uzatardi. U ham pulni choʻntagiga solib, «Alloh oʻrnini toʻldirsin», deya eshagini haydab ketardi. Bolakaylar yana arava ortidan chopib, osilishlarini aytmaysizmi? Kattalar ularni qaytarib, aravachiga yoʻlni ochib berishardi.

Onam singlimni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun chodirlar yaqinida joylashgan Shvetsiya kasalxonasiga borar, baʻʻzan meni ham olib olardi. Yosh bolalar va ayollar qismida singlimning vazni, boʻyi oʻlchanib, tekshiruv va tahlillar qilinardi. Oʻsha erda yosh bola bilan kelgan ayollar juda koʻp boʻlib, oq ranga boʻyalgan uzun yogʻochli kursida oʻtirishar, joy etmaganlar boʻlsa, erga oʻtirib olishib, oʻzaro suhbatlashardi.

Unisi yonidagi ayolga oʻzining dard-u alamlarini gapirib oʻtirgan, bunisi ham, narida oʻtirgan ayol bilan hasratlashayotgan boʻlardi. Hech bir ayolning gʻam-tashvishi bir-birinikidan kam boʻlmasdi. Shoʻrlik ayollar shu tarzda ichidagi dardlarini oʻzaro ulashgancha navbatlarini kutishardi.

Kasalxona tashqarisida shirinlik sotib yuradigan holvafurushlar yuradi. Oʻshanda onamning etagidan tortib, bir shirinlik oldirish maqsadida injiqlik qilardim. Qaysarlik qilib turib olganim sababli, garchi otam uzoq vaqtdan beri bedarak ketgan, bobom keksaligi sabab ishlamayotgan, bobom tugul yosh-navqiron, kuch-quvvati bor yigitlarga ham ish yoʻq boʻlib turgan zamonda men uchun shirinlik olib berishga majbur boʻlardilar. Ammo iqtisodiy ahvolimiz qoʻshnilarga qaraganda durustroq edi. Bilganim, urushdan oldin onamning qoʻllarida taqinchoqlari boʻlardi. Urushdan soʻng oʻsha taqinchoqlarni qaytib koʻrmadim. Togʻam ham ancha yaxshi inson edi. Bizdan tez-tez xabar olib turardilar. Har kelganida onamga pul berib ketardi. Hatto bizga ham, amakivachchalarimga ham har kelganda tanga berardi. Bu pulga Abu Jobir amakining doʻkonidan shirinlik olib erdik.

Togʻamning moliyaviy jihatidan omadi chopgan boʻlib, mato toʻqib chiqaradigan tsexi boʻlardi. Gʻazo bosib olinishidan ilgari Misrdan mato toʻqiydigan jihozlar olib kelgandi. Gʻazo bosib olinganidan keyin ham tsexi faoliyat yuritib keldi. Sifatli matolar ishlab chiqarardi. 1967 yildan keyin Janubiy sohildan Xalil mintaqalarigacha etkazib berishni yoʻlga qoʻygandi. Moddiy ahvoli yaxshi boʻlgani uchun ham onamga koʻp yordam qilardi. Onam olmayman, deb turib olsalar ham, «Sizlarga men yordam qilmasam, kim yordam qiladi? Bolalaringiz qanday yashaydi axir?» - deya majburlab tutqazib qoʻyardi. Onam boshini asta silkitib, yuzlaridan duv-duv yoshlar oqardi. Togʻam: «Har safar yigʻlab meni qiynaysiz, qoʻying», deb yupatishga urinardi.

Amakimning oilasi ham deyarli toʻliq biz bilan yashardilar. Bir nonni birga boʻlib edik, bir idishdan birga suv ichdik. Bobom Mahmud akam bilan amakimning oʻgʻli Hasan akaga aytib, ular bilan oramizni ajratib turadigan oʻrtadagi devordan darcha ochtirgandi. Ikki xovli baʻʻzi xususiy jihatlarni hisobga olmaganda, bir hovliga aylangandi. Kelinoyimning ota-onasi qiyin ahvolda boʻlib, qizining hoʻjayini shahid boʻlganini bilsalar-da, yordam qilishga qodir emasdilar. Ammo tez-tez oilasi tarafdan qayta turmush qurishga bosim boʻlib kelardi. Kelinoyim esa har gal bolalari zoe boʻlishidan qoʻrqib, rad qilar ekan.

Kunlarimiz, oylarimiz, yillarimiz shu zaylda oʻtdi.

Kunlarning birida togʻam biznikiga hol soʻrab kelgandi, ketish oldidan odatdagidek onamga pul bermoqchi boʻldilar. Ona bu safar ololmayman deya qattiq turib oldi. Chunki onamda kuchli hijolat hissi sezilib turardi. Shundan soʻng togʻamiz bizga moddiy yordam qilishga boshqa yoʻl topib qoʻygan ekan. Oʻzining tsexida mayda-chuda ishlarni qilib turishga yoshroq yigitlar kerak deb, Mahmud akam va amakimning oʻgʻli Hasan akani ishga oldi.

Ertalabda borishlari ham shart emasdi. Maktabdan qaytgandan keyin borishsa boʻlarkan. Begonadan koʻra oylik maoshni shularga bersam oʻrni boʻladi, degan reja qilgan ekan. Oldindan bir oylik maoshlarini ham berdi. Onam ham shundan keyin qoʻllarini qaytarolmadilar. Mahmud va Hasan akalarim oila boqish masʻʻuliyatini zimmalariga olib, tsexda ishlay boshladilar. Maktabdan qaytishgach, dasturxon ustida uzun suhbat boshlanardi. Onam ularga ishga qanday borib-kelishlarini, ishni qanday ixlos bilan qilish kerakligini, qunt bilan bajarishlarini oʻrgatardi. Soʻng elkalaridan qoqib, ishga kuzatardi. Shom vaqtida ularni xuddi biror yurtni fath qilib kelayotgan otliq qoʻmondonlarni kutib olgandek kutib olardi.

Akalarim togʻamning ishxonasida aytarli ish qilishmasalar-da, bizga gʻamxoʻrlik qilishning ajoyib rejasi edi bu.

Bomdod vaqti kirganida koʻpincha bobomning tahorat olayotib aytayotgan duo ovozidan uygʻonib ketardim. Bu duoni eshitish menga juda yoqardi. Keyin namoz oʻqishni boshlagach, «Fotiha» surasini, zam suralarni oʻqiganini mirqib tinglab yotardim. Keyin qoʻlini ochib, qunut duosini oʻqirdi. Bu holat takrorlanaverganidan oʻsha duolarni yodlab olay degandim.

اللهم اهدنا في من هديت ....»

Shu soʻzlar bilan boshlanardi.

Bosqinchilar tungi soat ettidan to ertalabki beshga qadar koʻchaga chiqishni man qilib qoʻygan, kim bu vaqt koʻchaga chiqsa, otib tashlashardi. Tuni bilan u er, bu erda yurib, karantin vaqtida koʻchaga chiqmasliklarini taʻʻminlab turishardi. Shu sababdan bobdod namozini masjidda ado qilolmasdi bobom. Ammo qolgan namozlarni kutilmagan sabablar toʻsib qolmasa, jamoat bilan oʻqirdi.

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor

Mavzuga aloqador