19.11.2024 21:30

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, ettinchi qism)




Kunlarning birida, maktabda saflanib turgan edik, birdan baqiriq ovozlari eshitila boshladi. Keyin joʻrlashib odamlarning  «Jonimizni ham, qonimizni ham senga fido qilurmiz, ey Falastin!»  -deya aytayotgan ovozlari eshitildi. Maktabimizdagilar chiqib, boshqa maktabdagilar bilan toʻdaga qoʻshilishib joʻr boʻlishdi. Barchaning yuzida xursandchilik shukuhi ufurib turardi. Chunki oʻsha kun omadli kelgan boʻlib, Iordan daryosining Sharqiy sohilidagi  falastinlik fidoyilar bosqinchilarga qilingan hujumda muvaffaqiyat qozongandilar. Shu zaylda lagerning chodirli koʻchalarida mazkur jumlalarni joʻr boʻlib aytib yurib, soʻng hamma oʻz uylariga tarqaldi. Odamlar «Omadsiz urush»  deya nomlab olishgan 1967 yildan keyingi egilgan boshlar qayta koʻtarilayotganday, barchada azizlik hissini tuyish boshlangandi. Oʻshandan buyon Isroil armiyasini ustidan gʻalaba qozonilgan ilk jang edi. Sharqiy Sohilidagi Karomat mintaqasida daryo boʻyida fidoyilar harbiy qoʻshin tashkil etib, chegarada bir necha amaliyotlarni amalga oshirishgandi. 

Oʻsha kunning asr vaqtidan soʻng odatdagiday, xovlimiz orqasidagi odamlar majlis qilib oʻtiradigan erga bobom bilan chiqdik. Odamlar gʻoyat mamnun edilar. Falastin gʻalayoni haqida, «Vatan ozodligi» partiyasi ("Fath") haqida gap ochildi. «Fath» harakati «Vatan ozodligi»  harakati hamda bosqinchilarga qarshi jangari guruhning boshqaruv kursisiga oʻtira boshlagani kundek ravshan edi. Oʻsha payt bir kishining bunday deganini eshitgandim: 

«Ogʻa, "erni oʻz buzoqlari haydaydi" (Falastin xalq masali). Shu paytgacha arab qoʻshinlariga tayanib kelib, magʻlub boʻldik. Endi kuch-quvvatmiz, qurol-aslahalarimiz zaif boʻlgani bilan birinchi marta gʻolib boʻlyapmiz. Tavba!» 

Bu gapni tinglab oʻtirgan barcha boshini silkish bilan maʻʻqullardi. Shundan keyingi kunlari ketma-ket fidoyilarning Gʻarbiy Sohil va Gʻazodagi amaliyotlari surʻʻat ila tus oldi. Onam: «Bir xil erkaklarning oʻlimi ayrim erkaklarni tiriltiradi», -  der edi. Xuddi shunga oʻxshab, Karomat mintaqasidagi fidoyiliklar koʻplab erkaklarni jonlantirib yuborgandi. Aftidan, bosqinchilarning xufyalari Gʻazodagi amaliyotlar manbasi sohildagi lagerdan boshlanadi, deb taxmin qilgan shekili, aynan bizning lagerimizda kuchliroq karantin joriy qilishdi. Bu safargi karantin qariyb bir oy davom etdi.

Bizdan oʻn metrlab naridagi shaharda hayot tabiiy holatida davom etardi. «Umar Muxtor»  koʻchasida joylashgan katta koʻchadagi «Abbos»  masjididan Peshin namoziga aytilgan azon ovozi eshtilib turardi. Bu masjidga bir qancha yosh va kattalardan iborat jamoat namozni ado qilishga kelardi. Kunlarning birida namozni ado qilib boʻlishganidan soʻng yigirma yoshlar atrofidagi bir yigit oʻrnidan turib, jamoatga yuzlandi-da, Allohga hamdu sano, Rasulullohga salovat aytib, soʻng odamlarga xitob qildi. U oʻz xitobida odamlardan bir oydan buyon kuchli karantin ostida qolgan chodirlardagi birodarlari uchun chora koʻrishni soʻradi. Masjid imomining "Qoʻlimizdan nima ham kelardi, bolam",  degan savoliga  tinchlik namoyishi qilishni tavsiya qildi. Bu fikr hammaga maʻʻqul boʻlib, odamlar takbir va tahmid aytgan hollarida tinchlik namoyishiga chiqishdi. Ayrimlar oʻsha xitob qilgan yigitni elkalariga koʻtarib olishgandi. Odamlar «Jonimiz ham, qonimiz ham Falastinga fido boʻlsin!», «Biz - hammamiz Falastinmiz!», «Hammamiz muhojirlarmiz!», «Hammamiz shu vatan farzandlarimiz!»  kabi iboralarni joʻr boʻlib aytardilar. Lagerimiz shaharning yonginasida joylashni uchun namoyishchilar tez orada Isroil harbiylari yuradigan katta koʻchaga yaqin joyga toʻplanishdi. Bosqinchi harbiylar kutilmagan vaziyatga hozir boʻlib turishardi, ammo bu vaziyatga aralashmadilar. Shundan soʻng odamlar oʻz uylariga tarqagach, erta tongda karnaydan karantin toʻxtatilgani haqidagi eʻʻlon jarnglab, hayotimiz yana tabiiy holiga qaytdi. 
***
Erta tongda maktab hovlisida saf tortib turardik, soʻng engil jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻtkazilardi. Undan keyin oʻquvchilardan biri toshdan terilgan zinaga chiqib, maʻʻruza qilardi. Soʻngra navbatma-navbat uch tomoni toshli devor bilan oʻralib, usti tsementli shift boʻlgan xonachaga sinf rahbarlarimiz boshchiligida yurib borar edik. Xona oldida oq bosh kiyim va moviy libosdagi uch-toʻrt kishi galma-galdan temir idishlarimizga sut quyib berardi. Avvaliga har birimizga bir donadan baliq yogʻini yuttirib, ketidan qaynoq sut ichtirar edi. Sutni ichgach, idishlarni qaynoq suv toʻldirilgan katta qozonga solardik. Keyin hamma oʻz sinfiga yoʻl olardi. Shu tarzda tashkilotlar tomonidan hamma maktablardagi talabalarga baliq yogʻi bilan sut ichirilardi. Sutni-ku sevib ichardik, ammo baliq yogʻini hech kim suymasdi. Oʻqituvchilar har bir oʻquvchi ichib boʻlguniga qadar kuzatib turardi. Ichmay uloqtirib yuborishga qoʻymasdilar. Albatta, baliq yogʻi juda foydali. Ammo qaynab turgan sutni ichishga nima deysiz?  Bir yaxshi tarafi, sovuqdan qotib, his qilmay qoʻygan qoʻlingiz isib qolgan sut idishni tutganida, qoʻllaringiz oʻzingizniki ekanligini seza boshlaysiz. 

Shunday kunlarning birida havo juda sovuq va boʻronli boʻlgandi. Aksar oʻquvchilar maktabga kelguniga qadar yomgʻirda ivib boʻlgandilar. Sut ichib boʻlgach, sinfimizga kirib, sovuqdan qaltirab oʻtirardik. Ustozimiz sinfga kirib, oʻqish-yozish miyamizga kirmaydigan ahvoldaligimizni koʻrdi-da, bizni kuldirib chalgʻitmoqchi boʻlib: «Bolakaylar, agar osmondan yomgʻir oʻrniga goʻsht bilan guruch yoqqanida qanday boʻlardi-a..?»  dedi. Hamma oʻquvchilar kulib yuborganidan sinf shovqin-suronga toʻlib, sovuq qotayotganimiz ham yodimizdan koʻtarildi. Betartib ravishda hamma oʻziga nima yoqishini aytardi: «Men faqat goʻshtlarni erdim», «Men hammasini erdim», «Menga undayi yoqadi», «Menga bundayi yoqadi»  vahokazo. 

Ustozimiz bir necha daqiqa oʻynab-kulib olishimizga qoʻyib berdi. Soʻng: «Bolalar, boʻldi qilinglar.. Jim boʻlinglar.. Boʻlmasam osmondan chigirtga yogʻib, hammangizni tishlab oladi. Hoy,  sen!  Sen ham, boʻldi, jim boʻlinglar. Hammangiz oʻqish kitobingizni olib, yigirmanchi darsni ochinglar! Ahmad, sen oʻqi!» -  dedi. Men yomgʻirda ivib ketgan kitobimni ochib, sovuqdan titrab oʻqiy boshladim. Ustozimiz esa yalqovlik tutayotgan oʻquvchilarga boqib, «Hoy, bolalar! Haqiqiy odam bolasi boʻlish uchun nima boʻlganda ham oʻqimoq darkor» - derdi.

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor

Mavzuga aloqador