13.02.2025 08:00

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 30-qism)


Koʻpincha Abdulhafiz biznikiga chiqardi. Mahmud akamning xonasida Abdulhafiz va boshqalar jamlanib, fikriy masalalarda suhbat qurishardi. Abdulhafiz sotsializm gʻoyalarini ilgari suradi. Marks yo Lenin yozgan kitoblardan dalillar keltirib, dialektikaga oid harakatlar masalasida tortishardi. Sovet Ittifoqining xalqimizga boʻlgan qoʻllovini aytib, huquqlarimizni himoya qilishini taъkidlardi. Sotsialistik davlatlar bizni qoʻllab-quvvatlashlariga ishonardi. Shuning uchun bu qoʻllovni fursat bilib, foydalanib qolishga chaqirardi. Mahmud akam boʻlsa, ozodligimiz borasida turli fikriy oqimlarga boʻlinib ketmasligimiz zarurligi, har bir shaxs oʻz fikriga ega boʻlishini aytib, muhimi vatan ozodligi yoʻlidagi «Fath» harakati bayrogʻi ostida birlashimiz zarur deb hisoblardi. Chunki ozodlik sari bu yoʻlga diyonatli ham, kapitalist ham, sotsialist ham, nasroniy ham, musulmon ham sigʻadi, derdi. Fikriy ixtiloflarga hojat yoʻq deya hisoblardi.

Boshqa tarafdan, Shayx Ahmad ham oʻz yoʻnalishida daъvatlarni boshlab yuborgandi. Shayxga quloq tutgan muridlar masjidga qatnab, namoz oʻqiy boshladi. Qurъon tilovat qiladigan, fiqh, siyrat va hadis kabi darsliklar qilishadigan boʻldi. Shayx Ahmad atrofiga yigitlarni yigʻib, dars oʻtardi. Shu tariqa Shayxning dars halqasi kengayib borardi.

Hasan akamning bagʻri keng. Boshqalar uchun koʻp fidoyilik qiladi. Uy-roʻzgʻor, Mahmud akamning oʻqishi kabi harajatlarni kamtarona ishi orqali oʻz zimmasiga olgan. Bu bilan oʻqishini ham tashlab qoʻymagan. Undan tashqari, oʻqishni yaxshi baholar bilan bitirgan boʻlishiga qaramay, «Sanoat» fakulьtetiga kirishga ham rozi boʻldi. Agar salgina fursat berilsa, u ham biror fan boʻyicha mutaxassis boʻla olardi. Ammo vaziyat tangligi tufayli «Sanoat» fakulьtetida qolishga majbur boʻlgandi. Chunki ham oʻqir, ham ishlab, oila boqardi.

Hasan akam savdo-sotiq ichida yurib, Shayx Ahmad bilan tanishdi. Shayx bir necha marta Hasan akamdan kerakli ehtiyojlarini xarid qilgan. Shunda Hasanning goʻzal xulqi, odobini koʻrib, unga ham oʻz daъvatini etkaza boshlagan. Ilm davralariga chorlagan. Hasan akamga din yoʻli dunyoda ham, oxiratda ham najot keltiradigan yoʻl ekanligini uqtirib, yuragiga kirib borgan. Hasan akam ham namoz boshlab, masjidga qatnashga vaъda berdi. Shundan soʻng har namozga tahorat olib, masjidga qatnaydigan boʻldi. Koʻpincha shom namozidan soʻng xuftongacha uyga qaytmasdi. Nima boʻlganda ham, Hasan akamning namozga egilishi qoʻrqitadigan hol boʻlmagan. Albatta, bu - yaxshi. Hasan kap-katta yigit, ongli, uning ustiga esli-hushli. U ham Mahmud akam bilan qoʻshni Abdulhafizning tortishuvlariga qoʻshilib qolardi. Hasan akam raddiya berganda kuchli dalillar keltirar, xossatan Abdulhafizga asosli fikrlarni aytardi. Hamma Abdulhafizni ateistlikda, iymonsizlikda, kufrga ketganlikda ayblardi. Ammo Abdulhafiz mahbuslik davrida oʻzi koʻtarib yurgan fikrlarni obdon oʻrganganligi bois Hasan akam va boshqalardan bilimliroq koʻrinardi. Undan dinni afyun, odamlar giyohvand moddaga oʻrganib qolganday dinga bogʻlanib qolgan, deganday gaplar chiqardi. U dindorlarning vatan ozodligi yoʻlida xizmatlari qani, deya dindorlarga hujum qilardi. Hasan akam bu savollarga qoniqarli javob berolmasdi. Hasan akam ushbu masalada Mahmud akam bilan ham tortishib ketardi. Vatan ozodligi uchun dinga qaytish, oʻzni isloh qilish lozimligini aytsa, Mahmud akamdan kuchliroq raddiyalar olardi. Hasan Umar roziyallohu anhuga nisbat beriladigan ushbu iqtibosni dalil sifatida aytardi: «Bu ummatning oxiri xuddi avvaliday isloh boʻlmagunigacha isloh boʻlmaydi». Mahmud akam:

- Din borasida hech qanday shubha yoʻq. Unga eъtiroz bildirmaymiz. Faqat, vatan ozodligi yoʻlida hech qanday fikriy va diniy ixtilof boʻlmasligi lozim, - der edi. Hasan akam bunga javob topolmay, jimib qolardi. Mahmud akam Hasanga savol berishni boshlardi:

- Xalqimiz orasida nasroniylar farzandlari ham bor. Ular haqida nima deya olasan? Vatan ozodligida ularning oʻrni qanday boʻladi? Agar ozodlik sari kurash eъlon qilsak, ularga qanday murojaat qilasan?

Hasan akam ertasi kuni masjiddan qaytayotib, oʻzi bilan bir necha kitoblar olib keldi. Kitoblarning birida sotsializm qoralanib, botilligi isbotlangandi. Ikkinchisi Islomda iqtisod va siyosat nizomlari haqida. Uchinchisi aqida masalalariga oid kitob. Qolganlari ham qandaydir kitoblar. Oʻsha kitoblarni mutolaa qilib, kechagi javob berolmagan savollarga javob izlardi. Mahmud akam Hasanning oʻsib borayotganini aytib, izoh bildirib turar, baъzan birga oʻtirib, masjidga qatnashi, faoliyatlari haqida soʻrab turardi. Gaplarini tinglab, qoʻshilib qolayotgan odamlaridan uzoqroq boʻlishni maslahat berardi. Hasanni qaytarar ekan, onamni ham mavzuga aralashtirib, Hasan akamni oʻsha jamoalarga qoʻshilib qolmasligi kerakligini aytardi.

«Ixvonchi» degan gapni koʻp eshitadigan boʻlib qolgandik. Mahmud akam onamga: «Oʻsha masjidda dars beradigan, atrofiga odamlarni toʻplagan shayx Ahmad deganlari ixvonchi boʻladi», derdi. Bu gaplardan onam tashvishga tushib qoldi. Chunki «Ixvonchilar» (Musulmon birodarlar jamoasi) arab qavmchiligini tan olishmaydi, Jamol Abdunnosirga qarshi boʻlishgan, hatto uni oʻldirmoqchi boʻlishgan. Butun davlat tizimlari ularga qarshi, ularni yomon koʻrishadi, taъqib qilishadi, degan mish-mishlar yurardi. Hasan akam ham shu oqimga qoʻshilib qolsa, shubhasiz, oʻzini xatarga qoʻygan boʻlardi.

Onam Hasanni chaqirib, oldiga oʻtqazvolar va Mahmud akamdan eshitgan ixvonchilar haqida maъlumot olishga harakat qilardi. Hasan akam ixvonchi boʻlib qolganini qatъiy rad qilardi. Borayotgan majlislarida biror kim ixvonchilar haqida soʻz ochmaganligini aytib, bor-yoʻgʻi ibodat, va Qurъon hamda hadis ilmlaridan taъlim olinayotganini bildirardi:

- Faqat ibodat va diniy taъlim olamiz. Boshqa jamoalar haqida biror kim soʻz ochmaydi. Quroъon oʻrgansam, dinimizni oʻrgansam shu xatomi, onajon?!

- Yoʻq, bolam! Ehtiyot boʻl, deyman-da... Boshogʻriq ishlarga aralashib qolmagin tagʻin...

- Boshogʻriqli ishlardan uzoq yuraman-ku, bilasiz. Boshingizni uqalab qoʻyaymi? Boshogʻriqli ish qilmasam ham, tekinga uqalab qoʻyaman, mayli.

Shunday qilib, onamni kuldirib, rozi qilib chiqarardi. Mana shunday - Mahmud bilan Hasanni yoki Mahmud bilan onamni yoki onam bilan Hasanning suhbatlarini koʻp tinglaganman. Menga Mahmud akamning gaplari toʻgʻriroqdek tuyulardi. Lekin Hasan akamning oliyjanobligi baribir fikrlariga ham rom etardi insonni. Qandaydir oddiyligi sababmi, odamni xotirjam qilardi. Shu sababdan Hasan akam bilan masjidlarga birga borishdan choʻchimasdim. Oʻsha paytlari goh namoz oʻqib, goh oʻqimay yurardim. U bilan masjidga qatnay boshladim, shomdan xuftongacha boʻladigan dars majlisida ishtirok etdim. Darsni Shayx Ahmad berardi. «Zumar» va «Muddasir» suralarining tafsir darsiga qatnashdim.

Shayx Ahmad oʻta taъsirli gapirardi. Qiyomatning dahshatlari haqida, oxirat azoblari haqida, jannat neъmatlari haqida, Rasululloh alayhissalomning Parvardigordan buyruqlarni qanday olganlari va daъvat bayrogʻini qanday koʻtarganlari haqida juda goʻzal soʻzlardi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador