03.01.2025 17:34

Tarixda bugun: 1919 yildagi Faysal-Vayzman kelishuvi

 

 

Faysal-Vayzman bitimi Falastindagi arab va sionist intilishlarini uygʻunlashtirish yoʻlidagi dastlabki urinish edi. 1919 yilda Parij tinchlik anjumanida imzolangan bu hujjat mintaqaga uzoq muddatli taʻʻsir koʻrsatib, falastinliklarning majburan koʻchirilishi hamda bugungi kungacha davom etayotgan oʻnlab yillik mojaro va bosqinchilikka yoʻl ochdi.

Voqea aslida qanday boshlangan?

Falastin masalasining ildizlari haqida soʻz borganda, koʻpchilik 1948 yildagi yuz minglab falastinliklar oʻz vatanlaridan majburan koʻchirilgan Nakba ("Fojia") hodisasiga eʻʻtibor qaratadi. Boshqalar 1917 yildagi mashhur Balfur deklaratsiyasini tarixiy Falastinda sionist davlat barpo etish uchun zamin yaratgan muhim nuqta sifatida taʻʻkidlaydilar. Biroq mashʻʻum deklaratsiya qabul qilinganidan ikki yil oʻtgach, koʻpchilikka unchalik maʻʻlum boʻlmagan, ammo juda ahamiyatli voqea yuz berdi: 1919 yilda mintaqa uchun chuqur oqibatlarga olib keladigan arab va sionist intilishlarini murosaga keltirish maqsadida Faysal-Vayzman bitimi imzolandi. 

1919 yil 3 yanvarda Parij tinchlik anjumani paytida imzolangan shartnoma qisqa umr koʻrgan Hijoz qirolligi shahzodasi Faysal (Makkalik Sharif Husaynning oʻgʻli va arab millatchilik harakatining taniqli rahbari) hamda Jahon sionistik tashkiloti raisi Xaim Vaysman oʻrtasidagi kelishuv edi. Faysal Britaniya Birinchi jahon urushida arablarning Usmoniylardan mustaqillikni qoʻlga kiritish haqidagi vaʻʻdalarini bajarishi sharti bilan Balfur deklaratsiyasining amalga oshirilishi va Falastinda yahudiy vatanining tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlashga rozi boʻldi. 

Bitim arablar va yahudiylar oʻrtasidagi hamkorlikni, Falastinda tinch-totuv yashashni va mintaqada keng qamrovli iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutgan. 

Kelishuvni tomonlar "arablar va yahudiy xalqi oʻrtasida mavjud boʻlgan irqiy qarindoshlik va qadimiy aloqalarni esda tutgan holda, ularning tabiiy intilishlarini roʻyobga chiqarishning eng ishonchli yoʻli Arab davlati va Falastinni rivojlantirishda iloji boricha yaqin hamkorlik qilish ekanligini anglagan holda" imzolashdi. 

Biroq uning asosidagi gʻoya – arab millatchiligi va sionizm intilishlari uygʻun tarzda yashashi mumkinligi – butkul xato edi. Arab etakchilari sionistlarning hududiy daʻʻvolari koʻlamidan deyarli bexabar edilar, sionist rahbarlar esa bitimni Falastinda mustahkam oʻrnashib olish uchun strategik imkoniyat sifatida koʻrdilar va buni Tavrot huquqi deb oqladilar. 

Bu niyat bitim matnida ham yaqqol koʻrinadi: "Yahudiylarning Falastinga keng koʻlamda koʻchib kelishini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun barcha zarur choralar koʻrilib, iloji boricha tezroq yahudiy muhojirlarini zich joylashtirish lozim". 

Keyin nima boʻldi? 

Faysal-Vayzman bitimi qisqa va moʻrt kelishuv boʻlib chiqdi. Gʻarb mustamlakachi davlatlari – Britaniya va Frantsiya arab etakchilariga bergan urush davridagi vaʻʻdalaridan voz kechdilar va buning oʻrniga 1916 yilgi Sayks-Piko bitimi asosida Yaqin Sharqni boʻlib oldilar. Falastin Britaniya Millatlar Ligasi mandatiga, Suriya va Livan esa Frantsiya nazoratiga oʻtdi. Arab millatchilari harakatlari bostirildi, Falastindagi arab va yahudiy jamoalari oʻrtasidagi ziddiyatlar keskinlashdi, mahalliy aholiga qarshi qirgʻinlar va terror harakatlari oʻnlab yillar davomida mojaro urugʻini sochdi. 

Ushbu bitim va uning barbod boʻlishi oqibatlari juda katta edi va shundayligicha qolmoqda. Falastinliklar uchun bu ularning davlatchilik orzulariga qaratilgan xiyonat edi. "Haaretz" gazetasida keyingi voqealar achchiq istehzo bilan tilga olinadi: "Faysal Parij anjumanini ogʻir xiyonat tuygʻusi bilan tark etdi. Uning oʻzi Usmoniy hukmdorlarga qarshi inglizlar bilan yonma-yon jang qilib, xiyonatga qoʻl urdi, ammo urushdan keyin inglizlar unga xiyonat qildi. Keyin oʻzini oqlashga harakat qildi..." 

Faysal oʻsha yilning iyulʻ oyida Suriya Milliy Kongressi safiga qoʻshildi. Kongress Frantsiyaning Suriya ustidan mandatini rad etib, Falastinni Suriyaning ajralmas qismi deb eʻʻlon qildi hamda yahudiylarning Falastinga koʻchib kelishiga qarshi chiqdi.

Biroq endi juda kech edi. Oʻsha yili frantsuzlar Faysalni zoʻrlik bilan Suriyadan haydab chiqardi va uch yildan soʻng Britaniyaga Falastinda Balfur deklaratsiyasini amalga oshirish uchun [Millatlar Ligasi] mandati berildi. Buning evaziga inglizlar Faysalni Iroqqa, uning ukasi Abdullani esa Iordaniyaga qirol etib tayinladilar, Hijoz esa Saudiya Arabistoni tarkibiga kirdi. 

Britaniyaning ikkiyuzlamachiligi va sionist koʻchmanchi-mustamlakachiligi bilan yoʻgʻrilgan arab millatchilik gʻoyalarining muvaffaqiyatsizligi bir qator urushlar va qoʻzgʻolonlarga, jumladan, XX asrda arab-isroil urushlariga sabab boʻldi. Bugungi kunda uning oqibatlari bosqinchi davlatning Gʻazodagi davom etayotgan genotsidida, Livan suverenitetining buzilishida, erlarni tortib olish va kengayish siyosatida, yaqinda esa muxolifat kuchlari tomonidan hukumat agʻdarilganidan soʻng Suriyada namoyon boʻlmoqda. Bundan tashqari, Isroil va bir qancha arab davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish kelishuvlari hududlarni qoʻshib olish, aholini koʻchirish va zoʻravonlik toʻlqinini toʻxtatish hamda falastinliklarning fuqarosizlik holatini bartaraf etish uchun deyarli hech qanday natija bermadi.

Mavzuga aloqador