Zelenskiy: "Qrim - bu Ukraina"
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim maqomini muhokama qilish ehtimolini qatъiyan rad etdi va yarimorol Ukrainaga tegishli ekanini taъkidladi.
“Bu — bizning hududimiz, Ukraina xalqining erlari. Bu borada gaplashishga oʻrin yoʻq — bu masala bizning Konstitutsiyamiz doirasidan tashqarida”, dedi Zelenskiy Londonda AQSh va Evropa Ittifoqi vakillari bilan muzokaralar boshlanishi oldidan oʻtkazilgan brifingda.
Davlat rahbari shuningdek, Qrim va boshqa bosib olingan hududlar toʻgʻrisidagi har qanday muzokaralar urushni faqat choʻzib yuborishini urgʻuladi.
Bungacha, The Washington Post gazetasi Londonda oʻtkaziladigan muzokaralarda AQSh delegatsiyasi Ukraina tomoniga Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olish va front chizigʻini muzlatib qoʻyish boʻyicha taklif taqdim etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Zelenskiy, shuningdek, Zaporojьe atom elektr stantsiyasi (AES) ustidan nazoratni AQShga oʻtkazish haqidagi xabarlar yuzasidan ham izoh berdi. Uning soʻzlariga koʻra, stantsiya faqat Ukraina boshqaruvida qolishi kerak.
“Agar AQSh bilan hamkorlikda Zaporojьe AESni qayta tiklasak va elektr energiyasidan birgalikda daromad olsak — bu tabiiy va maqbul holat. Ammo AQSh Ukrainasiz stantsiyada ishlay olmaydi”, dedi Zelenskiy.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasida tez orada kelishuvga erishilishiga umid bildirgan edi.