10.04.2025 07:12
233

Xitoy AQSh mahsulotlariga bojlarni 84 foizgacha oshirdi

Xitoy hukumati AQShdan import qilinadigan barcha tovarlarga bojlarni 84 foizgacha oshirdi. Bu chora AQShning Xitoy mahsulotlariga tariflarni 104 foizgacha oshirish qaroriga javoban qabul qilindi, deya xabar bermoqda Xinhua agentligi.


Xitoy Davlat Kengashi huzuridagi Bojxona tarif komissiyasi maъlumotiga koʻra, yangi tariflar bugundan kuchga kiradi. Pekin, shuningdek, AQShning yana 12 kompaniyasiga eksport nazorati joriy etdi va olti kompaniyani “ishonchsiz subъektlar” roʻyxatiga qoʻshdi.


Manbaning xabar berishicha, Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQShni bir tomonlama bojlarni bekor qilishga va kelishmovchiliklarni oʻzaro hurmat asosida hal etishga chaqirgan.


Biroq, bu chaqiriq Oq Uy tomonini battar jazavaga keltirdi. Reuters agentligi soʻngi xabarida Tramp Xitoyga qoʻyilgan tarif stavkasini zudlik bilan 125 foizgacha oshirishni va boshqa mamlakatlarga nisbatan choralar uchun 90 kunlik tanaffus berishni rasman tasdiqlaganini maъlum qildi. 


Eslatib oʻtamiz, mart oyida Tramp Xitoy mahsulotlariga 20 foizlik bojlar joriy qilgan, aprel oyida esa 34 foizlik qoʻshimchalar kiritdi. Xitoy ham oʻz navbatida shunga oʻxshash choralar koʻrdi. Pekin tariflarni bekor qilishdan bosh tortgach, AQSh bojlarni 104 foizgacha oshirdi. Xitoy esa, agar zarurat tugʻilsa, “oxirigacha kurashishga” tayyor ekanini bildirgan edi.

Mavzuga aloqador