09.04.2025 06:35
211

AQSh Xitoy tovarlariga boj stavkalarini 104% gacha oshirdi

AQSh hukumati Xitoydan import qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan boj stavkalarini 104 foizgacha oshirgani maъlum qilindi. Bu haqda Oq uyning matbuot kotibi Karolin Levitt xabar berdi.  


Yangi tariflar bugundan rasman kuchga kirgan. 


Tahlilchilar mazkur qaror AQSh va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushining real tasdigʻi deya baholamoqda. Avvalroq, Tramp agar Xitoy AQSh tovarlariga qoʻygan 34 foizlik javob bojlarini bekor qilmasa, qoʻshimcha 50 foizlik tariflar joriy etilishini aytgan edi.  


Oq uyning matbuot kotibi aytishicha, Tramp Xitoy bilan kelishuvga erishishga tayyor, ammo Pekin hozircha bunday tashabbus koʻrsatmagan. Agar Xitoy muzokaralarga kirishsa, AQSh “gʻayritabiiy saxiylik” koʻrsatishi mumkin, deb taъkidlangan.  


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa, “AQShning bojlar orqali bosim oʻtkazish siyosati mutlaqo notoʻgʻri va biz bunga qattiq qarshilik koʻrsatamiz”, deb xabar qildi.  


Ekspertlarning fikricha, AQSh-Xitoy savdo urushining kuchayishi global iqtisodiyotga salbiy taъsir koʻrsatishi mumkin, chunki bu narxlarning oshishiga va zanjirli reaktsiyalarga olib keladi.

Mavzuga aloqador