19.12.2024 17:51

Uygʻurlarning qonli koʻz yoshlari evaziga oʻsayotgan Xitoy brendlari




Bugun biz ustimizga kiyib yurgan Xitoy liboslarini ishlab chiqarish qanchaga tushganini bilasizmi? Shu tufayli, qanchadan-qancha bolalar onasiz qolgan, qancha erkaklar quldek ishlatilgan, qancha ayollar xoʻrlik va tahqirlarni boshidan kechirgan? Biz kiygan har beshinchi paxtalik kiyim nisbatan mana shunday ogʻir sharoitlarda, zulm ostida ishlab chiqarilishini bilarmidingiz?! 

"Made in China" – biz bozor yoki doʻkonlarni aylanar ekanmiz, ushbu yorliqqa juda koʻp duch kelamiz. Lekin ushbu yorliq osilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun son-sanoqsiz uygʻur bolalari tinim bilmasligi, ularning ota-onalariga bosim oʻtkazilib, qiynoqqa solinishidan xabarimiz bormi? Hatto Xitoyda jurnalist sifatida ushbu haqiqatlarni ochiq aytadigan boʻlsak, qamalishimiz ham tayin. Misol uchun, Gonkongda ijtimoiy erkinliklarning cheklanishi va mintaqa avtonomiyasining tugatilishiga qarshi namoyishlar paytida koʻplab faollar hibsga olingani ayni haqiqat. Ularga yangi xavfsizlik qonunlari boʻyicha ayblovlar qoʻyilgan. Ushbu hududning Xitoy bilan birligini buzgan har bir kishi umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Biroq Xitoyning 2017 yildan beri uygʻur turklariga nisbatan olib borayotgan genotsid siyosati amalga oshirgan barcha jinoyatlaridan oshib tushadi. Maʻʻlumotlarga koʻra, hozirda 1,8 million sharqiy turkistonlik ularni madaniy va diniy oʻzligidan mahrum qilish uchun moʻljallangan qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanmoqda. Hibsdagilar Xitoy Kommunistik partiyasiga sodiqlik vaʻʻdasini berishga, Islomdan voz kechishga va mandarin tilini oʻrganishga majburlanyapti. Bunday joylarda ayollarning jinsiy zoʻravonlikka uchrashi ham oddiy holatga aylangan. Bu misollar qanchalik ogʻriqli boʻlmasin, Xitoy hukumati mavjud vaziyatni boshqacha koʻrsatib, oʻzining zulm siyosatini yashirishga urinmoqda. 

Bugun biz ushbu zulm siyosatining "mevasi" boʻlgan Xitoy brendlari – SHEIN va TEMU'ning qanday qilib kengaygani va hayotimizning bir qismiga aylangani, shu bilan birga inson huquqlarining poymol etilishiga aloqadorligi haqida gapirib bermoqchimiz. 

Eʻʻtirof etish kerak,1970 yillardan beri Xitoy ulkan iqtisodiy oʻsishni boshdan kechirdi. Oʻz vaqtida bu yuksalish "iqtisodiy moʻʻʻjiza" deb ham ataladi. Millionlab odamlar qashshoqlikdan qutuldi, biroq Xitoyning global iqtisodiyotga kirib borishi milliy ozchilikning ekspluatatsiya qilinishi bilan birga kechdi. Ekspluatatsiya jarayoni kuchaygani sari, Xitoy iqtisodiyoti ham oʻsib bordi. 

Ethical Consumer maʻʻlumotlariga koʻra, Xitoy juda tez iqtisodiy oʻsish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv natijasida dunyodagi eng katta ishlab chiqarish markaziga aylangan. Shu bilan birga ushbu ulkan ustaxona ishchilari haddan tashqari koʻp vaqt ishlash, xavfli sharoitlar va jinsiy zoʻravonlikka duch kelishadi. Har doim ham toʻlanmaydigan juda kam miqdordagi ish haqi hatto asosiy yashash xarajatlarini ham qoplay olmaydi. Bunday huquqbuzarliklarga duch kelganlar koʻpincha dardini boshqaga ayta olmaydi.  

Jumladan, yarim milliondan ortiq uygʻur ishchilari qayta tarbiyalash lagerlaridan ozod qilinganidan keyin paxta terimida ishlashga majbur boʻlishgan. Tadqiqotlarga koʻra, bugungi kunda uygʻurlar dunyodagi paxtaning 20% ​​ni ishlab chiqaradi. Bu esa dunyo miqyosida ishlab chiqarilgan har beshinchi kiyimdan biri majburiy mehnat samarasi ekanini anglash mumkin. Minglab uygʻurlar Xitoy fabrikalarida kiyim-kechakdan tortib, turli texnologiya mahsulotlarigacha ishlab chiqaryapti. Bu jarayonning oxiri koʻrinmaydi. Mamlakatda ular doimiy ravishda kuzatuv ostida ushlab turiladi, oʻzlarining dinini, milliy qadriyatlarini unuttirishga qaratilgan mafkuraviy darslarga qatnashishga majbur boʻladi.

Ethical Consumer maʻʻlumotlariga nazar tashlaydigan boʻlsak, Amazon, Apple, Adidas, Nike va H&M singari mashhur kompaniyalar ham oʻzining taʻʻminot zanjirlarida uygʻurlarning majburiy mehnatiga aloqasi borligi aniqlangan sakson uchta kompaniyalar qatoriga kiradi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga shiddat bilan kirib borayotgan SHEIN va TEMU kompaniyalari haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

Bu ikki brend oʻzining favqulodda past narxlari bilan chakana dunyo savdo bozoriga sezilarli taʻʻsir koʻrsatdi. SHEIN modaga koʻproq eʻʻtibor qaratsa, TEMU hayotni osonlashtiradigan barcha narsani sotadi. 2023 yil oktyabrʻ holatiga koʻra, TEMU Apple App Store'dagi eng yaxshi bepul ilova, SHEIN esa AQShda eng koʻp yuklab olingan ikkinchi xarid ilovasiga aylandi. Xoʻsh, qanday qilib ular bu qadar arzon mahsulotlari bilan xaridorlar eʻʻtiborini tortishdi? Qanday qilib ular har kuni mijozlariga oʻn minglab yangi mahsulotlarini tuhfa etishadi? Javobi oddiy: uygʻurlarni arzimagan pul evaziga, zimmasiga katta norma yuklab, kuchli bosim bilan hech qanday shartnomalarsiz va meʻʻyoridan ortiq vaqt ishlatish orqali. Koʻplab hisobotlar moda giganti SHEIN'ni axloqsiz biznes amaliyotlarida –ishchilarni ekspluatatsiya qilish, mualliflik huquqini buzish va atrof-muhitga zarar etkazishda ayblaydi. Bloomberg tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, SHEIN paxtasining katta qismi Sharqiy Turkistonda etishtirilib, qayta ishlanadi. Ishchilar odatda haftasiga biror kun ham dam olmasdan, kuniga oʻn toʻrt soatdan oʻn sakkiz soatgacha ishlaydi. Ish haqining nihoyatda pastligi sababli ular qattiq mehnatdan boʻyin tovlay olishmaydi. Rad etgan taqdirda ham berilgan normani bajarishga majbur etiladi. Bundan tashqari, qoʻshimcha ish vaqti, yomon ish sharoiti, ish jarayonida zaharli kimyoviy moddalardan foydalanilishi sabab ishchilar sogʻligʻiga putur etayotgani uchun hech qanday kompensatsiya toʻlanmaydi. Oʻrganishlarda uygʻurlarning kuniga oʻn sakkiz soat ishlab, atigi 0,02 dollar pul topishlari maʻʻlum boʻlgan. Ayniqsa kompaniyalarda ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan zaharli kimyoviy moddalar nafaqat atrof-muhitga, balki sharqiy turkistonliklarning salomatligiga ham jiddiy zarar etkazadi. 

TEMU ham bugungi kunda juda tez rivojlanayotgan onlayn xarid qilish platformasi sifatida AQSh qonunchilarining jiddiy tanqidlariga uchramoqda. Ularning fikricha, Xitoy elektron tijorat kompaniyasi taʻʻminot zanjirlaridagi majburiy mehnatga yoʻl qoʻyish holatlari nazoratga olinmagan. Shuningdek, TEMU AQShga joʻnatilgan tovarlarni toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatish uchun bojxona tekshiruvlaridan qochishda ayblangan. Kompaniyalar "de minimis" (ahamiyatsiz) deb nomlanuvchi huquqiy boʻshliqdan foydalanadi. Bu xitoyliklarning bojxona tekshiruvlarisiz AQShga arzon paketlarni joʻnatish imkonini beradi. Ushbu tartibga koʻra, majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan nazorat kuchlidir. Bugungi kunda turli hisobotlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan har bir mahsulot – kiyim-kechakdan tortib, texnologiyalargacha bolalar mehnati bilan bogʻliqligi haqidagi qaydlar uchrayapti.

Shuningdek, dunyoda uygʻurlarning majburiy mehnatga jalb qilinishi, ularning insoniy huquqlari buzilishi va Xitoy hukumatining repressiv siyosatiga qarshi global miqyosda turli kampaniyalar olib borilmoqda. Inson huquqlari tashkilotlari, fuqarolik jamiyati guruhlari va faollar Xitoy hukumatining uygʻur xalqiga nisbatan zulmini toʻxtatishga chaqirmoqda. Masalan, Erkin uygʻurlar harakati ijtimoiy tarmoqlar va boshqa vositalardan foydalanib, Shinjon mintaqasida uygʻular duch kelayotgan bosimni xalqaro jamoatchilikka etkazishga harakat qilmoqda. Harakat bayonotida uygʻurlarning qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirilayotgani, majburiy mehnatga tortilayotgani va madaniy zulmni boshidan kechirayotgani taʻʻkidlangan. AQSh va baʻʻzi Evropa davlatlari mamlakatda inson huquqlari buzilganligi sababli baʻʻzi Xitoy rasmiylari va kompaniyalariga sanktsiyalar kiritdi. Ular "Magnitskiy qonuni" (Amerika hududiga kirish uchun viza cheklovlari va AQSh banklaridagi moliyaviy aktivlarni blokirovka qilish) asosidagi global sanktsiyalar uygʻurlarga nisbatan zulmni toʻxtatishni maqsad qilishini aytishmoqda. Oʻz navbatida Evrokengash ham Xitoydagi majburiy mehnat masalasi boʻyicha qator qarorlar qabul qildi. Kengash uygʻurlarning huquqlari toptalishi orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Evropa bozoriga kiritmaslikni talab qildi. Shunga qaramay Xitoy bu borada biror oʻzgarishni amalga oshirmadi.

Koʻp davlatlar Xitoyning uygʻurlar va boshqa milliy ozchilikning huquqlari buzilishiga nisbatan oʻz munosabatini bildirmoqda. Albatta, AQSh boshchiligidagi Gʻarb davlatlari rasmiy Pekinning musulmonlarga nisbatan zulmidan astoydil kuyinib, tanqid qilmayotgan boʻlsa-da, oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda Xitoyga bosim oʻtkazyapti. AQSh, Evropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya va Avstraliya kabi davlatlar Xitoyni turkiy xalqlarni majburiy mehnatga jalb qilish, oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, ularga nisbatan turli qiynoqlar va madaniy assimilyatsiyadan foydalanishni toʻxtatishga chaqirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida ellik bir aʻʻzo davlat inson huquqlari buzilishini qoralovchi qoʻshma deklaratsiyasini eʻʻlon qildi va Xitoydan BMT Oliy komissari hisobotidagi tavsiyalariga rioya qilishini soʻradi. Boshqa tomondan, Kuba kabi Xitoyning ittifoqdoshi sifatida tanilgan baʻʻzi davlatlar Xitoyni himoya qilib, bu vaziyat mamlakatning ichki ishi ekanligini, dunyoda inson huquqlari boʻyicha ikki xil standartlar boʻlmasligi kerakligini taʻʻkidlashdi. Bu kabi xalqaro reaktsiyalar uygʻurlar va boshqa ozchilik jamoalari nomidan bir oz oldinga siljishlarga olib kelgan boʻlsa-da, Xitoy siyosatida aytarli oʻzgarishlar boʻlmadi. 

Xulosa qilib aytganda, biz SHEIN va TEMU kabi Xitoy brendlari taklif qilayotgan past narxlar ortidagi ogʻir haqiqatlarni eʻʻtiborsiz qoldirmasligimiz kerak. Ushbu brendlar Xitoy lagerlarida quldek ishlatilayotgan turkiy xalqlarning mashaqqati ortidan iqtisodiy oʻsishga erishmasligi kerak. Bugungi kun voqealari dunyoning eng katta iqtisodlari – Gʻarb davlatlari va Xitoy kompaniyalari har qanday vaziyatda insonparvarlikni emas, balki oʻz manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyishini koʻrsatmoqda. Shu bois, biz isteʻʻmolchi sifatida sezgir boʻlishimiz, uygʻurlar va falastinliklarga nisbatan genotsidni qoʻllab-quvvatlayotgan kompaniyalarning mahsulotlarini imkon qadar sotib olmasligimiz zarur. Ularning yorligʻi ortida yuzlab ogʻriqli hikoyalar va musulmonlarning zulm ostidagi hayoti borligini esdan chiqarmaylik. Agar biz ulardan mahsulot xarid qilmasak, oʻlmaymiz, lekin sotib olsak, ular oʻlishi mumkin.