16.05.2025 16:15
117

Ukraina zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga tayyor



Ukraina zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga tayyor, faqat Rossiya ham tinchlik shartlariga amal qilishi kerak. Bu haqda Istanbuldagi tinchlik muzokaralariga tashrif buyurgan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov aytib oʻtdi.

Umerov bugun, 16 may kuni AQSh va Turkiya vakillari bilan uchrashganidan soʻng u boshchiligidagi  delegatsiya “adolatli va mustahkam tinchlikka erishish maqsadida Istanbulga kelganini” maъlum qilgan.

Vazirning soʻzlariga koʻra, Moskva aniq qadamlarni qoʻygan taqdirdagina oʻt ochishni toʻxtatishga erishish mumkin: 30 kunlik sulhga rozi boʻlish, gumanitar choralarni maъqullash, ukrainalik bolalarni ortiga qaytarish va “hamma uchun” tamoyili asosida mahbuslarni almashish shular jumlasidandir.

Istanbuldagi muzokaralar Ukraina va Rossiya vakillarining 2022 yildan buyon birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotiga aylanishi kutilmoqda. Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda.

Biroq Ukraina diplomatik manbasining Sky News’ga aytishicha , Rossiya goʻyoki AQSh va Turkiya ishtirokisiz ikki tomonlama "yakkama-yakka" uchrashuv oʻtkazishni talab qilgan. Kiev esa xalqaro vositachilikni talab qilib, ushbu taklifni rad etgan.

"Bu Moskva tinchlikni xohlamayotganidan darak beradi. Ular biror natijaga erishish uchun emas, balki muzokaralarni choʻzish uchun kelishgan", degan manba.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya etakchisi Vladimir Putin bilan “kelishilgan vaqtda” uchrashishga tayyorligini bildirdi. Biroq u BAAdagi dasturidan soʻng darhol Vashingtonga qaytishini aytib, Istanbul muzokaralarida ishtirok etishdan bosh tortdi. Uning oʻrniga AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Turkiyaga keldi.

Mavzuga aloqador