Turkiya Saudiyaning havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirmoqda
Frantsiyaning Intelligence Online razvedka jurnali xabar berishicha, Turkiyaning Aselsan kompaniyasi Saudiya Arabistonining ulkan NEOM loyihasi uchun havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Bu loyiha “Vision 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror evropalik raketa ishlab chiqaruvchi MBDA kompaniyasi takliflarini rad etish va uning oʻrniga Turkiya tomonidan taklif qilingan yanada maqbul tizimni tanlashni anglatadi, deyiladi xabarda.
Saudiya Arabistoni HHM loyihasining asosi sifatida Turkiyaning “Poʻlat gumbaz” (Çelik Kubbe) tizimi koʻrilmoqda. Bu loyiha 2024 yil avgust oyida rasmiy ravishda ishga tushirilgan.
Mazkur tizim isroilning “Temir gumbaz”idan farqli ravishda, koʻp darajali mudofaa tizimi sifatida loyihalashtirilgan. Agar Isroil tizimi oʻrta masofadagi tahdidlarni bartaraf etishga moʻljallangan boʻlsa, Turkiyaning “Poʻlat gumbazi” yanada keng qamrovli va ilgʻor texnologiyalarni oʻz ichiga oladi.