01.08.2024 16:06
1043

Tahlil - HAMAS etakchisining oʻldirilishi mintaqa uchun nimani anglatadi?

 

Falastinning HAMAS harakati etakchisi Ismoil Haniyaning oʻldirilishi mintaqa uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Eron va ittifoqchilari Isroilga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri urushga kirishadimi?

***

2023 yil 7 oktyabrʻ voqealaridan buyon Gʻazo sektoridagi urushning butun Yaqin Sharq mintaqasiga tarqalish xavfi atrofida koʻplab sharhlar va mish-mishlar paydo boʻldi.

Biroq 27 iyulʻ kuni Golan tepaliklaridagi Majdal Shams shahrida sodir boʻlgan voqea Gʻazodagi urush yangi bosqichga oʻtganidan dalolat beradi.

Isroil bu voqeadan foydalanib, Hizbullohning etakchi qoʻmondoni Fuad Shukrni (Hoji Muhsin) oʻldirish uchun Bayrutga havo hujumi uyushtirgani va oradan 12 soat oʻtib Eron poytaxtida Eron prezidenti Masud Pezeshkiyanning qasamyod marosimida qatnashgan Ismoil Haniyani Tehronda oʻldirgani mintaqada urush olovining yanada tarqalishiga boʻlgan ishonchni oshiradi.

27 iyulʻ kuni druzlarning Golan tepaliklari shimolidagi Majdal Shams shahriga raketa kelib tushdi. Snaryad sunʻʻiy qoplamali futbol maydoniga tushdi. Hodisada 12 kishi, jumladan, bolalar halok boʻlgan. Isroil voqeada Livan Hizbulloh harakatini aybladi.

Hodisa atrofidagi tashviqot kampaniyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Isroil hujumni Gʻazodagi urushni "mintaqaviylashtirish" uchun asosiy vositaga aylantirdi.

Hizbullohga qarshi keng koʻlamli hujum boshlash niyati haqidagi bayonotlariga qaramay, Isroil guruh bilan kurashishning iloji yoʻqligini tan oladi. Chunki u bugungi kunda 2006 yilgi urush davridagidan ancha kuchli. Bundan kelib chiqib, Isroil quruqlikdagi operatsiya oʻrniga Bayrutga havo hujumi uyushtirishga qaror qildi. U vaziyatni yanada murakkablashtirish maqsadida darhol Tehronda xuddi shunday hujum uyushtirdi.

Ushbu hujumlarni amalga oshirish qarori uchta maqsad atrofida tuzilgan deb taʻʻkidlash mumkin.

Birinchidan, Isroil oʻzini nodavlat aktyordan muntazam armiyaga aylantirgan Hizbulloh bilan yolgʻiz oʻzi toʻqnash kelmaslik hamda Hizbullohning javob zarbalari ortidan AQSh va boshqa ittifoqchilarni jalb qilishni niyat qilgan koʻrinadi. Isroil juda yaxshi biladiki, agar Hizbullohga qarshi yakka oʻzi kurashishi kerak boʻlsa, hatto Livanda katta vayronagarchiliklarga sabab boʻlganidan keyin ham, oʻz mavjudligi uchun jiddiy muammolarga duch keladi va bunga qarshi turish juda qiyin boʻladi.

Isroil Hizbulloh ustidan gʻalaba qozonishiga ishonchi komil boʻlganida edi, allaqachon quruqlikdagi operatsiyani boshlagan boʻlardi. Ammo hozirgi vaziyat Isroil Hizbullohning kuchidan qoʻrqishi, bu "muammo"ni ittifoqchilar ishtirokidagi kengaytirilgan urush orqali hal qilishi mumkinligiga ishonishidan darak beradi.

Ikkinchidan, Isroil bu qotilliklarni hozirgi vaziyatdan chiqish yoʻli deb biladi, chunki Gʻazo sektorida sodir etgan barcha qirgʻinlarga qaramay, Falastin qarshilik kuchlarini sindira olmasligini tushunadi. Shu tariqa, u Gʻazodagi harbiy muvaffaqiyatsizligini kengroq mintaqaviy urush bilan yopishni yoki HAMASning quruqlikdagi kuchini qoʻmondonlik darajasida zaiflashtirish orqali zararsizlantirishni rejalashtirmoqda.

Uchinchidan, Isroil "qarshilik oʻqi"ning tabiiy oʻsishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda.

Yuqorida aytib oʻtilgan qotilliklardan keyingi voqealar rivojlanishining ehtimoliy stsenariylarini uchta nuqtada sanab oʻtish mumkin.

Birinchidan, bu jarayon kengaytirilgan urushga aylanishi mumkin. Uning toʻgʻridan-toʻgʻri mintaqaviy urushga aylanishi ehtimolini istisno qilsak ham, "yarim mintaqaviy urush" ehtimoli deyarli ostonada. Eron urushda toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etmaslikni afzal koʻrayotganiga qaramay, eronparast guruhlar, xususan, Hizbulloh va husiylar (Ansorulloh) kuchayib borayotgan mojaroda ishtirokini kuchaytiradi, desak xato boʻlmaydi. Eskalatsiya Isroilning Hayfa va Tel-Aviv atrofidagi markaziy hududlariga yoʻnaladi va bunga qarshi oʻlaroq Isroilning yaqinda sodir etilgan qotilliklar kabi, havo va dengiz operatsiyalarini kuchaytirishiga olib keladi.

Ikkinchi stsenariy – oʻrta miqyosdagi hujumlar orqali mavjud tortishuv qoidalaridan tashqariga chiqish. Aprelʻ oyida Eronning Isroilga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan uyushtirgan hujumini misol qilib keltirish mumkin.

Uchinchi stsenariy Eron va Hizbullohning eskalatsiyaning kuchayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oldingi oʻzaro munosabatlar qoidalariga amal qilishda davom etishini nazarda tutadi, bu ham juda dargumon koʻrinadi.

Shunday qilib, biz nafaqat Gʻazodagi urush sharoitida, balki mintaqaviy vaziyatda ham "gʻisht qolipdan koʻchgan" degan xulosaga kelishimiz mumkin.

Biroq bu qay darajada va qancha vaqt ichida sodir boʻlishini tomonlarning voqealarga munosabatini oldindan aytish qiyin boʻladi.

Doktor Talha Ismoil Duman, Turkiyaning Sakarya universiteti Yaqin Sharq instituti ilmiy xodimi. Yaqin Sharq va Livandagi islomiy harakatlar haqida tadqiqot olib boradi.

Manba: “Anadolu” AA

Mavzuga aloqador