Suriyada oliy muftiy tayinlandi
Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharъ shayx Usoma ar-Rifoiyni mamlakatning yangi oliy muftiysi etib tayinladi. Yeni Şafak nashrining maъlum qilishicha, mazkur qaror Damashqda boʻlib oʻtgan musulmon ulamolarining diniy anjumani doirasida qabul qilingan.
Shuningdek, forumda 15 nafar etakchi olimdan iborat Fatvo kengashi tuzildi, deyiladi xabarda.
Shayx Usoma ar-Rifoiy 1944 yilda Damashqda tugʻilgan. U taniqli ulamo shayx Abdul al-Karim ar-Rifoiyning oʻgʻli boʻlib, Damashq universitetida tahsil olgan. 1971 yildan Damashqdagi Abdul al-Karim ar-Rifoiy masjidida imomlik qilgan.
1981 yilda Suriyada diniy guruhlarga bosim ortgani sababli Saudiya Arabistoniga hijrat qilgan. 2011 yilda Suriyadagi qoʻzgʻolonni qoʻllab-quvvatlagani uchun tazyiqqa uchragan va 2012 yilda Turkiyaga koʻchib oʻtgan. Keyinchalik Shayx Usoma ar-Rifoiy Istanbulda “Suriya Islomiy Kengashi”ni tuzib, unga rahbarlik qilgan.